Inson huquqlari kuni hamda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yillik bayrami arafasida Inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasining birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
So'nggi yillarda mamlakat parlamentining inson huquqlarini himoya qilish va unga hurmat madaniyatini shakillantirishdagi sa'y-harakatlari faollashdi.
Bir yil oldin, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Konstitutsiyasiyamiz qabul qilinganligining 27 yilligiga bag'ishlangan tantanali yig'ilishdagi ma'ruzasida Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiyani ishlab chiqish, unda inson huquqlariga oid konstitutsiyaviy tamoyillarni ro'yobga chiqarish mexanizmlarini aniq belgilash va uning asosida inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatini izchil amalga oshirishimiz zarurligi aytib o'tilgan edi.
Davlatimiz rahbari “jamiyatda inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish madaniyatini shakllantirish” bo'yicha ishlarni davom ettirish zarurligini alohida ta'kidladi.
Shu yil 22 iyunda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi tasdiqlandi. Mazkur farmonga muvofiq Oliy Majlis palatalariga Inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarni bajarish bo'yicha Parlament komissiyasini tuzish tavsiya qilindi.
2020 yil 25 sentyabrda Oliy Majlis palatalari Kengashlari tomonidan Inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo'yicha parlament komissiyasini tuzish to'g'risida qo'shma qaror qabul qilindi va uning tarkibi tasdiqlandi.
Parlament komissiyasi tarkibiga 12 nafar parlament a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolari kiradi.
Parlament komissiyasi mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi va Inson huquqlari sohasidagi O'zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi. Xususan:
birinchidan, inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga va jamiyatda inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish madaniyatini shakllantirishga ko'maklashadi;
ikkinchidan, inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka tatbiq etishga ko'maklashadi;
uchinchidan, inson huquqlari sohasidagi milliy harakatlar rejalarining bajarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi;
to'rtinchidan, inson huquqlari sohasida fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov ta'kidlaganidek, “garchi Parlament komissiyasining qarorlari tavsiyaviy xarakterga ega bo'lsada, ularni sifatli amalga oshirish uchun komissiya a'zolari parlament a'zolari sifatida zarur vakolat va mandatlarga ega”.
Xo'sh, nima uchun Parlament komissiyasini tuzish kerak edi?
Hozirda Oliy Majlis palatalarida, xususan Senatda 9 ta, Qonunchilik palatasida 12 ta qo'mitalar mavjud hamda ikki palatalar a'zolari kirgan 5 komissiya mavjud.
Har bir qo'mita va komissiya o'z faoliyatini amalga oshirishda o'zlarining soha yo'nalishlaridan kelib chiqib, inson huquqlari masalalarini inobatga oladi.
Shuningdek, O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha to'rtta milliy institut tashkil etilgan bo'lsa, ulardan ikkitasi parlament tarkibidadir. Jumladan:
– O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman);
– Bola huquqlari bo'yicha vakil;
– Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining milliy markazi;
– O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil.
Qo'mitalar va komissiyalar faoliyati turli sohalarni qamrab olganiga va inson huquqlari bo'yicha maxsus milliy institutlar, shu jumladan parlament ombudsmani yaratilganiga qaramay, Oliy Majlis palatalarida inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish, ushbu majburiyatlarni milliy qonunchilikda va amaliyotda aks ettirish bo'yicha tizimli ishlar olib borilmagan.
Agar xorijiy davlatlar tajribasiga nazar tashlaydigan bo'lsak, asosan demokratik parlamentlarda inson huquqlari bo'yicha parlament tuzilmalari qo'mita yoki komissiya shaklida tuzilganiga guvoh bo'lamiz va ular tizimli ravishda o'z faoliyatini amalga oshiradi. Masalan, bunday qo'mita va komissiyalar Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Latviya, Turkiya va boshqa ko'pgina mamlakatlarda mavjud. Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo'yicha oliy komissari ma'lumotlariga qaraganda 30 dan ortiq mamlakatlarda parlament qo'mitalari va komissiyalari faoliyat yuritadi.
