(To'rtinchi maqola)
Keyingi davrda ommaviy axborot vositalari sohasi qonunchiligi tubdan takomillashtirilmoqda. Bir tomondan, amaldagi qonunlarga jiddiy o'zgartirishlar kiritilayotgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, sohaga doir yangi va ilg'or qonun hujjatlari qabul qilinmoqda.
Bunda Prezidentimizning 2017 yil 7 fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan «2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi» ulkan ahamiyat kasb etmoqda. Chunki ushbu dasturiy hujjat boshqa sohalar qatori jamiyatda so'z, fikr, axborot erkinligini yanada ta'minlash yo'nalishini rivojlantirishning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi.
Ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim va ta'sirchan vositasiga, xalqning eng yaqin ko'makchisi va hamdardiga, demokratiya ko'zgusiga aylanishi zarur, deb uqtirdi Prezidentimiz.
Hokimiyat va boshqaruv organlari faoliyatiga tanqidiy va xolis baho berish, turli sohalardagi kamchiliklar, dolzarb muammolarni dadil ko'tarib chiqish ular faoliyatida asosiy mezon bo'lishi kerak.
Shu ma'noda, xususan, 2018 yil 12 aprelda Harakatlar strategiyasining «Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish» deb nomlangan birinchi ustuvor yo'nalishida ko'zda tutilgan «Jamoatchilik nazorati to'g'risida»gi qonun qabul qilindi.
Qonunda jamoatchilik nazoratining sub'ektlari, ob'ekti, uning asosiy tamoyillari belgilangan. Jumladan, jamoatchilik nazorati sub'ektlariga fuqarolar, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari kiritilgan.
Jamoatchilik nazoratining ob'ekti esa davlat organlari, shu jumladan, huquq-tartibot va nazorat idoralari hamda ularning mansabdor shaxslaridir.
Shu tariqa yurtimizda ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi o'rni va ahamiyati qonunchilik negizida tubdan kuchaytirildi.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 11.12.2020
- Ko'rishlar: 3868
- Chop etish