Ommaviy axborot vositalari faoliyatini tadbirkorlik sub'ekti va fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini tartibga solishga qaratilgan normalar amaliyotga joriy etilgani ham tahsinga loyiqdir.
Bunda 2018 yil 18 aprelda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonun alohida ahamiyatga ega.
Mazkur Qonunga muvofiq, «Ommaviy axborot vositalari to'g'risida»gi qonunning 5-moddasi: «Davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining g'ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g'ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to'sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi», degan normalar bilan to'ldirildi.
Bu, hech shubhasiz, mamlakatimizda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablari asosida ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini kafolatlashga nihoyatda katta e'tibor qaratilayotganining yaqqol tasdig'idir.
Qonunga «Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash» nomli 5(1)-modda ham kiritildi. Ushbu yangi moddani amaliyotga joriy etishdan maqsad ommaviy axborot vositalari faoliyatini tadbirkorlik sub'ekti va fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini tartibga solishdan iborat.
Bunday normalar Avstriya, Koreya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Moldova, Gruziya kabi bir qator xorijiy mamlakatlar qonunchiligida va Yevropa Itifoqi tavsiyalarida mavjud.
Ushbu tavsiyalarda ommaviy axborot vositalarini soliq va bojxona imtiyozlari, davlat tomonidan imtiyozli kreditlar berish, tariflarni tushirish bo'yicha elektron ommaviy axborot vositalariga texnik xizmat ko'rsatish, gazetalar nashriyotining qarzlarini kamaytirish, shuningdek, tahririyatlarga davlat byudjeti va boshqa manbalar hisobidan to'g'ridan-to'g'ri subsidiyalar taqdim etish ko'zda tutilgan.
Shuningdek, Avstriya, Buyuk Britaniya, Italiya, Frantsiya, Germaniya, Rossiya, Ukraina, Koreya Respublikasi qonunchiligida ommaviy axborot vositalariga soliq va bojxona imtiyozlari qo'llash orqali ham ushbu sohani qo'llab-quvvatlash belgilangan.
«Ommaviy axborot vositalari to'g'risida»gi qonunning 19-moddasiga o'zgartish kiritildi va ommaviy axborot vositasini davlat ro'yxatidan o'tkazish muddati o'n besh kun etib belgilandi. Ilgari bu muddat bir oy edi. Natijada mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining ro'yxatga olinishi va imkon qadar tezroq o'z faoliyatini boshlashi yo'lida yana bir yengillik yuzaga keldi.
Ma'lumki, fuqarolarimizning axborot sohasidagi huquq va manfaatlarini ta'minlash, davlat va jamoatchilik o'rtasida ochiq va samarali muloqot olib borish bo'yicha ommaviy axborot vositalarining roli va ta'sirini oshirish maqsadida 2014 yil 5 mayda «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risida»gi qonun qabul qilingan.
Mazkur Qonun ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining yanada shaffof, ochiq bo'lishini, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardan, respublikamizda va undan tashqarida yuz berayotgan voqea-hodisalar haqidagi fikrlar xilma-xilligi va siyosiy plyuralizmni hisobga olgan holda amalga oshirilayotgan davlatning ichki va tashqi siyosatidan aholining to'liq xabardorligini ta'minlash yo'lida muhim huquqiy asos vazifasini bajarmoqda.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 15.12.2020
- Ko'rishlar: 4857
- Chop etish