So'nggi yillarda mamlakatimiz hayotining boshqa sohalari qatori sud-huquq tizimida amalga oshirilgan shiddatli islohotlar amaliy natijasini bermoqda. Ushbu yo'nalishda yangi qabul qilingan qonunlar, joriy etilayotgan ta'sirchan aniq mexanizmlar, tobora ko'payib borayotgan oqlov hukmlari – bu kabi ijobiy omillar yurtdoshlarimizda adolat, baxtli hayot va kelajakka ishonchni yanada mustahkamlamoqda.
Sud-huquq sohasida erishilayotgan samaralar xalqaro ko'lamda ham e'tirof etilmoqda. Jumladan, yaqinda BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari, shuningdek AQSH Davlat departamenti o'z hisobotlarida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli o'zgarishlar, xususan, diniy e'tiqod erkinligini ta'minlash va odam savdosiga barham berish borasidagi islohotlarga ijobiy munosabat bildirdi.
Joriy yilda mazkur sohada qo'lga kiritilgan yutuqlar haqida so'z borganda, avvalambor, BMTning Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan O'zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yuzasidan o'z ma'ruzasini BMT Inson huquqlari kengashining navbatdagi sessiyasiga taqdim etganini alohida ta'kidlash lozim. Ushbu ma'ruzada O'zbekistonda keyingi yillarda sud-huquq tizimida erishilgan ijobiy natijalar alohida ta'kidlangan.
BMT Maxsus ma'ruzachisi Prezident Shavkat Mirziyoev o'z lavozimini bajarishga kirishgan paytidan boshlab amalga oshirgan muhim ishlar qatorida, jumladan, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash va huquqshunoslarning o'z kasbiy faoliyatini yanada erkin bajarishini ta'minlashga qaratilgan islohotning 8 ta amaliy natijasini birma-bir sanab o'tgan.
Birinchi natija – sud hokimiyati va sudlar xizmatini tashqi siyosiy bosimlardan muhofaza qilish borasida keng vakolatlarga ega bo'lgan konstitutsiyaviy organ sifatida Sud`yalar oliy kengashi tashkil etilgan.
Ikkinchi natija – sud tizimi qayta tuzilgan, xususan, Oliy xo'jalik sudiga tegishli vazifalar Oliy sud tasarrufiga o'tkazilgan, ma'muriy ishlar bo'yicha sudlarning yangi tizimi yaratilgan hamda Adliya vazirligi zimmasidagi sudlar faoliyatining ma'muriy jihatlari bilan bog'liq ayrim ma'muriy va texnik funktsiyalar Oliy sud huzurida yangi tashkil etilgan Sudlar faoliyatini ta'minlash bo'yicha departament ixtiyoriga berilgan.
Uchinchi natija – prokurorlarga nisbatan munosabatda sud`yalar mustaqilligining o'ziga xos ko'rsatkichi sifatida, jinoyat ishlari bo'yicha oqlov hukmlari miqdori izchil ortib bormoqda.
To'rtinchi natija – sudyalik lavozimlariga nomzodlarni saralash va tayinlashning yangi tartib-taomillari joriy etilgan;
Beshinchi natija – sudyalar almashtirilmasligi kafolatlarini mustahkamlash bo'yicha amaliy choralar ko'rilgan.
Oltinchi natija – sudyalarni birlamchi va uzluksiz tayyorlash tizimini mustahkamlashga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilgan, shu jumladan, Sud`yalar oliy kengashi huzurida Sud`yalar oliy maktabi ochilgan.
Yettinchi natija – sudlar chiqargan qarorlar Oliy sud veb-saytida muntazam ravishda e'lon qilib borilmoqda va odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini osonlashtirish hamda bu boradagi shaffoflikni oshirishga qaratilgan elektron tartib-taomillar bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda.
Sakkizinchi natija – korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha siyosat sohasida bir qator juda muhim islohotlar amalga oshirilgan, xususan, Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun qabul qilingan va bunday choralarni amalga oshirish uchun ta'sirchan mexanizmlar yaratilgan.
D. Garsiya-Sayanning fikricha, ushbu chora-tadbirlarni tom ma'noda mustaqil va xolis odil sudlov tizimini barpo etish yo'lidagi dastlabki qadamlar deb hisoblash lozim. BMT Maxsus ma'ruzachisi sud hokimiyati davlat hokimiyatining boshqa tarmoqlaridan haqiqatan ham mustaqil bo'lishiga erishish borasida bir qator tavsiyalar ham bergan.
