Bugungi kunda davlatlar inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini bajarish bo‘yicha tavsiyalarga amal qilish borasida xalqaro huquqni himoya qiluvchi mexanizmlar bilan tobora faol hamkorlik qilmoqda. Shu bilan birga, yangidan-yangi shartnomalar kuchga kirgani sari tavsiyalarning soni va salmog‘i ham jadal ortib bormoqda.
Bu, o‘z navbatida, BMT ustav va shartnoma organlari tavsiyalari bajarilishini nazoratda ushlashni murakkab jarayonga aylantiradi. Xususan, hozirgi vaqtda O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatga qo‘shilgan.
Shu asosda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi “Inson huquqlari sohasidagi tavsiyalar bajarilishini kuzatish bo‘yicha Milliy ma’lumotlar bazasi”ni amaliyotga tatbiq etdi. Milliy ma’lumotlar bazasi BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi va BMTTD bilan hamkorlikda ishlab chiqilganini alohida ta’kidlash lozim.
Ma’lumki, BMTning inson huquqlari bo‘yicha mexanizmlari tavsiyalari ijrosi doirasida O‘zbekiston 2018 yil dekabrida Ma’ruzalarni tayyorlash va keyingi bosqichdagi ishlar bo‘yicha milliy mexanizmni ta’sis etdi. Bu borada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga muayyan vakolatlar berildi.
Shu asosda Milliy markaz yaqin xalqaro hamkorlar bilan birgalikda Tavsiyalar bajarilishini kuzatib borish milliy bazasini yaratish ustida izchil ishladi. Natijada bu borada muhim amaliy qadam qo‘yildi.
“Tavsiyalar bajarilishini kuzatib borish” iborasi nimani anglatadi? Bu – inson huquqlari sohasidagi tavsiyalarni jamlash, tartibga solish va tizimlashtirish, ijro uchun mas’ullikni taqsimlash, shuningdek, yutuq va kamchiliklarni aniqlash hamda monitoring qilish, deganidir.
Ushbu jarayon, birinchi navbatda, mas’ul davlat organlariga tavsiyalar ijrosini muvofiqlashtirish va nazorat qilish imkonini beradi. Bu jarayonda ijro hokimiyati institutlari bilan bir qatorda, parlament, sud organlari, inson huquqlarini himoya qiluvchi milliy muassasalar va fuqarolik jamiyati tashkilotlari ham ishtirok etadi.
Shuni ham qayd etish joizki, 2020 yil 13 oktyabrda Milliy ma’lumotlar bazasining BMT ustav va shartnoma organlari tavsiyalari bajarilishiga ko‘maklashish borasidagi imkoniyatlari taqdimotiga bag‘ishlangan onlayn forum bo‘lib o‘tgandi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi hamda BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikdagi "Shartnomaviy organlar salohiyatini mustahkamlash dasturi" doirasida tashkil etilgan.
Taqdimotda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Inson huquqlari sohasidagi shartnomalar masalalari departamenti Qiynoqlarga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Antti Korkeakivi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Rishard Komenda Milliy ma’lumotlar bazasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z yuritgandilar.
Hozirgi vaqtda “Inson huquqlari sohasidagi tavsiyalar bajarilishini kuzatish bo‘yicha Milliy ma’lumotlar bazasi”dan imkon qadar keng foydalanish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Chunki buning natijasida, bir tomondan, Milliy ma’lumotlar bazasining shaffofligi ortsa, ikkinchi tomondan, ayni yo‘nalishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining ham salohiyati yanada kuchayishi tayin.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 24.02.2023
- Ko'rishlar: 3703
- Chop etish