Xalq deputatlari mahalliy kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha vakolatlari kengaytirildi. Ularning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi.
Shu bilan birga, xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari o‘z vakolatlarini ro‘yobga chiqarishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibga rioya etilishini ta’minlash zarur.
“Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasida deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish tartibi belgilangan.
Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi masala tegishincha viloyat, tuman, shahar prokurorining yoki yuqori turuvchi prokurorning taqdimnomasiga binoan xalq deputatlari kengashi tomonidan o‘n kun ichida hal etiladi.
Deputatni jinoiy javobgarlikka tortishga, ushlab turishga, qamoqqa olishga yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoni qo‘llashga rozilik olish to‘g‘risidagi prokuror taqdimnomasi tegishli xalq deputatlari kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Senatda “Mahalliy Kengash deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish amaliyoti” mavzusida o‘tkazilgan seminarda shu haqda gap bordi.
Xalq deputatlari mahalliy kengashlarida deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha huquqni qo‘llash amaliyotini tartibga olish, mavjud muammolar, xato va kamchiliklarni bartaraf etish, shu kabi holatlarga yo‘l qo‘yilishining oldini olishga e’tibor qaratildi.
Seminar davomida prokuratura organlari tomonidan mahalliy kengash deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish yuzasidan taqdimnoma kiritish, taqdimnomani doimiy komissiya majlisi va kengash sessiyasida muhokama qilishda qanday masalalarga e’tibor berish lozimligi hamda boshqa ayrim masalalar muhokama qilindi.
Mahalliy kengashlar deputatlarini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish jarayonida amaliyotda uchrab turgan kamchiliklarni bartaraf qilish, ushbu masalada qonun ustuvorligi va qonuniylikning ta’minlanishiga, mahalliy kengash deputatining maqomi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilinishi sifatini yanada oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 10.09.2024
- Ko'rishlar: 796
- Chop etish