NOQONUNIY TORTIB OLINGAN XONADON O'Z EGASIGA QAYTARILDI

Har bir inson risoladagidek hayot kechirishi, barkamol farzandlar tarbiyalashi, jamiyatda o'ziga munosib kasb bilan shug'ullanishi uchun eng avvalo o'z uyiga – ota-bobolarimiz ta'biri bilan aytganda, Vatan ichra vataniga ega bo'lishi kerak. Xalq deputatlari  Qarshi shahar Kengashining 2017 yil 27 iyundagi qarori bilan qonunga zid ravishda uy-joyi tortib olingan, to'rt yil davomida oila a'zolari bilan sarson-sargardonlikda ijarama-ijara yurgan fuqaro Gulnoza Haydarova bu haqiqatni, ayniqsa, teran anglaydi.

U uy-joyining qaytarib berilishini, buzilgan huquqi qayta tiklanishini so'rab, ko'plab tashkilotlarning eshigini qoqdi. Natija bo'lavermagach, 2021 yil 19 fevral kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga umid bilan murojaat qildi.

Markazning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo'limi tomonidan fuqaro G.Haydarovaning murojaati o'rganilganda, Qarshi shahar hokimining 2011 yil 20 maydagi X-379-5-sonli qaroriga binoan Qarshi shahar, Paxtazor mitti tumani, 33-uy, 72-xonadon fuqaro G. Haydarova nomiga xususiylashtirilgani va bu to'g'risida 2011 yil 28 iyul kuni 7052-sonli order berilgani aniqlandi.

Oradan bir necha yil o'tib, ushbu xonadonning xususiylashtirilishi holati yuzasidan Qarshi shahar IIB tergov bo'limi tomonidan tergovoldi tekshirish harakatlari o'tkaziladi. Fuqaro G.Haydarovaning turmush o'rtog'i SH.Tursunov O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 1- va 3-qismlari bilan ayblanadi. Javobgarlikka tortish muddati o'tib ketganligi munosabati bilan holat yuzasidan 2017 yil 20 may kuni jinoyat ishi qo'zg'atishni rad etish haqida qaror chiqariladi.

Ana shu asosga ko'ra Xalq deputatlari Qarshi shahar Kengashining 2017 yil 27 iyundagi 88/19-5 sonli qarori bilan shahar hokimining 2011 yil 20 maydagi X-379/5-sonli qarori bekor qilinadi.

Fuqarolik ishlari bo'yicha Qarshi tumanlararo sudida fuqaro G.Haydarovani uy-joydan majburiy tartibda chiqarish haqida hal qiluv qarori qabul qilinadi.

Shu tariqa oila yashab turgan boshpanasidan mosuvo etiladi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi huquqshunoslari murojaatni o'rganib, ushbu holatda fuqaro G.Haydarova qonunga zid ravishda uy-joyidan – xususiy mulkidan mahrum etilgan, degan xulosaga keldilar.

Sababi, amaldagi qonunchilikka muvofiq, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga xususiylashtirish natijalarini qayta ko'rib chiqish hamda bekor qilish  vakolati berilmagan.

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasiga muvofiq, xususiy  mulk boshqa mulk shakllari  kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.

“Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi qonunning 24-moddasiga asosan davlat mulkini  davlat tasarrufidan chiqarish hamda xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk daxlsizdir. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko'rib chiqilmaydi hamda bekor qilinmaydi.

Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan ob'ektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta ko'rib chiqish, haqiqiy emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqilishi taqiqlanadi.

2021 yil 24 fevralda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi fuqaro G.Haydarovaning murojaatini O'zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksi hamda “Mahalliy davlat hokimiyati to'g'risida”gi qonun talablariga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Apparati hamda Qashqadaryo viloyati hokimligiga  o'z vakolatlari doirasida ko'rib chiqish uchun yubordi.

Joriy yilning 12 mart kuni bo'lib o'tgan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o'n uchinchi yalpi majlisida Markaz xatiga asosan fuqaro G.Haydarovaning murojaati ham ko'rib chiqilib, unda fuqaro G.Haydarova 2011 yilda uy-joyni xususiylashtirgani va bu haqda Qarshi shahar hokimining qarori qabul qilingani, biroq 6 yildan so'ng 2017 yilda Xalq deputatlari Qarshi shahar Kengashi shahar hokimining ushbu qarorini bekor qilgani, vaholanki amaldagi qonunchilik hujjatlariga asosan Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari xususiylashtirish natijalarini qayta ko'rib chiqish  hamda bekor qilish vakolatiga ega emasligi qayd etildi.

Senat qarori bilan Xalq deputatlari Qarshi shahar Kengashining 2017 yil 27 iyundagi “Qarshi shahar hokimining  2011 yil 20 maydagi X-379/5 –sonli qarorini bekor qilish to'g'risida”gi 88/19-5-sonli  qarori qonunchilikka zid deb topildi va bekor qilindi.

G.Haydarova to'rt yillik sarson-sargardonlikdan so'ng nihoyat o'z uyini qaytarib oldi, uning buzilgan huquqlari qayta tiklandi. Mamlakatimizda adolat ustuvorligi, inson huquqlari qonun himoyasida ekanligi yana bir bor o'z tasdig'ini topdi.

Farida HAQBERDIEVA,
Markazning Jismoniy va yuridik
shaxslarning murojaatlari bilan
ishlash bo'limi bosh mutaxassisi;

Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali mas'ul kotibi

Powered by GSpeech