E'tiborli jihati shundaki, sud-huquq tizimining navbatdagi bosqichida biz belgilab olgan yangi vazifalarning mohiyati BMT Maxsus ma'ruzachisining bu boradagi fikrlari bilan uyg'un va hamohangdir.
Biz bu o'rinda, xususan, Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 24 iyulda qabul qilingan "Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmonni nazarda tutayapmiz. Farmonda belgilab berilgan vazifalar mamlakatimizda odil sudlovni to'la ta'minlashga qaratilgani bejiz emas.
Ushbu hujjat O'zbekiston Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida sud-huquq sohasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda ko'rish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda ta'minlash mexanizmlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, mamlakatimiz sud-huquq tizimida yuz berayotgan ijobiy o'zgarishlarga mahliyo bo'lib, oldimizda turgan muhim ishlardan chalg'ib qolmasligimiz kerak. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, "xalqimiz sud-huquq tizimidan rozi, deyishga hali erta".
Keyingi davrda sud-tergov amaliyotini tahlil qilish va fuqarolar murojaatlarini o'rganish natijalari jinoyat protsessida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta'minlash bo'yicha mexanizmlar to'liq ishga solinmaganligidan, shuningdek qonunchilikda jinoyat ishlarini tergov qilish bo'yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vakolatlarini aniq belgilash bilan bog'liq bo'shliqlar mavjudligidan dalolat bermoqda.
Shu bois joriy yil 10 avgustda davlatimiz rahbari tomonidan "Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmon qabul qilindi.
Mazkur hujjatni tasdiqlashdan maqsad - mamlakatimizda jinoyat ishlarini tergov qilish faoliyatini xalqaro standartlar va ilg'or xorijiy tajribani inobatga olgan holda yaxshilash, qonun ustuvorligi va javobgarlikning muqarrarligi printsiplarini ro'yobga chiqarish, jinoyat-protsessual qonunchiligini yanada takomillashtirishdir.
Farmonga asosan xalqaro standartlarni inobatga olgan holda sud-tergov faoliyatini yanada takomillashtirishning quyidagi asosiy yo'nalishlari belgilandi:
Birinchidan, shaxsning huquq va erkinliklariga so'zsiz rioya etilishini ta'minlash, sud-tergov faoliyati sifatini oshirish, jinoyat protsessida dalillarni to'plash va mustahkamlash, ularga baho berish tizimini ilg'or xorijiy tajribani inobatga olgan holda qayta ko'rib chiqish;
Ikkinchidan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bilan birga, sodir etilgan har bir jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligini hamda shaxs, jamiyat va davlatga yetkazilgan zarar to'liq qoplanishini ta'minlash;
Uchinchidan, shaxsga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llash bilan bog'liq qilmishlar sodir etilishining oldini olish bo'yicha samarali mexanizmlarni joriy qilish, shuningdek bunday qilmishlar uchun javobgarlikni kuchaytirish;
To'rtinchidan, jinoyat ishlarini tergov qilish jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, jumladan, “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimini hamda ayrim tergov harakatlarini videokonferentsaloqa rejimida o'tkazishni ta'minlash.
Shuningdek, prokuror-kriminalist lavozimini joriy qilish, tergov sohasida malakali kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan oliy ta'lim muassasasini tashkil etish orqali surishtiruv va dastlabki tergov organlarining kadrlar salohiyatini oshirish;
Beshinchidan, jinoyatchilikning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, shuningdek jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini o'z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va ularda qonunga itoatgo'ylik ruhini shakllantirish mexanizmini joriy qilish.
Shuningdek, Prezidentimiz joriy yil 22 iyunda imzolagan Farmon bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi doirasida 53 ta normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish, 37 ta chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda 8 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish – jami 98 ta hujjat ustida izchil ish olib borish belgilangan.
Xususan, sud faoliyatiga oid 5 ta Kodeks, ya'ni Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Jinoyat-ijroiya kodeksi va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksni yangi tahrirda ishlab chiqish ko'zda tutilgan.
Sud`yalar hamjamiyati organlarining huquqiy asoslari ham shakllantiriladi. Shuningdek, "Advokatura va advokatlik faoliyati to'g'risida" hamda "Bepul yuridik yordam to'g'risida"gi yangi qonunlar ishlab chiqiladi.
Ushbu Farmonni qabul qilish vazifasi dastlab Harakatlar strategiyasi hamda O'zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida ko'zda tutilgandi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi aynan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi imzolangan tarixiy kun arafasida tasdiqlanganida o'ziga xos ramziy ma'no bor.
