Odam savdosi butun dunyoda keng tarqalgan jinoyatlardan biri bo‘lib, har yili 4,5 milliondan ziyod kishi odam savdosi qurboni bo‘ladi.
Ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori esa 7 milliard AQSH dollaridan oshib ketgan. Achinarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir.
Shu bois, mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashish, odam savdosidan jabrlanganlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar hamon sodir etib kelinyapti.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida muhokama qilingan “Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ayni masalaga qaratilgan.
Mazkur qonun loyihasida odam savdosi jinoyatini sodir etganlarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, homilador ayolga nisbatan sodir etilgan odam savdosi, shuningdek, muqaddam odam o‘g‘irlash jinoyatini sodir etgan shaxslar tomonidan odam savdosi jinoyatining sodir etilishini og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilash taklif etilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi insonlar, shu jumladan xotin-qizlar va bolalarga nisbatan odam savdosi kabi jinoyatlar sodir etilishining oldini olish, bolalar va xotin-qizlar huquqlari bilan bog‘liq xalqaro indekslarda mamlakatimizning o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda temir yo‘l transporti sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
- Mazkur qonun loyihasi bilan sog‘lom raqobat muhitini yaratish, sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish, temir yo‘l transportini monopoliyadan chiqarish maqsadida tashuvchilarning huquqlari bilan birga majburiyatlari alohida belgilanmoqda, - deputat Farhod Zayniyev. - Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularni yo‘lovchi poyezdlarda yurish imkoniyatini yaratish maqsadida temir yo‘l transportida yo‘lovchilarning imtiyozli yurishi, huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi temir yo‘l transportini tartibga solish va boshqarish tuzilmasini takomillashtirish, sohada raqobat muhitini yaratish hamda fuqarolarning temir yo‘l transportida harakatlanishida sifat darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
M.Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 17.09.2024
- Ko'rishlar: 890
- Chop etish