Media bu keng qamrovli tushuncha bo‘lib, uning tarkibiga matbuot, fotografiya, radio, televideniye, video, kompyuter tizimlari va internet tarmoqlari kiradi. Bugungi tezlashgan zamonda jurnalistikaning turli atributlari paydo bo‘ldi. Aynan ana shu nisbatlar jurnalistdan ham, jurnalistikadan ham misli ko‘rilmagan fikriy jasoratni talab qilmoqda. Chunki jurnalistika faqat o‘tgan asrdagi kabi faqat so‘z orqali o‘qib his qilinadigan emas, bir paytning o‘zida o‘qib, tinglab, ko‘rib tahlil qilinadigan sohaga aylandi.
Bugun media olamdagi rang-barangliklar, sun’iy intellektning paydo bo‘lgani bir qarashda boshqa soha vakillari kabi jurnalistning ham xizmatini yengillatganday ko‘rinadi. Aslida unday emas! Chunki sun’iy intellekt o‘z vaqtida tabiiy intellektning soyasidagi bir mexanizmdir, xolos.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida "YUNESKO va ixtisoslashgan media" kafedrasi tomonidan tashkil etilgan "Raqamli dunyoda mediasavodxonlik va axborot madaniyati - barqaror rivojlanishning muhim omili" mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada aynan yuqoridagi kabi savollarga javob izlandi.

— Konferensiya mavzusi haqiqiqatan ham dolzarb. Bugungi raqamli inqilob hamma narsani o‘zgartirib yuborgan. Har kuni bir necha kvintillion bayt ma’lumot yaratiladi. Biroq bu ma’lumotlarning qanchasi to‘g‘ri, “toza” yoki foydali? Buni o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Post haqiqat davrida soxta yangiliklar to‘fonida qanday qilib muvozanatni saqlashimiz mumkin? Faqatgina mediata’lim orqali. Mediasavodxonlik – bu zamonaviy dunyoning eng asosiy ko‘nikmasi. Mediasavodxonlik – bu nafaqat faktlarni tekshirish, balki tanqidiy fikrlash, ma’lumotlar ummonida suzish qobiliyati, hatto psixologik himoya qalqoni. Chunki soxta axborot nafaqat aqlimizga, balki qalb va tuyg‘ularmizga ham hujum qiladi, – deya ta’kidladi O‘zJOKU rektori Siyosiy fanlar doktori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja.

Konferensiyada O‘zJOKU prorektori Nozima Muratova o‘z kirish so‘zida bugun jurnalistika oldida qator vazifalar turganligini, ulardan biri va asosiysi har bir insonning mediasavodxonligini oshirish, tahliliy va tanqidiy fikrlash qobiliyatini shakllantirish ekanligini ta’kidladi.
Anjumanda Germaniya, Slovakiya, Ukraina va Qozog‘iston respublkasidan olimlar vamutaxassislar ishtirok etdi.

– Zo‘ravonlik ekstemizmiga qarshi narrativlar va dezinformatsiyaga qarshi kurash haqida gapirilar ekan, diniy mavzular eng nozik jihat ekanligi anglashiladi. Bu borada auditoriyada diniy bilim va maromiylik shakllanmaganligi, diniy mavzudagi sifatli kontent ham keskin heytga uchrashi jurnalist va blogerlarni qo‘rqitib qo‘yganligi, diniy mavzudagi tekshirilmagan axborot bilan auditoriya to‘plash mumkinligi anglashiladi. Biz qozog‘istonilk o‘rtoqlar bilan dezinformatsiyani o‘rgandik va bu jarayonda jurnalistlar bilan diniy doiradagilar o‘rtasida ko‘prik yo‘qligi aniqlandi – deydi O‘zRFA Arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi Eldor Asanov.
Konferensiya ishida Maarit Yaakkola (Shvetsiya) “Jurnalistika o‘qituvchilarining sun’iy intellektni o‘qitishga tayyorgarligi”, Sergey Shturxetskiy (Ukraina) “Sun’iy intellekt davrida keksa avlodning media savodxonligi”, Gulnora Asanbayeva (Qozog‘iston) “Markaziy Osiyo mamlakatlarida qaysi OAV ga ishonch bilan qaraladi?” (Internews tomonidan Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistonda o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra), Zarifa Tojiyeva “Mediasavodxonlikning mediaxayp ta’sirlarini oldini olish” mavzularidagi muhim chiqishlari bilan bugungi kun muammolariga e’tiborni qaratdilar.
Jurnalistika sohasida mediasavodxonlik, uning g‘oyaviy omillari, bu borada jamiyatni qamrab olayotgan xavf-xatar haqida bot-bot gapiriladi. Biroq bu boradagi chiqishlar, konferensiyalar bu tahdidning qay darajada oldini oladi? Bugungi ilmiy konferensiyaning amaliy fazilatlarining namoyon bo‘lishi esa ertangi kun hukmida ekanligi ayon haqiqatdir. “Axboriy kurash sharoitida esa eng yaxshi qurol bu mediasavodxonlikdir, -deydi ma’ruzachilardan biri Sanobar Jumanova va u mediata’limning “o‘zbek modeli”ga xos bo‘lgan quyidagi prinsiplarini keltiradi:
• Mediata’lim oiladan boshlanadi.
• Axborotdan himoyalanish emas, axborotga ochiq bo‘lish afzal.
• Mediata’lim tarbiya bilan birgalikda olib boriladi.
• “Fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi
ma’rifat” bilan kurashiladi.
• Mediasavodxonlik, tanqidiy tafakkur media, OAV bilan
hamkorlikda shakllantiriladi.
• Mediata’limni milliy didaktik asoslarga tayanib o‘rgatish
samarador.
• Axboriy va raqamli ijodkorlik – asosiy natija”.
Darhaqiqat, smart media rivoji, OAV faoliyatiga sun’iy intellektning joriy etilishi tufayli bugungi kunda mediata’lim faqat gumanitar fan doirasiga taalluqli bo‘lmay qoldi. Ayni davrda mediata’limni o‘qitishning an’anaviy usullari o‘zini oqlamay qo‘ydi, zamonaviy axboriy buzilishlarni aniqlashda raqamli savodxonlik zarurligi mediata’limning ijtimoiy, huquqiy, axborot texnologik xususiyatlarini yanada oshirib yubordi.
Manbalar “Media so‘zi ingliz tilidagi “Mediator” so‘zidan olingan bo‘lib, aloqa vositalari, axborot uzatish vositalari va mediadan foydalanilgan holda olib boriladigan ta’lim muhitini o‘z ichiga olgan keng qamrovli tushuncha" ekanligi haqida xabar beradi. Axborotni shunchaki vizual shakliga emas, balki uning fikriy, intellektual jihatlariga e’tiborni qaratish asosiy maslaklardan biridir. Chunki mediasavodxonlikning mohiyatidagi o‘zak masala ham uning tahliliy va tanqidiy qabul qilishga asoslanganligini tasdiqlaydi. Demak, jurnalist oldidagi muhim masala shunchaki video yoki vizual kontentning asiriga aylanib qolmay, uning fikriy va tahliliy xususiyatlariga e’tiborni qaratish muhimdir.
Nima deb nom olmasin, mediatizim hamma joyga shitob bilan kirib bo‘ldi: uy, ko‘cha, qahvaxona, kasalxona, qamoqxona... Ayni zamonda media ichidagi hayotni yashayapmiz. Bu esa bizdan bir vaqtning o‘zida mediasavodxon, mediatafakkurli va media tahlilchi bo‘lmoqni talab etadi.
Akbar Nurmatov,
O‘zJOKU
"YUNESKO va ixtisoslashgan media
kafedrasi mudiri.
Go‘zal Begim,
"YUNESKO va ixtisoslashgan media"
kafedrasi katta o‘qituvchisi.
O‘zA
- Qo'shildi: 21.05.2025
- Ko'rishlar: 145
- Chop etish