Birinchidan, BMT Nizomining 1945 yil 26 iyun` kuni imzolangani jahon jamoatchiligi uchun qanchalik ulkan tarixiy ahamiyat kasb etgan bo'lsa, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi xalqimiz uchun shunchalik muhim tarixiy qimmatga egadir.
Ikkinchidan, BMT Nizomida aks etgan xalqaro printsip va normalar yer yuzidagi insonlarning hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning muhimligiga tayanadi. Farmonda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga Inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasini tuzish tavsiya etilgan.
Shu birgina dalilning o'ziyoq, fikrimizcha, Milliy strategiyada belgilab berilgan vazifalar ham global hamkorlik printsipiga tayanishini yaqqol anglatib turibdi.
Uchinchidan, BMT Nizomi inson huquqlarini himoya qilish sohasida global qo'llab-quvvatlangan birinchi hujjatdir. O'z navbatida, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarda belgilab berilgan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida yagona va muvofiqlashtiruvchi siyosatning samarali vositasi bo'lishiga shak-shubha yo'q.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining maqsadi – O'zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo'nalishlarini belgilab olishdir.
Farmon bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasidan tashqari yana ikkita muhim hujjat ham tasdiqlandi.
Bulardan biri – Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” bo'lsa, ikkinchisi – BMTning inson huquqlari bo'yicha ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalari xabarnomalari va qarorlarini ko'rib chiqish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi davlat organlarining o'zaro hamkorlik qilish tartibi to'g'risidagi nizom hisoblanadi.
Sodda qilib aytganda, Milliy strategiyada inson huquqlari masalasiga tizimli yondashish va mavjud bo'shliqlarni, kamchiliklarni bartaraf etish ochiq-oydin ko'rsatilgan.
Ishonchimiz komilki, inson huquqlari sohasida uzoq muddatli strategiyaning qabul qilinishi ushbu sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga, mamlakatning xalqaro maydondagi obro'si yanada mustahkamlanishiga, shu jumladan, O'zbekiston Respublikasining iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting hamda indekslardagi mavqei yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Shu yil 12-13 avgust kunlari bo'lib o'tgan yoshlar huquqlarini targ'ib qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlangan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumi nafaqat mamlakatimiz va mintaqamiz, balki butun sayyoramiz yoshlarining hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning muhimligini alohida ta'kidlashga qaratilgani bilan g'oyatda ahamiyatlidir.
Xalqaro anjumanda "Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari" nomli Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi. Hujjatda, jumladan, yoshlar huquqlari - har kim foydalanishi zarur bo'lgan, ammo ayrimlar yoshining kichikligi tufayli bunday imkoniyatdan mahrum etilgan huquqlar ekani qayd etilgan.
Samarqand rezolyutsiyasi hozirgi zamon davlatlarining rivojlanishi bilan bog'liq barcha jarayonlarda yoshlarni yanada keng jalab etish zarurligini har tomonlama tasdiqlashga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumining muhim jihatlaridan yana biri shuki, mazkur xalqaro anjuman ishida 30 dan ortiq O'zbekiston yoshlar tashkilotlari vakillari mamlakatning barcha hududlaridan turib ishtirok etdilar.
Ayniqsa, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi huzurida yangi tashkil etilgan Yoshlar parlamentlari vakillarining faolligini alohida ta'kidlamoqchimiz.
Yurtimizda keyingi davrda tuzilgan yoshlar tashkilotlari haqida so'z borgan ekan, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) o'rinbosari – Bola huquqlari bo'yicha vakil lavozimi joriy etilganini ham qayd etish o'rinlidir.
Preizidentimiz joriy yil 29 mayda imzolangan "Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmon bilan Bola huquqlari bo'yicha vakilning asosiy vazifalari va faoliyati yo'nalishlarini belgilab berildi.
Bularning barchasi mamlakatimizda mustaqillik sharofati tufayli har bir shaxs o'z qadr-qimmati, or-nomusi va g'ururini anglashi, «Men - erkin insonman» degan tuyg'uni teran his etib yashashi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Zero, mustaqillik - bu huquq. Mustaqillik inson huquq va erkinliklarini ta'minlashning asosiy omilidir.
Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan izchil va shiddatli islohotlar Konstitutsiya ustuvorligi, fuqarolarning odil sudlovga bo'lgan ishonchini oshirish, tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirishga qaratilgan muhim tarixiy qadamlar bo'lib, mamlakatimizda odil sudlovni to'la ta'minlashga xizmat qiladi.
Akmal Saidov,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Spikerining birinchi o'rinbosari,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
("Kuch - adolatda" gazetasi, 2020 yil 21 avgust)
- Qo'shildi: 21.08.2020
- Ko'rishlar: 4950
- Chop etish