Mualliflik huquqi fuqarolik huquqining bir qismi sifatida fan, adabiyot va san’at asarlari yaratuvchilarining huquqlarini tartibga soladi hamda himoya qiladi.
Bugungi axborot asri, raqamli texnologiyalar jadal rivojlanib borayotgan bir paytda mualliflik huquqi himoyasini yanada kuchaytirish, sohaga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlarni zamon talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish davr talabidir.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 53-moddasida har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanishi, intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi, davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g‘amxo‘rlik qilishi mustahkamlab qo‘yilgan.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda mualliflik huquqini muhofaza qilish, milliy madaniyatni yanada rivojlantirish, moddiy va nomoddiy madaniy meros durdonalarini saqlash, targ‘ib etish, madaniyat hamda san’at sohasini innovatsion rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi tashkil etildi. Palata o‘z faoliyati davomida fan, adabiyot, san’at va madaniyat sohasidagi muallif, san’atkor, ijodkor va ijrochilar (huquq egalari) hamda ularning huquqiy vorislari mulkiy huquqlarini himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini respublika hamda respublikadan tashqarida ro‘yobga chiqarilishini ta’minlashga ko‘maklashib kelmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Mualliflik huquqiga oid qonunchilikni takomillashtirish va himoya qilish mexanizmlarini rivojlantirish” mavzusidagi seminarda sohadagi ishlar, Palataning faoliyati, ushbu yo‘nalishda duch kelinayotgan muammolar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur sohada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Mualliflarning badiiy ijod erkinligini ta’minlash, ularning ijod qilishlari uchun munosib huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, sohadagi muammolarni bartaraf etish, mualliflik huquqlariga oid bilimlarni tarqatish, joylarda asarlar va ijrolardan foydalanishda jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish lozimligi aytildi. Bu borada qator taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 25.04.2025
- Ko'rishlar: 176
- Chop etish