20-28 fevral – “Inson huquqlari haftaligi”
Mamlakatimizda yoshlarning puxta bilim olishi, kasb-hunar egallashi, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida kamol topishi yo‘lida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Buni yurtimizda 2023 yilga – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilgani ham yaqqol tasdiqlab turibdi.
Butun dunyoda ta’lim sohasiga juda ko‘p mablag‘ sarflanadi. Ayniqsa, o‘qitish jarayonlarini soddalashtirish, o‘quvchilar bilimini oshirish va yoshlarning mavzu bo‘yicha xabardorligini chuqurlashtirishning turli zamonaviy usullarini ishlab chiqish astoydil sa’y-harakat va sarf-xarajatlarni talab etadigan dolzarb muammolar qatoriga kiradi.
Darhaqiqat, bugungi tobora globallashayotgan va tez sur’atlarda o‘zgarib borayotgan murakkab va shiddatli davrda mamlakatimiz yoshlariga bilim va kasb-hunar o‘rgatish bilan bir qatorda, farzandlarimizning ma’naviyatini yuksaltirish masalasi ham juda dolzarbdir. Bu o‘rinda, albatta, yosh avlodimizni turli tahdidlardan asrash, ular jahonda sodir bo‘layotgan jarayonlarning tub mohiyatini anglab yetishlari, ushbu voqeliklar yuzasidan xolis va mustaqil fikrga ega bo‘lishlariga erishish haqida so‘z bormoqda.
Buning uchun yoshlar ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni yanada kuchaytirishimiz lozim. Bunda, navqiron avlod vakillarini, bir tomondan, madaniyat, san’at jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ikkinchi tomondan, ularning ongiga axborot texnologiyalaridan maqsadli va oqilona foydalanish ko‘nikmalarini singdirish, uchinchi tomondan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish alohida ahamiyat kasb etadi.
Toki yoshlarimiz ilg‘or bilimlarni egallagan, o‘zligini va dunyoni tanigan, o‘z huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini hamda Vatan va xalq oldidagi muqaddas burchu majburiyatlarini yaxshi bilgan barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetsinlar. Prezidentimizning 2023 yil 7 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ko‘p jihatdan ayni shu ezgu maqsadlar ijobatiga qaratilgandir.
Qarorda, xususan:
- joriy yilning fevral oyida mamlakatimizda “Inson huquqlari” haftaligini o‘tkazish;
- ta’lim muassasalarida “Huquqiy savodxonlik oyligi” doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari”mavzusiga alohida e’tibor qaratish;
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlovlarda ayollar, bola va yoshlar huquqlari masalalari qamrab olinishinita’minlash;
- mahallalarda yoshlar ishtirokida “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida turli darajadagi ma’rifiy anjumanlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etish zarurligi ta’kidlangan.
Bu borada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi kabi hamkor vazirlik hamda tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshiriladigan aniq maqsadli vazifalar yuklangan.
Shuningdek, “El-yurt umidi” jamg‘armasiga ochiq stipendiya tanlovlari asosida xorijda bakalavriat, magistratura va doktoranturada ta’lim olish hamda malaka oshirish dasturlarining maqsadli ko‘rsatkichlarini tuzishda inson huquqlari masalalari bo‘yicha buyurtmachi vazirlik va idoralarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olish yuzasidan ko‘rsatma berilgani ham e’tiborga molikdir.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi bu bordagi yanada muhim va ko‘lamdor vazifalarni o‘zida qamragan. Bu haqda fikr yuritganda, avvalo, inson huquqlari sohasidagi ta’lim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va ushbu huquqlarga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini, shuning barobarida, inson huquqlari sohasidagi ta’lim zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda ham ulkan ahamiyat kasb etishini alohida qayd etish lozim.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi Vatanimizda sifatli ta’limga va inson huquqlariga, umuman, inson zotiga qanchalik yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy dalilidir.
Dastur mohiyati bilan tanishish asnosida, shubhasiz, har bir bandda aks etgan vazifa yurtimizda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, yoshlarni tenglik, inson huquqlariga amal qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash, inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beruvchi ta’limni tashkil etishga yo‘naltirilganiga amin bo‘lish mumkin.
Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining asosiy maqsadi — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalari va Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish, shuningdek, aholi barcha qatlamlarining inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi milliy va xalqaro standartlar to‘g‘risida xabardorligini, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishdan iborat.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda ayrim yoshlarimiz o‘zlarining huquq va erkinliklarini bilmaganlari sababli hayotda o‘z yo‘lini topish, mukammal bilim va maqbul kasb-hunar egasi bo‘lish yo‘lida muayyan qiyinchiliklarga duch kelayotganlari sir emas. Shu nuqtai nazardan, Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining o‘z vqtida, to‘liq va samarali amalga oshirilishi barcha yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarning huquqiy bilimlarini yanada boyitishda alohida o‘rin tutadi.
Hamid RAVSHANOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi mas’ul xodimi
Kuch-adolatda gazetasi 2023 yil 24 fevral 8-soni
- Qo'shildi: 24.02.2023
- Ko'rishlar: 4147
- Chop etish