Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidovning "Yangi O'zbekiston va Uchinchi Renessans" nomli maqolasi "Yangi O'zbekiston" gazetasining 2020 yil 4 sentyabr sonida e'lon qilindi.
Maqola Prezident Shavkat Mirziyoevning O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to'qqiz yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimda so'zlagan nutqidagi: "Xalqimizning ulug'vor qudrati jo'sh urgan hozirgi zamonda O'zbekistonda yangi bir uyg'onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo'ladi. Chunki bugungi O'zbekiston – kechagi O'zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas", degan fikrlari talqiniga bag'ishlangan.
Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida so'z ketganda “Yangi O'zbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo'yganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning e'tirofidir. Maqolada avvalo ana shu yutuqlar aniq dalil va raqamlar misolida tahlil etilgan.
Shu bilan birga, Sharq Renessansi va Markaziy Osiyo haqida muhim hamda qiziqarli ma'lumotlar keltirilgan. "Ta'lim va ilm-fan – mamlakat salohiyatini yuksaltirish lokomotivi", "O'zbekiston ilm-fani dunyo miqyosida raqobatbardosh bo'lishi shart" degan muhim g'oya va chaqiriqlar chuqur sharhlangan.
Haqiqatan ham, O'zbekiston yangi Renessans markaziga aylanmoqda. Muallifning e'tirof etishicha, bugungi yangicha va eng zamonaviy ta'lim muassasalarida tahsil oladigan yoshlarimiz, Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, O'zbekistonning “oltin fondi” hisoblanadi.
Bu, o'z navbatida, yoshlarimiz orasidan Xorazmiylar, Ibn Sinolar, Ulug'beklar chiqishiga barcha asoslarimiz borligidan, demakki O'zbekistonda tom ma'noda yangi Uyg'onish davrining poydevori qo'yilganidan dalolat beradi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.09.2020
- Ko'rishlar: 4438
- Chop etish