Matbuot anjumani: Samarqand veb-forumi yakunlari haqida

18 avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi zalida yoshlar huquqlariga bag'ishlangan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumining yakunlari bo'yicha matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Ma'lumki, Samarqand veb-forumida «Yoshlar 2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari» rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi ishtirokchilari o'zlari qabul qilgan yakuniy Rezolyutsiyada ham O'zbekiston Respublikasining BMT Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiyasini qabul qilishga doir taklifini qo'llab-quvvatlagan. Ularning fikricha, bunday amaliy qadam yoshlarning ehtiyojlarini qanoatlantirishda muhim o'rin tutadi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ta'kidlaganidek, Samarqand forumida ishtirok etgan yoshlardan jami 26 moddadan iborat Konventsiyag loyihasiga yana 14 ta yangi modda qo'shish yuzasidan takliflar bildirilgan.

Bu takliflar ichida yoshlarning ta'lim olishi, uyushgan holda va tinch yig'ilishlar o'tkazish, favqulodda holatlar sharoitida va  qurolli mojarolar davrida himoyalanish huquqlari keltirilgan. Yoshlar, shuningdek o'z sog'lig'ini muhofaza qilish, ijtimoiy ta'minotga ega bo'lish, mehnat qilish, fikrlash hamda vijdon erkinligi borasidagi huquqlari to'la ta'minlanishini ham xohlashmoqda.

Bunday takliflar O'zbekistonning barcha hududlaridagi yoshlardan ham kelib tushmoqda. Bundan tashqari, fikr va taklif bildirgan yoshlar Konventsiyada imkoniyati cheklangan yoshlarga alohida bo'lim ochish taklifini ham bildirishgan.

Akademik A.Saidovning fikricha, bunday bo'lim yoki normalar BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasida mavjud emas. Shu nuqtai nazardan, Samarqand forumi davomida yig'ilgan takliflar endilikda BMTning O'zbekistondagi vakillari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti mutaxassislari hamda boshqa xalqaro ekspertlar ishtirokida umumlashtiriladi.

Matbuot anjumanida BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash bo'yicha boshqarmasi mintaqaviy vakili Ashita Mittal Prezident Shavkat Mirziyoevning BMT Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiyasini qabul qilishga doir taklifi ko'plab davlatlarda va yoshlarda qiziqish uyg'otganini e'tirof etdi.

«Savolga javoban shuni aytmoqchimanki, BMTning yirik bir konventsiyasini qabul qilish qisqa vaqtda amalga oshadigan ish emas. U juda uzoq vaqt va jarayonlarni talab qiladi. Biz bunday takliflarni olqishlaymiz va u BMT Bosh kotibining yoshlar masalalariga qaratilgan strategiyasiga ham to'la mos keladi. O'ylaymanki, ushbu konventsiyaga uni tayyorlashga ketadigan uzoq vaqt davomida dunyoning barcha davlatlari yoshlari o'z takliflarini berishadi», – deya BMT vakilining so'zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

O'z navbatida, YEHHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon MakGregor Samarqand forumi — yoshlarga, ayniqsa, xotin-qizlarga nisbatan diskriminatsiyaga qarshi
kurashishda muhim muloqot maydoni bo'lganini ta'kidladi.

Elchi Jon MakGregor Samarqand rezolyutsiyasining mohiyati haqida to'xtalar ekan, mazkur hujjat tinchlik va xavfsizlikni, barqaror rivojlanish, inson huquqlarini ta'minlashda yoshlarning o'rni va faol ishtiroki dolzarb ahamiyatga egaligining yaqqol tasdig'i ekanini qayd etdi.

Ma'lumot uchun: Samarqand rezolyutsiyasida butun dunyo yoshlariga ularning jamiyat hayotida to'la, samarali va ta'sirchan ishtirokini ta'minlash uchun real imkoniyatlar beradigan strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish yuzasidan davlatlarga murojaat qilingan.

Hujjatda yoshlarning tinchlik va xavfsizlik, barqaror rivojlanish hamda inson huquqlarini ilgari surishda alohida o'rin tutishi, shuningdek navqiron insonlar qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol, mazmunli va ta'sirchan ishtirok etishi muhimligi ta'kidlangan.

Rezolyutsiyada, shuningdek xalqaro ahamiyatga ega tavsiyalar qayd etilgan. Navqiron insonlar duch keladigan aniq muammolarning yechimlari bo'yicha birgalikda ish olib borish hamda yoshlarning huquqlarini Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiya doirasida himoya qilish va rag'batlantirish masalasi shular jumlasidandir.

Bundan tashqari,  Samarqand forumi yakuniy hujjatidan davlatlarga bir qator chaqiriqlar o'rin olgan. Bir so'z bilan aytganda, "Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari" nomli Samarqand rezolyutsiyasining qabul qilinishi hozirgi zamon davlatlarining rivojlanishi bilan bog'liq barcha jarayonlarda yoshlarni yanada keng jalab etish zarurligini har tomonlama tasdiqlashga xizmat qiladi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech