Nogironlikni belgilash mezonlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshirilishi mumkin

Bugungi kunda respublikamizda nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan bepul foydalanish mumkin bo‘lgan 631 ta sport ob’ekti belgilangan.

Ammo bu sport majmualarining barchasi ham inklyuziv muhit va sport murabbiysi bilan ta’minlanmagan. Bu esa ushbu toifadagi shaxslarning muntazam sport bilan shug‘ullanishiga imkon bermaydi. Endilikda Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartiblar asosida sport ob’ektlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda.  

Bu kabi tartiblar “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasida o‘z aksini topmoqda.  

Qonunchilik palatasi majlisidagi ushbu qonun loyihasi muhokamasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari S.Abdullayev loyihada pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarini chiqarib tashlash orqali 18 yoshgacha bo‘lgan bolani nogironligi bo‘lgan bola deb topish Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshirilishi belgilanayotganini qayd etdi. 

 Ta’kidlanganidek, Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni ko‘rikdan o‘tkazishni yigirma kalendar kunidan kechiktirmay amalga oshirilishi, shuningdek, nogironlikni belgilash mezonlari va mexanizmlari, shu jumladan shaxsni tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilyapti. Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordam davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rsatilishi, davlat mulki bo‘lgan sport ob’ektlari nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanish uchun istisnolarsiz taqdim etilishi belgilanmoqda.  

Majlisda bir qator savollar ko‘tarildi. Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi nogironlikni belgilash mezonlari va mexanizmlarini soddalashtirish, ushbu toifadagi shaxslarga ijtimoiy yordam davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rsatilishini ta’minlash hamda huquqni qo‘llash amaliyotida bir xil yondashuv shakllanishiga xizmat qiladi.  

M.Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech