AOKAda «Oila va xotin-qizlar tizimida joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar, istiqboldagi vazifalar» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda 2024 yilning o‘tgan davrida sohada amalga oshirilgan ishlar sarhisobi haqida ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga oid qonunchilik asoslarini takomillashtirish bo‘yicha 6 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida ayollar tadbirkorligini yangi bosqichga ko‘tarish va ularning bandligiga ko‘maklashish borasida har bir hududda «favqulodda holat» rejimida ishlar yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi umumiy rahbarligida tegishli ishchi guruhlari shakllantirilib, mahallalardagi ishsiz xotin-qizlarni, ularning bandligini ta’minlash zarurati va buning imkoniyatlari xonadonbay o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida shu yilning 1-yarim yilligida 127 ming 274 nafar xotin-qiz, shundan, 89 ming 128 nafari kasb-hunarga, 38 ming 146 nafari tadbirkorlikka o‘qitildi.
138 ming 486 nafar xotin-qiz doimiy ish o‘rinlariga, shuningdek, hududiy va tarmoq investitsiya dasturlari doirasida ishga tushirilgan loyihalar hisobiga yaratilgan yangi ish o‘rinlariga ishga joylashtirildi, 40 ming 520 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.
13 ming 131 nafar xotin-qizga bandlikni rag‘batlantiruvchi subsidiyalar ajratildi. 88 ming 574 nafar tadbirkor xotin-qizga biznesini qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar berildi. 50 ming 582 nafar xotin-qizga dehqon xo‘jaligini tashkil etish uchun uzoq muddatli ijaraga yer ajratildi.
282 ming 151 nafar xotin-qiz turli faoliyat yo‘nalishlarida o‘zini o‘zi band qilishga jalb etilib, 10 ming 209 nafar xotin-qiz «Hunarmand» uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi.
Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan yanvar-iyun oylarida 74 ming 420 nafar xotin-qizga 1 trillion 230 milliard so‘m kredit ajratildi.
Oliy ta’limning talabalari orasida xotin-qizlarning ulushi 50,1 foizga yetdi.
Shu yil 19 iyul kuni Prezidentimizning «2024/2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida»gi farmoyishi qabul qilindi. Ma’lumki, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyanomasini olgan, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qo‘shimcha 2 000 ta davlat granti ajratib kelinmoqda.
Farmoyishga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yili uchun ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun ajratilgan 2000 ta davlat grantining taqsimoti yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi birgalikda takliflarni tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga taqdim etish belgilandi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi bilan birgalikda «Ayollar daftari»ga kiritilgan 1 million 237 nafari ehtiyojmand xotin-qizning 638 ming 594 nafariga yordam ko‘rsatildi. Bu ko‘mak ijtimoiy himoya, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, uy-joylarni ta’mirlash, ayollarni sog‘lomlashtirish, ularga moddiy yordam ko‘rsatish, alohida ehtiyojli ayollar yoki qaramog‘ida imkoniyati cheklangan farzandi bo‘lgan ayollarga ko‘maklashish, tomorqa ishlariga yordamlashish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga qamrab oladi. Ushbu maqsadlarga salmoqli miqdordagi mablag‘ ajratildi.
Profilaktik hisobda turgan 39 ming 89 nafar xotin-qizdan 12 ming 535 nafari ijtimoiy masalalarda amaliy yordam ko‘rsatish orqali hisobdan chiqarildi. Sud jarayonlarida oila va xotin-qizlar bo‘limlari kafilligi asosida 29 nafar xotin-qiz javobgarlikdan ozod etildi.
Xotin-qizlar faollari tomonidan «Ye-ijtimoiy profilaktika» elektron axborot tizimi orqali biriktirilgan ijtimoiy profilaktika ob’ektlaridan 67 ming 772 nafarining muammolari hal etilib, qo‘shma xulosalar tuzildi. Ayni paytda oilaviy zo‘ravonlikka uchragan ayollar, bolalarga mahalliy hokimlik va idoralar, tegishli tashkilotlar bilan birgalikda tezkor amaliy yordam ko‘rsatish ishlari tizimli tarzda yo‘lga qo‘yildi.
Xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan ayollarga ko‘mak berish maqsadida Turkiya Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida sayyor qabullar tashkil etildi. Turkiyadan og‘ir ijtimoiy sharoitga tushgan 36 nafar migrant ayol oilasiga qaytarildi, 3 nafar ayol ozodlikka chiqarildi.
Rossiya Federatsiyasida mehnat qilayotgan 300 dan ortiq xotin-qizlarning mehnat sharoitlari o‘rganildi. Og‘ir ijtimoiy sharoitga tushgan 13 nafar vatandoshlar (6 nafar ayol va 7 nafar bola) mamlakatga qaytarildi, 9 nafar ayolga O‘zbekistonga qaytish chiptalari olib berishda ko‘maklashildi, yana 34 nafar og‘ir ijtimoiy sharoitga tushgan xotin-qizni yurtimizga qaytarish bo‘yicha hujjatlarini rasmiylashtirishga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Qo‘mita hamda hududiy bo‘linmalarga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan jami 33 ming 823 ta murojaatdan 22 ming 726 tasi qanoatlantirildi, 8 ming 97 ta murojaat bo‘yicha tushuntirish berildi.
Yaqinda Samarqand shahrida Osiyo xotin-qizlar forumi o‘tkazilgan edi. Unda 12 ta muhim banddan iborat Osiyo xotin-qizlari forumi Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Pokistonning «Pak Ayollar» uyushmasi bilan hamkorlik memorandumi, Hindiston Ayollar milliy komissiyasi bilan anglashuv memorandumi, Quvayt Ayollar uyushmasi bilan hamkorlik memorandumi, Belarus Ayollar uyushmasi bilan hamkorlik memorandumi bo‘yicha chora-tadbirlar amaliy rejasi imzolandi.
Jahon banki va Yaponiya ijtimoiy rivojlanish jamg‘armasining grant mablag‘lari ishtirokidagi «Qishloq ayollari iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish» loyihasi doirasida Jizzax viloyatining Zomin, Baxmal, Forish va Yangiobod tumanlarida hamda Farg‘ona viloyatining Yozyovon, Furqat, Qo‘shtepa va So‘x tumanlarida 50 ta ayollar farovonligini oshirish guruhlari (AFOG) tashkil qilinib, 300 nafar xotin-qiz biriktirildi. Ushbu ayollarga tadbirkorlik faoliyatini yuritishlari uchun 500 ming AQSH dollari miqdorida grant mablag‘lari ajratish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Bu boradagi barcha ezgu sa’y-harakatlar ayol-qizlar, oilalar, bolalar manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir amaliy g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasidir.
N.Usmonova, Oybek Pardayev (suratlar), O‘zA
- Qo'shildi: 24.07.2024
- Ko'rishlar: 1295
- Chop etish