2017 yilda BMT Bosh kotibi o'z ma'ruzasida “inson huquqlari sohasida alohida mandatga ega parlament qo'mitasini tashkil etish – bu kuchli siyosiy ishoradir va uni rag'batlantirish kerak” deb ta'kidladi.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari ma'ruzasida inson huquqlari bo'yicha parlament qo'mitalarini tashkil etish va xalqaro inson huquqlari mexanizmlari bilan aloqalarni kuchaytirish bo'yicha tavsiyalar mavjud. Xususan, unda ta'kidlanishicha, “parlamentlar inson huquqlarininng muhim sub'ekidir, ularni qo'llab-quvvatlash va himoya qilishda, birinchi navbatda, ijroya hokimiyatning inson huquqlari sohasida olib borayotgan harakatlarini va siyosatini nazorat qilishda muhim rol o'ynaydi”.
2019 yilda Parlamentlararo ittifoq va BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari o'zlarining “Yaxshi milliy parlament amaliyotini shakllantirish va harakatlar bo'yicha tavsiyalar ro'yxati” ma'ruzasida ishtirokchi davlatlarga inson huquqlari bo'yicha kuchli va samarali parlament ko'mitasini tuzishni tavsiya qildilar. Shuni ham ta'kidlash joizki, ushbu ma'ruzada O'zbekiston parlamenti vakillarining so'nggi Universal davriy hisobotning barcha bosqichlarida faol ishtirok etganligi ijobiy qayd etilgan.
Bundan tashqari, alohida ta'kidlash kerakki, mazkur yilning may oyida Parlamentlararo ittifoq o'z veb-saytida parlamentimizning inson huquqlari sohasidagi faoliyatini yuqori baholab, quyidagi fikrlarni bildirgan: "Parlamentlararo ittifoq inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarni milliy darajada amalga oshirish bo'yicha O'zbekiston parlamentining so'nggi harakatlarini qo'llab-quvvatlaydi”, “O'zbekiston parlamenti inson huquqlari masalalari bilan faol shug'ullanmoqda”, “2018 yilda inson huquqlarini himoya qilinishi va BMTning tavsiyalarini amalga oshirilishi ustidan parlament nazorati mexanizmi ishlab chiqildi”, “so'nggi yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov, boshqa deputatlar bilan birgalikda BMT Inson huquqlari bo'yicha Kengashi va BMT Inson huquqlari qo'mitasida delegatsiyalar tarkibida muhim rol o'ynadi”.
Shunday qilib, inson huquqlari sohasida alohida vakolatga ega bo'lgan Parlament komissiyasini tashkil etilishi O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga sodiqligini tasdiqlovchi kuchlisiyosiyishora hisoblanadi va o'z navbatida:
birinchidan, parlamentning rolini yanada kuchayishiga va O'zbekistonning inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarini bajarish samaradorligini oshirishga;
ikkinchidan, inson huquqlari bo'yicha milliy siyosatning parlament tomonidan muvofiqlashtirilishiga, inson huquqlari masalalari bo'yicha parlament ombudsmani, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar va fuqarolik jamiyati vakillari bilan o'zaro aloqalar va maslahatlarni kuchaytirishga;
uchinchidan, parlamentning inson huquqlari sohasidagi xalqaro va parlamentlararo hamkorligini faollashtirishga, xususan, BMTning shartnoma organlari, Inson huquqlari bo'yicha Parlamentlararo ittifoq tuzilmalarida faol ishtirok etishga xizmat qiladi.
Doniyor TO'RAEV,
Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik
muammolari va parlament
tadqiqotlari instituti direktori o'rinbosari
Manba: parliament.gov.uz
- Qo'shildi: 11.12.2020
- Ko'rishlar: 3808
- Chop etish