Joriy yilning 18 iyul kuni “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 oktyabrdan:
— rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan shaharsozlik faoliyati ob’ektlarining shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi nogironligi bo‘lgan shaxslarga sharoitlar yaratish bo‘yicha shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi;
— har yili “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi mablag‘larining kamida 10 foizi chorrahalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar (piyodalar) uchun xavfsiz va to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlariga yo‘naltiriladi.
2025 yil 1 yanvardan belgilangan faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya berishda ob’ektda shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘siqlarsiz muhit yaratilganligi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasini olish talab qilinadi.
Qarorga ko‘ra, joylardagi hokimliklar:
— har yili 1 noyabrgacha keyingi yil uchun o‘zining hududidagi kamida bittadan ko‘chani nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish loyihasini ishlab chiqadi hamda uning qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlarini amalga oshiradi;
— 2024 yil 1 dekabrgacha nogironligi bo‘lgan shaxslarning qulay va to‘siqlarsiz harakatlanishlari uchun shaharsozlik norma va qoidalari talablari asosida belgilangan ro‘yxatga muvofiq ko‘chalarni moslashtiradi.
2026 yil 1 yanvargacha nogironligi bo‘lgan shaxslarning harakatlanishi uchun respublikaning barcha hududlarini qamrab oluvchi to‘siqlarsiz muhit yaratilgan ob’ektlarni aniqlash imkonini beruvchi “Interaktiv xarita” axborot tizimi ishga tushiriladi.
2024 yil 1 oktyabrdan Toshkent shahri va xalqaro avtobusda yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini, 2025 yil 1 yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlararo, shahar atrofi, tumanlararo (shaharlararo) avtobusda yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini joylashtirish uchun tenderlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhitni ta’minlovchi uskunalar bilan jihozlangan avtobuslarga ega bo‘lgan tashabbuskorlar ishtirok etadi.
Ushbu talab kuchga kirgunigacha tenderda g‘olib bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlararo, shahar atrofi, tumanlararo (shaharlararo) avtobusda yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarning:
— avtobuslarni nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 30 baravarigacha bo‘lgan qismi 2024 yil 1 noyabrdan qoplab beriladi.
O‘zA
- Qo'shildi: 19.07.2024
- Ko'rishlar: 1405
- Chop etish