Ma'lumki, qonun va qoidalar insonlar uchun mustahkam huquqiy himoya bo'lib, har bir insonning o'z fikrini emin-erkin ifoda qilishida, o'z haq-huquqlarini talab etishida, hammaning tengligini ta'minlab, burch va mas'uliyatlarini bajarishida bamisoli qalqon bo'lib xizmat qiladi. Konstitutsiyamizga ko'ra, barcha fuqarolar o'z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.
Shu bilan birga, barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar. Xalqaro huquqda va har bir davlatda inson huquqi va erkinliklari, shaxsning sud va tergov organlaridagi himoyasini mustahkamlashga xizmat qiladigan ko'plab tarixiy hujjatlar qabul qilingan.
Odil sudlovga oid xalqaro standartlar mustahkamlab qo'yilgan xalqaro ana shu shartnoma va bitimlar amaliyotda “Miranda qoidasi”, “Bangalor printsiplari”, “Sud`yalar mavqei to'g'risida Yevropa Xartiyasi”, “Inson huquqlari bo'yicha xalqaro bill”, “Milan qoidalari”, “Yuvenal yustitsiya”, “Karakas deklaratsiyasi”, “Pekin qoidalari”, “Ar-Riyod printsiplari”, “Bangkok deklaratsiyasi”, “Vena deklaratsiyasi”, “Insoniylik mezonlari” kabi muxtasar shakldagi nomlar bilan yuritiladi.
Bu xalqaro-huquqiy hujjatlarning barchasi inson huquqlari bo'yicha xalqaro huquqning asosini tashkil etadi va sudlar faoliyatida muhim o'rin tutadi. Xususan, AQSH jinoyat olamida o'ziga xos jinoyatlarni sodir etgan Ernest Arturo Miranda nomi bilan bog'liq “Miranda qoidasi” ham ana shunday hujjatlar qatoriga kiradi.
Shu yil 11 sentyabr kuni "Kuch - adolatda" gazetasida chop etilgan “Miranda qoidasi” talablari mamlakatimiz jinoyat-protsessual qonunchiligida qanday aks etgan?" sarlavhali maqolada ushbu hujjatga oid qiziqarli va foydali ma'lumotlar bilan tanishish mumkin. Maqola O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining katta konsultanti Akrom Aripov tomonidan yozilgan.
Muallif o'z maqolasi sarlavhasida keltirilgan savolga javob berar ekan, quyidagi 5 ta omil yuzasidan atroflicha fikr yuritgan.
Birinchidan, bu o'rinda sukut saqlash huquqi haqida to'xtalish lozim. Amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksning 23-moddasiga muvofiq, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o'zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas. Boshqacha aytganda, milliy qonunchiligimizda sukut saqlash yoki hech qanday ko'rsatma bermaslik huquqi aybsizlik prezumptsiyasi tamoyiliga asoslangan.
Sukut saqlash huquqi, ya'ni o'ziga nisbatan qo'yilgan gumon xususida hamda ishning boshqa har qanday holatlari to'g'risida ko'rsatuvlar berishdan bosh tortish huquqi Jinoyat-protsessual kodeksning 48-moddasida qat'iy kafolatlangan.
Ushbu modda talabiga ko'ra, gumon qilinuvchi zimmasiga ko'rsatuv berish, shuningdek o'zining jinoyatga aloqador emasligini yoki ishning boshqa biror holatlarini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emas.
Ikkinchidan, milliy qonunchiligimizda mustahkamlangan shaxs tomonidan aytilgan har bir so'z yoki xatti-harakat sudda unga qarshi ishlatilishi mumkinligi haqida ogohlantirilish huquqi bilan “Miranda qoidasi” mazmunan o'zaro yaqindir.
Jinoyat-protsessual kodeksning 46-moddasiga asosan, shaxs o'zining ko'rsatuvlaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o'ziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor bo'lishi va nimada ayblanayotganligini bilish huquqiga egadir. Shuningdek, mazkur moddada shaxsga o'zining aybdor emasligini yoki ishning boshqa biror holatlarini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emasligi kafolatlangan.
Kodeksning 46 va 48-moddalariga ko'ra, shaxs, ya'ni ayblanuvchi yoki gumondor o'ziga qo'yilgan ayblov yo gumon xususida hamda ishning boshqa har qanday holatlari to'g'risida ko'rsatuvlar berish yoxud ko'rsatuvlar berishdan bosh tortishga haqlidir. Shuningdek, u ko'rsatuvlaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida o'ziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor bo'lish huquqiga ega.
Uchinchidan, milliy qonunchiligimizda kafolatlangan advokatga murojaat qilish huquqi bilan “Miranda qoidasi” o'rtasida ham o'zaro o'xshashlik mavjud.
Jinoyat-protsessual kodeksning 46-moddasiga muvofiq, shaxs ushlangan yoki gumon qilinuvchi deb e'tirof etilganligi to'g'risidagi qaror unga ma'lum qilingan paytdan boshlab himoyachiga ega bo'lish hamda uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda u bilan xoli uchrashish huquqiga ega hisoblanadi.
To'rtinchidan, milliy qonunchiligimizda ushlangan yoki gumon qilinuvchi deb e'tirof etilgan shaxsga o'z advokatiga yoki yaqinlariga bir marta qo'ng'iroq qilish imkoni berilishi kafolatlangan.
Jinoyat-protsessual kodeksning 48-moddasiga muvofiq, shaxs qamoqqa olinganligi va turgan joyi to'g'risida advokatga telefon orqali qo'ng'iroq qilish yoxud xabar berish, shuningdek himoyachiga ega bo'lish huquqiga ega.
Beshinchidan, milliy qonunchiligimiz talabiga asosan, agar ushlangan yoki gumon qilinuvchi deb e'tirof etilgan shaxsning advokat yollashga imkoniyati bo'lmasa, u davlat tomonidan advokat tayinlanishi huquqidan foydalanadi.
Jinoyat-protsessual kodeksning 50-moddasiga binoan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining iltimosiga ko'ra surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud ishda himoyachining ishtirok etishini ta'minlaydi.
Shuningdek, ular bu shaxsni yuridik yordam uchun to'lovdan batamom yoki qisman ozod etishga haqlidir. Bunday hollarda advokat mehnatiga haq to'lash xarajatlari Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda davlat hisobidan qoplanadi.
Boshqacha aytganda, "Miranda qoidasi" O'zbekistonning amaldagi jinoyat-protsessual qonunchiligida to'laligicha aks etgan. Bu, o'z navbatida, jinoyat sodir etishda gumonlangan yoki ayblangan shaxsning huquq va erkinliklarini poymol qilmaslik imkonini beradi.
Shuningdek, bunday shaxslarning himoyaga bo'lgan huquqi ular ushlangan paytdan boshlab ta'minlanadi. Natijada bularning barchasi tergov-sud jarayonlaridagi protsessual harakatlarning sifat darajasi yanada oshishiga va inson huquqlarni so'zsiz ta'minlanishiga xizmat qiladi.
Shunday qilib, milliy qonunchilikda “Miranda qoidasi” mustaxkamlab qo'yilgan. Maqola muallifining fikrlariga qo'shimcha sifatida shuni ham qayd etish joizki, yaqinda rivojlangan mamlakatlarning tajribasini hisobga olgan holda, O'zbekiston Respublikasining 2020 yil 14 maydagi O'RQ-617-sonli Qonuniga muvofiq, Jinoyat-protsessual kodeks 224-moddasining matni quyidagi yangi tahrirda berildi.
Ya'ni, "Ichki ishlar organi xodimi, boshqa vakolatli shaxs ushlab turishning ushbu Kodeksning 221-moddasida ko'rsatilgan asoslaridan bittasi mavjudligini bevosita aniqlasa yoki boshqa shohidlarning so'zlaridan aniqlasa:
1) o'zini tanishtirishi va ushlab turilgan shaxsning talabiga ko'ra o'z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko'rsatishi;
2) gumon qilinuvchiga u jinoyat sodir etishda gumon qilib ushlanganligini ma'lum qilishi;
3) ushlab turilgan shaxsga advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon qilish yoki xabar berish, himoyachiga ega bo'lish, ko'rsatuvlar berishni rad etishga bo'lgan protsessual huquqlarini tushuntirishi;
4) ushlab turilgan shaxsga u bergan ko'rsatuvlardan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o'ziga qarshi foydalanilishi mumkinligini bildirishi;
5) ushlab turilgan shaxsdan yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga birga borishini talab qilishi shart.
Ushlanayotgan shaxsda qurol borligi yoki u jinoyat sodir etganligini fosh qiluvchi dalillardan qutulish niyatida ekanligini taxmin qilishga yetarli asoslar mavjud bo'lsa, ushlayotgan vakolatli shaxs uni shaxsiy tintuv yoki olib qo'yishni amalga oshirishga haqlidir. Shaxsiy tintuv o'tkazish yoki olib qo'yish to'g'risidagi bayonnoma ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan so'ng xolislar hozirligida tuzilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilishi shart.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan protsessual harakatlarni bajarishni kechiktirib bo'lmaydigan hollarda, ularni videoyozuv orqali qayd etmasdan amalga oshirishga yo'l qo'yiladi. Mazkur qoida ichki ishlar organi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ binosida amalga oshiriladigan ushlab turishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Shaxsni ushlash videoyozuv orqali qayd etilmagan holda, ichki ishlar organi xodimi yoki boshqa vakolatli shaxs ushlab turilgan shaxs yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelinganidan so'ng videoyozuvdan foydalangan holda uning protsessual huquqlarini tushuntirishi shart. Ushlab turilgan shaxsga videoyozuv uni namoyish qilish orqali tanishtiriladi.
Shaxsni yalang'ochlash bilan bog'liq shaxsiy tintuvni videoyozuv orqali qayd etish taqiqlanadi.
Ushlab turish, shaxsiy tintuv qilish yoki olib qo'yish bayonnomasiga protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilganligi haqida yozib qo'yilib, videoyozuv materiallari bayonnomaga qo'shib qo'yiladi.
Agar ushlangan shaxs ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, gumon qilinuvchining huquqlari unga tarjimon ishtirokida birinchi so'roqqa qadar tushuntirilib, bu haqda bayonnomaga yozib qo'yiladi.
Vakolatli shaxslar va fuqarolar qonunga xilof yoki asossiz ushlab turganlik yoxud ushlash vaqtida vakolatlari doirasidan chetga chiqqanlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladi". (Qarang: Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi, 15.05.2020 y., 03/20/617/0585-son).
Xulosa shuki, davlatimiz zimmasiga olgan inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomaviy majburiyatlarning bajarilishini ta'minlash, xalqaro huquqning umume'tirof etilgan normalaridan biri bo'lmish inson huquqlarini hurmat qilish printsipi ustuvorligiga erishish vazifasi – sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, umuman, barcha huquqshunoslar faoliyati bilan bevosita bog'liqdir.
Ma'lumot uchun: AQShning Arizona shtati politsiyasi ashaddiy jinoyatchi E.Mirandani 1966 yili bir necha og'ir jinoyatni sodir etganlikda gumon qilib, hibsga olgan. Unga so'roq qilinishdan oldin gumonlanuvchi sifatidagi huquqlari tushuntirilmagan. Shu bois, E.Miranda o'z huquqlarini bilmagan holda, aybiga iqrorlik ko'rsatuvlarini bergan. Bu ko'rsatuvlardan esa uning iqrorligiga isbot sifatida foydalanilgan. Buning oqibatida E.Miranda sudlangan va hukm etilgan.
Keyinchalik E.Mirandaning 73 yoshli advokati Elvin Mur tomonidan AQSH Oliy sudiga shikoyat taqdim etilgan. Natijada, E.Miranda o'z huquqlaridan xabardor qilinmaganligi sababli, sudning bu hukmi AQSH Oliy sudi tomonidan bekor qilingan. Sud qarori tufayli yuzaga kelgan mazkur yuridik norma dastlab AQSH sud amaliyotida “Miranda huquqlari” deb yuritilgan. So'ng esa xalqaro huquqda “Miranda qoidasi” nomini olgan.
“Miranda qoidasi” talabiga ko'ra, hibsga olingan shaxsga u so'roq qilinishidan oldin gumonlanuvchi sifatidagi huquqlari quyidagi mazmunda tushuntiriladi. Ya'ni: “Siz sukut saqlash huquqiga egasiz. Siz aytganlarning hammasi sudda o'zingizga qarshi foydalanilishi mumkin. So'roq jarayonida advokatingiz qatnashishi mumkin. Agar advokat xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo'lmasangiz, Siz advokat bilan davlat tomonidan ta'minlanasiz. Huquqlaringizni tushundingizmi?”
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.09.2020
- Ko'rishlar: 7710
- Chop etish