Milliy strategiya va aholi bandligi to'g'risidagi qonun

2020 yil 20 oktyabr kuni “Aholi bandligi to'g'risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu Qonunni ishlab chiqish va qabul qilish vazifasi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida belgilangan.

Shu bilan birga, mazkur Qonun asosida bandlik sohasining asosiy parametrlariga muhim ta'sir qiluvchi kompleks institutsional va iqtisodiy sharoitlar, tashkiliy va huquqiy mexanizmlarni joriy qilish va foydalanish nazarda tutilgan. Ushbu shartlar 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning ijro etilishi bilan bog'liqdir.

Bandlik masalasi davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Konstitutsiyada belgilab qo'yilganidek, har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko'rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega.

O'tgan davrda mazkur konstitutsiyaviy norma asosida qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Eng muhimi, mehnat munosabatlarini tartibga solishga xizmat qiladigan qonunchilik yildan-yilga takomillashib bormoqda.

Bu borada Prezidentimiz tomonidan joriy yil 20 oktyabrda “Aholi bandligi to'g'risida”gi qonun imzolangani muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki ushbu qonun bandlik masalasi har qachongidanda dolzarb bo'lib turgan koronavirus pandemiyasi davrida qabul qilindi.

Yangi qonunni qabul qilish zarurati haqida fikr yuritganda, 1992 yilda qabul qilingan va 1998 yilda yangi tahriri tasdiqlangan “Aholini ish bilan ta'minlash to'g'risida”gi qonun bugungi kun talablariga javob bermay qolganini alohida ta'kidlash lozim. Unda mehnat bozorining hozirgi holati aks ettirilmagan. Qolaversa, mehnat va bandlik sohasidagi mavjud muammolarni va dolzarb masalalarni hal qilishga qaratilgan normalar mavjud emasdi.

So'nggi 20 yil ichida mehnat bozorida jiddiy o'zgarishlar ro'y berdi. Xususan, ish bilan band bo'lganlar soni 1,5 baravarga, ya'ni 8,8 mln nafardan – 13,5 mln nafargacha oshdi. Ish beruvchilar soni esa 4,5 baravarga –  203,2 mingdan – 928,9 minggacha ko'paydi.

“Aholi bandligi to'g'risida”gi qonunni ishlab chiqishda 10 dan ziyod rivojlangan xorijiy davlatning sohaga oid qonunchiligi o'rganilgan. Bu borada qiyosiy tahlillar amalga oshirilgan va Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlarining fikrlariga tayanilgan.

Qonunda, shuningdek XMTning Bandlik sohasidagi siyosat to'g'risidagi konventsiyasi, Ishchi joylari haqidagi global pakti va bir qator xalqaro hujjatlarda belgilangan qoidalar inobatga olingan. Bundan tashqari, yurtimiz hududlarida ish beruvchilar, soha xodimlari va mahalliy Kengash deputatlari ishtirokida o'tkazilgan jamoatchilik muhokamalarida tushgan ayrim takliflar ham qonunda o'z aksini topdi.

Eng muhimi, “Aholi bandligi to'g'risida”gi qonun to'g'ridan-to'g'ri amaliyotda ishlaydigan qonundir. U amaldagi 3 ta qonun, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 12 ta farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining bandlik va mehnat bozorini tartibga solish, tashqi mehnat migratsiyasi bilan bog'liq masalalarga oid 40 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlarida ko'zda tutilgan huquqiy normalarni, tizimdagi so'ngi islohotlarni, yangi moliyaviy mexanizmlarni o'zida jamlagan.

Qonunda aholi bandligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari belgilab berilgan. Xususan, ishsiz shaxslarni va ish qidirayotgan shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish aholi bandligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Qonunda bir qator yangi tushunchalar alohida moddada berilgan. Jumladan, o'zini o'zi ish bilan band qilish, «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi, kasbiy malaka, bilim va ko'nikmalarni rivojlantirish milliy tizimi, malakani baholash kabi tushunchalar shular qatoriga kiradi.

Bugungi kunda o'ta dolzarb bo'lib turgan bandlik sohasidagi muammolarni hal qilishda mazkur Qonun mustahkam huquqiy asos bo'lib xizmat qiladi. Eng asosiysi, Qonun yangi ish o'rinlarini yaratish orqali fuqarolarimizni moddiy va ijtimoiy qo'llab-quvvatlashga, shu orqali ularning hayotiy farovonligiga erishish imkoniyatini beradi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech