Mustaqilligimiz himoyasi yoʻlida jon fido etgan qahramonlar xotirasi qalblarimizda doimo yashaydi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Gʻalaba bogʻida jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvda bildirgan fikrlari

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar, muhtaram faxriylar, aziz yoshlar!

Avvalo, barchangizni 9-may — Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk gʻalabaning 80 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Xalqimizning “Mehr — koʻzda”, degan iborasida chuqur maʼno bor. Men sizlarning koʻpchiligingizni yaxshi taniyman, gʻoyibona kuzatib boraman. Bugun sizlar bilan mana shunday ulugʻ ayyom kunlarda diydor koʻrishib turganimdan gʻoyat xursandman.

Bizning eng katta boyligimiz — bu tinch va osoyishta hayotimiz, Vatanimiz mus­taqilligi, xalqimizning omonligidir. Bugungi kunda barcha harakat va islohotlarimiz, hamma ezgu niyatlarimiz bir ulugʻ maqsadga — davlatimiz istiqloli, el-­yurtimizning tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlashga qaratilgan. Eng katta maqsad-muddaomiz — mehnatkash, mard va olijanob xalqimizni rozi qilishdan iborat.

Hozirgi vaqtda, oʻzingiz televizorda koʻryapsiz, shu yoʻlda butun mamlakatimiz — bu Surxondaryo, Xorazm yoki Qoraqalpogʻistonda boʻladimi, Buxoro, Navoiy yoki Samarqandda boʻladimi, Jizzax, Sirdaryo yoki Toshkentda, Andijon, Namangan yoki Fargʻonada boʻladimi, hatto eng olis tuman va qishloqlarimizda ham barcha-barcha yurtdoshlarimiz bun­yodkor mehnat bilan band. Iloyim, mana shunday tinch va osoyishta hayotimizga koʻz tegmasin!

Bugungi kunda dunyo miqyosida vaziyat qanday tahlikali boʻlib borayotganini hammamiz koʻrib-bilib turibmiz. Faqat iqtisodiyotda emas, barcha-barcha sohalarda mavjud tahdid va xavf-xatarlarni hisobga olib, yoʻlimizni aniq belgilab, qanchalik qiyin boʻlmasin, faqat va faqat oldinga qarab borishni davrning oʻzi talab qilmoqda. Eng muhim va asosiy ­masala — Vatanimiz mustaqilligini mus­tahkamlab, odamlarimizni himoya qilishga, real ­himoya qilishga bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etishimiz, tanlagan yoʻlimiz toʻgʻri ekanini aniq natija va yutuqlar asosida isbotlashimiz kerak.

Hech shubhasiz, bu yoʻlda mard va matonatli xalqimizning Ikkinchi jahon urushi yillarida koʻrsatgan mislsiz jasorati, buyuk gʻalabani yaqinlashtirishga qoʻshgan beqiyos hissasi biz uchun doimo kuch-gʻayrat va faxr-iftixor manbai boʻlib xizmat qiladi.

Albatta, hammangizning xabaringiz bor, jahon tarixidagi eng dahshatli ana shu qirgʻin davrida Oʻzbekistonda yashagan 6 million 800 ming aholidan qariyb 2 million nafari frontga safarbar etilgan. Shundan 600 ming kishi jang maydonlarida halok boʻlgan, 200 ming nafar yurtdoshimiz bedarak ketgan, yana 100 ming odamning daragi hali ham topilgani yoʻq, biz ularni izlashda davom etyapmiz.

Ana shu 2 millionga yaqin jasur ota-bobolarimizning gʻalabaga qoʻshgan hissasi juda katta boʻlib, buni hech narsa bilan oʻlchab, qiyoslab boʻlmaydi. Ulardan 214 ming nafari — eʼtibor bering, 214 ming nafari — urushda koʻrsatgan ulkan jasorati uchun jangovar orden va medallarga, 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor boʻlgani, 70 nafar yurtdoshimiz uchala darajadagi “Slava” ordeni bilan taqdirlangani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Mana shu haqiqatni yoshlarimizga, oʻz oilamiz, mahallamiz va jamoamizga har kuni aytishimiz, tushuntirib borishimiz kerak. Chunki jang maydonlarida yovuz dushmanga qarshi kechayu kunduz mardona olishgan qahramon ajdodlarimizni qancha koʻp ulugʻlasak, bugungi ozod va farovon hayo­timizni shuncha koʻp qadrlagan boʻlamiz.

Biz mana shu Gʻalaba bogʻini bejiz barpo etganimiz yoʻq. Bu ulugʻvor majmua — xalqimizning fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qoʻshgan hissasini yaqqol koʻrsatib turadigan qutlugʻ maskan, ulugʻ ziyoratgohdir. Ayni vaqtda bu farzandlarimizga ajdodlarimiz jasoratidan saboq beradigan oʻziga xos tarbiya oʻchogʻi, desak, toʻgʻri boʻladi. Eng muhimi, ushbu bogʻ xalqimizning Vatan himoyasi yoʻlidagi qahramonlik anʼanalari barhayot ekani, ularni har bir avlod sharaf bilan davom ettirishi zarurligini barchamizga eslatib, taʼkidlab turadi.

Bunday bogʻ el-yurtimizning orzusi edi. Mana, odamlar bu tabarruk maskanga qanday intilishini koʻrsatadigan bir misol — oʻtgan qisqa davrda bu yerga 3 milliondan ziyod kishi kelib, ziyorat qilib ketgan. Ularning orasida keksayu yoshlar, viloyatlardan, uzoq-uzoq qishloqlardan, mahallalardan kelgan odamlar, chet elliklar bor. Ular ushbu majmuadagi “Shon-sharaf” muzeyi va boshqa yodgorlik­larda oʻzining bobosi, otasi, buvisi yoki qarindoshlariga oid hujjatlar, rasm va lavhalarni koʻrib, xursand boʻlib, katta taassurot va gʻurur bilan ketyapti. Bir soʻz bilan aytganda, bu bogʻning kelgusida ezgu maqsadlarga xizmat qilishini inobatga olib, uni ham tarixiy, ham zamonaviy talablar asosida mana shunday puxta barpo etganimiz har tomonlama toʻgʻri boʻlganini bugun hayotning oʻzi isbotlamoqda.

Gʻalaba bogʻi — bu hamisha barhayot qahramonlarimiz timsoli, oʻzligimiz ifodasi, qanday sabot-matonatli xalq ekanimizning yorqin amaliy tasdigʻidir.

Eng asosiysi, biz bu majmuani ham shaklan, ham mazmunan boyitib, kengaytirib boryapmiz. El-yurtimiz, xorijiy mamlakatlardagi doʻstlarimiz, hamkorlarimiz bu borada katta yordam beryapti. Shu tariqa xalqimizning Ikkinchi jahon urushi va mus­taqillik davridagi qahramonligi chuqur oʻrganilib, yangi-yangi mate­riallar, hujjatlar topilib, eʼlon qilib borilmoqda.

Ana shu ishlarning davomi sifatida bogʻ hududida “Xotira nuri” kompozitsiya­si barpo etildi. Koʻrib turganingizdek, parvoz qilayotgan bir juft qush shaklidagi bu monumental asar Ikkinchi jahon urushi janggohlarida jon olib-jon bergan ota-bobolarimiz hamda front ortida mehnat qilgan vatandoshlarimizning tengsiz jasoratini madh etadi. U avlodlar oʻrtasidagi vorisiylik anʼanalarini namoyon etishi bilan ham gʻoyat ahamiyatlidir.

Hech shubhasiz, mustaqillik yillarida Vatanimiz sarhadlarini daxlsiz saqlash, bugungi tinch va osoyishta hayotni himoya qilish yoʻlida mardlarcha halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlari ham bizning qahramonlarimiz. Ular biz uchun hamisha barhayotdir. Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz mustaqil Oʻzbekistonning ham ana shunday qahramonlari borligini bilishi va ularni hech qachon unutmasligi zarur.

Men 2023-yil mart oyida Surxondaryoda sizlarning koʻpchiligingiz — ana shunday marhum askar va ofitserlarimizning oila aʼzolari, yaqinlari bilan uchrashganman, fikr va takliflaringizni eshitganman. Mana shu qahramonlarimiz xotirasiga ham yodgorlik oʻrnatsak, degan orzu, kerak boʻlsa, armon meni doim oʻylantirib kelardi. Bu nafaqat mening, balki ana shunday botir va dovyurak ona yurt posbonlarini tarbiyalagan sizdek ota-onalarning, qolaversa, qahramonlarimizning ayollari va farzandlarining, butun xalqimizning orzusi edi, desak, albatta, xato boʻlmaydi.

Xalqimizning ana shu bahodir oʻgʻlonlarimizga boʻlgan hurmat-ehtiromini taʼsirchan bir shaklda aks ettirish, hayotdan erta ketgan bu navqiron fidoyi insonlarning Vatanimizga boʻlgan mehri, sadoqati va jasoratini ana shu yodgorlikda koʻrsatish haqida oʻz fikrlarimni aytib, arxitektor va haykaltaroshlar, tarixchi olimlar, ijodkor ziyolilar bilan juda koʻp muloqot qilganman.

Ana shunday intilishlarimiz natijasi sifatida bugun Gʻalaba bogʻida yangi bir yodgorlik — “Millat fidoyilari” monumenti barpo etilganini barchamiz koʻrib turibmiz.

Albatta, ushbu monumentda nomlari zarhal harflar bilan muhrlab qoʻyilgan 196 nafar marhum harbiy xizmatchi va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining har biri, Ikkinchi jahon urush qatnashchilari kabi, hayotning koʻp-koʻp neʼmatlaridan bahramand boʻlishga ulgurmagan. Bu sher­yurak oʻgʻlonlarimizning ham kelajak orzulari bor edi, ularni oldinda yaxshi va yorugʻ kunlar, ota-onasi, ­oilasi, shirindan-shirin farzandlari kutayotgan edi. Lekin mamlakatimiz istiqloli, xalqimiz tinchligiga nisbatan real xavf tugʻilgan paytda, ular bir daqiqa ham oʻylab oʻtirmasdan, jonajon Vatanimiz himoya­si yoʻlida oʻzlarini qalqon qilishdi. Bu fidoyi harbiylar shu tariqa bugungi Yangi Oʻzbekiston uchun mus­tahkam zamin yaratib ketishdi. Shu bois, biz ularning xotirasi, ruhi poklari oldida ­doimo qarzdormiz.

Men shu haqda koʻp oʻylayman. Nafaqat oʻylayman, joylarda boʻlganimda viloyat va tuman hokimlari, nuroniylarimiz, mahallalar va jamoatchiligimiz vakillarini qahramon jangchilarning oilalari haqida doimo gʻamxoʻrlik qilishga, ularning jasoratini koʻproq targʻib etishga chaqirib kelaman.

Mana, bugungi marosimda hurmatli oqsoqollarimiz, nuroniylar, koʻpni koʻrgan akalarimiz, oʻz hayoti davomida doimo koʻpchilikka namuna boʻlib kelayotgan olijanob insonlar qatnashmoqda. Ular tinch va yorugʻ kunlarning qadrini, bugungi nurli, fayzli hayot nimaning hisobidan kelganini boshqalardan koʻra yaxshi tushunishadi.

Albatta, “Millat fidoyilari” xotira yodgorligini imkon qadar koʻproq odam kelib koʻrishga intiladi. Lekin biz bunday intilish va harakatlarni tashkiliy nuqtayi nazardan aniq yoʻnalishga solishimiz zarur.

Yana bir bor aytaman, bu maskanda nomlari qayd etilgan bahodirlarimizning jasorati, nomlari va xotirasi el-yurtimiz qalbidan hech qachon oʻchmaydi.

Siz, azizlar bu majmuaga birinchi boʻlib tashrif buyurgan insonlarsiz. Sizlardan iltimosim shuki, bu haqiqatni barchaga yetkazishimiz kerak. Bu yerni doimiy obod qilib, dovyurak farzandlarimiz ruhlarini shod etish — bizning muqaddas vazifamiz.

Bugungi zamonaviy axborot texnologiyalari yutuqlari asosida bu yerda katta ishlarni amalga oshirdik. Ayniqsa, ­sunʼiy intellekt yordamida marhum jangchi oʻgʻlonlarimiz bamisoli tirik insondek gapiradi. Buni koʻrib, ularning ovozini eshitib, farzandlari, ayollari, nabiralari ertaga qoʻshnisi, doʻsti yoki tanishiga borib, bizning otamiz, bobomiz hech qachon oʻlmagan, hamisha tirik deb ayta oladi.

Ushbu yodgorlikning beqiyos ahamiyati haqida gapirganda, men bir fikrni alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman. Maʼlumki, biz Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha keng koʻlamli islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqimizni rozi qilish, “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoyani amalga oshirishni oʻzimiz uchun bosh maqsad etib belgiladik.

Inson qadrini eʼzozlagan davlat hech qachon kam boʻlmaydi. Men mana shu boqqa, mana shu yodgorlikni tomosha qilishga kelgan kishi Vatan mustaqil­ligi uchun kurashgan, jon fido etgan odam aslo el-­yurtning nazaridan chetda qolmasligini, kelgusi avlodlar ularni esidan chiqarmasligini chin yurakdan his etishini istar edim. Ana shundagina xalq hayotida fidoyilik va qahramonlik anʼanalari bardavom boʻladi. Ana shundagina inson qadri va hayoti naqadar buyuk boylik ekani yaqqol ayon boʻladi.

Hayot bor ekan, butun jamiyatda, albatta, har jabhada kurash ketadi. Hozirgi kunda biz ham goʻzal, fayzli va farovon hayot uchun, tinchlik uchun kurashyapmiz. Bu kurash har kuni, har daqiqada davom etmoqda.

Mazkur majmuada nomlari bitilgan harbiylarimiz mustaqillik yillarida Sariosiyoda, Toshkent viloyatida, Andijonda sodir etilgan mudhish terrorchilik harakatlariga qarshi kurashda qanday jasorat koʻrsatganini koʻpchilik yaxshi biladi.

Fursatdan foydalanib, oʻsha suronli yillarda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda qahramonlarcha halok boʻlgan oʻgʻlonlarimizning bugungi tadbirimizda ishtirok etayotgan ota-onalari, ayollari va farzandlariga, qarindoshlariga xalqimiz nomidan, oʻz nomimdan yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiraman.

Takror aytaman: Vatanimiz va xalqimiz sizlarning farzandlaringiz, turmush oʻrtoqlaringiz, otalaringiz, jigarlaringiz xotirasini hech qachon unutmaydi. Sizlarning farzandlaringiz, turmush oʻrtoqlaringiz haqiqiy qahramon boʻlgan, sizlarning otalaringiz haqiqiy qahramon boʻlgan.

Hozirgi vaqtda ana shu fidoyi insonlarning farzandlari jasur otalarining hayotini davom ettirmoqda. Ularning oʻqib, zamonaviy kasb-hunarlarni egallab, kelajakda el-yurtimiz uchun otalari kabi sadoqat bilan xizmat qiladigan insonlar boʻlib yetishishlari uchun zarur sharoitlarni yaratib beryapmiz. Men ular bu hayotning qadriga boshqalarga nisbatan koʻproq yetib, barchaga namuna boʻlishini istayman. Aziz bolalarim, sizlar bunga, albatta, qodirsiz!

Hech qachon unutmang, qoʻshnilaringiz, mahalladoshlaringiz “Bular — qahramon oila farzandlari” deb sizlarga alohida hurmat va eʼtibor bilan qarashadi.

Bu — inson uchun katta baxt va sharaf, ayni paytda ulkan masʼuliyat ham, desak, adashmagan boʻlamiz.

Sizlar shunga doimo munosib boʻlasiz, deb ishonaman.

Hurmatli shoir va adiblarimiz, jurnalistlarimiz ana shunday oilalar haqida, ularning qahramon otalari haqida yangi asarlar, kitoblar yozadilar, deb umid qilaman. Mana shunday oilalarning ayollari, farzandlarini boshqalarga namuna qilib koʻrsatsak, bu ham albatta, milliy oʻzligimizni anglashga, gʻururimiz va maʼnaviyatimizni kuchaytirishga, xalqimizni yanada birlashtirishga xizmat qiladi.

Buyam tarbiya, buyam tarix, buyam ibrat boʻladi. Ayni paytda bu ana shu oilalar toʻgʻrisida yana bir maʼnaviy gʻamxoʻrlik va eʼtibor, ularning farzandlariga yaxshilik qilish, umr yoʻldoshlariga shukronalik, sabr tilash bilan barobardir.

Oʻzingiz koʻryapsiz, “toʻqlikka shoʻxlik” deganlaridek, hozirgi zamonda bizga yarashmaydigan ishlar ham, afsuski, koʻp boʻlyapti. Buni ham unutmasligimiz shart. Bugungi erkin hayot berayotgan imkoniyatlarni hamma ham toʻgʻri qabul qilmayapti. Buyam ayni haqiqat.

Erkinlik va ozodlikning, tinchlikning qadriga yetish — bu oson emas. Bu — oʻta ogʻir va mashaqqatli ish. Buning uchun ham ilm, tarbiya, madaniyat va iroda kerak. Shu bois, men “Biz hali izlanishdamiz” degan fikrni koʻp takrorlayman. Oʻrganish, izlanish hech qachon toʻxtamasligi kerak. Oldinga qarab intilgan xalq va millatning kelajagi albatta yorugʻ boʻladi.

Yaqinda Xorazmda boʻlganimda bir guruh yoshlar bilan uchrashdim. Urganchlik qizimiz Maftuna Ochilovaning oʻta haya­jonli soʻzlari haliyam qulogʻimda jarang­lab turibdi: “Muhtaram Prezident, men otasiz oʻsganman, onam uch nafar farzandni bir oʻzi tarbiya qildilar. Biz kambagʻal oila edik, turmushimiz, sharoitimiz juda ogʻir edi. Mana, endi kambagʻallikdan qutuldik.

Sizning tashabbusingiz bilan, muhtaram Prezident, kitobxonlik boʻyicha oʻtkazilgan tanlovda yoshlar orasida respub­likada birinchi oʻrinni egalladim va Sizning sovgʻangiz — elektromobilga ega boʻldim. Oʻsha paytdagi quvonchimni soʻz bilan ifoda etib berolmayman!” — dedi qizimiz koʻzida yosh bilan.

Koʻrdingizmi, dunyoda adolat va haqiqat mezoni baribir mavjud. Oddiy bir qizimiz shu gaplarni yigʻlab-yigʻlab aytganida, mening koʻnglim ham beixtiyor boshqacha boʻlib ketdi. Buni men ham soʻz bilan ifoda etib berolmayman. Qarang, ezgulik qanday buyuk, qanday qudratli kuch!

Hayotda doimo mana shunday ezgu ishlarga intilib yashasak, bir-birimizdan mehrimiz, yordamimizni ayamasak, koʻzlayotgan ulugʻ maqsadlarimizga albatta yetamiz.

Qarang, shu xorazmlik qizimiz butun qalbi bilan tirishib, intilib, tinimsiz mehnat qilib, mayli, qiynalib boʻlsa ham, dastlabki katta yutuqqa erishibdi. Onasi ming bir mashaqqat bilan oilasini qashshoqlikdan olib chiqqan boʻlsa, bu qizim, onasidan ibrat olib, bu oila maʼnaviy jihatdan qanday kuchli ekanini butun yurtimizga koʻrsatdi. Buyam jasorat va matonat namunasi.

Endi bu oilani hech kim kambagʻal oila deb aytolmaydi. Mana shunday kuchli ­qizlari boʻlgan oila hech qachon kambagʻal boʻlmaydi. Bu — hayotning azaliy haqiqati.

Oʻzingiz tasavvur qiling, kitob mutolaasi boʻyicha millionlab Oʻzbekiston yoshlari orasida birinchi oʻrinni egallash uchun bitta emas, yuzlab, balki, minglab kitob oʻqish kerak. Chunki bu tanlov dastlab mahalla va tumanda, shaharda, viloyat darajasida boʻladi, oxiri respublika miqyosida yakuniga yetadi. Uni juda bilimli va talabchan oʻqituvchi va murabbiylar, adabiyotshunos olimlar, shoir va adiblar nazorat qilib boradi.

Shu maʼnoda, Maftuna Ochilova kitobxonlik boʻyicha mamlakatimizda birinchi oʻrinni olgani — katta natija. Lekin bu farzandimizda oʻziga, hayotga, odamlarga ishonch paydo boʻlgani, eng muhimi, adolat yuzaga chiqqanini men undan ham katta yutuq deb hisoblayman.

Qani endi, barcha yoshlarimiz salgina telefonni chekkaga surib qoʻyib, kitobga koʻproq eʼtibor bersa. Ularga nasihat qilib, kitob naqadar buyuk moʻjiza ekani, unda hayot sirlari va hikmatlari yashiringanini bolaligidan ongiga singdirib borsak, farzandlarimiz kitob bilan doʻst boʻlsa, ularning fikri ham, dunyoqarashi ham boshqacha boʻladi. Ularni hech qanday yovuz kuch yomon yoʻllarga boshlay olmaydi. Mana, tarbiyaning siri, kaliti qayerda!

Shuning uchun har bir ishimiz zamirida maʼnaviyat, maʼrifat, ilm va hikmat mujassam boʻlishi kerak. Shundagina aziz Vatanimizning ertangi kuniga ishonchli poydevor qoʻygan boʻlamiz. Bu poydevor ­mustahkam boʻlishi uchun har kuni tinimsiz izlanishimiz, mehnat qilishimiz shart.

Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida fidoyilarcha halok boʻlgan qahramonlarimizni oʻzi tugʻilib oʻsgan mahallasi, tumani biladi, lekin butun xalq bilmaydi-ku! Mana endi, Ikkinchi jahon urushi davrida fashizmga qarshi jang qilgan katta avlod vakillari bilan birga, ularning nomlari ham tariximiz sahifalariga abadiy muhrlandi. Endi ularni butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz albatta biladi. Ushbu badiiy obidada ularning nomlari va siymolari aks ettirilgani — bu yuksak eʼtirof va ehtirom. Butun xalq, butun millatning eʼtirofi, ehtiromidir.

Mustaqillik — bu Xudoyi taoloning bizga cheksiz marhamati va neʼmatidir. Ana shu buyuk neʼmatni, buyuk istiqlolimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash barchamizning muqaddas burchimiz.

Shu yoʻlda el-yurtimizga munosib xizmat qilishimiz lozim. Bu haqda qancha koʻp gapirsak, xalqimiz hozirgi tahlikali zamonda yanada birlashib, yangi-yangi fidoyi va faol qahramonlarni voyaga yetkazadi.

Eng muhimi, jahon maydonida magʻrur bosh koʻtarib, shonli tariximizga munosib xalq boʻlib yashaymiz. Bugun aynan shu gʻoyalarni faol targʻib etishimiz zarur.

Aziz doʻstlar!

Bugungi tarixiy voqea — “Millat fidoyilari” yodgorligining ochilishi bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Mustaqillik yillarida aziz jonini ayamasdan, bizning tinchligimiz va oso­yishtaligimizni asrash yoʻlida qahramonlik koʻrsatgan mard va jasur farzandlarimizning muborak xotirasi oldida chin dildan taʼzim qilaman.

Takror va takror aytishdan charchamayman: biz bunday qahramon oʻgʻlonlarimizni hech qachon unutmaymiz. Ular doimo biz bilan birga yashaydi.

Vatanimizga har tomonlama munosib qahramon oʻgʻlonlarimizga shon-sharaflar boʻlsin!

Doimo sogʻ-omon boʻlinglar, katta rahmat sizlarga!

Toshkent shahri, Gʻalaba bogʻi

2025-yil 8-may

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2025-yil 16-may, 99-son

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech