Onlayn firibgarlik qurboniga aylanib qolmang

68 yoshli Xosiyat ona internetdan farzandlari bilan aloqa qilish, retseptlar o‘qish va yangi suratlar ko‘rish uchun foydalanadi. Ammo bir kuni ijtimoiy tarmoqdagi “Xalq banki, rasmiy” sahifasi orqali o‘zini bank xodimi deb tanishtirgan kimsalardan biri yozib qoldi. “Kartangiz bloklanishi mumkin, ma’lumotlarni yangilash kerak”.

Xabarga ishongan Xosiyat ona farzandlarini ishidan bezovta qilishdan cho‘chib, ularga qo‘ng‘iroq qilmadi va “bank xodimi”ga karta raqami, amalda bo‘lish muddati va SMS orqali kelgan kodni ham yubordi. Bir necha daqiqa o‘tmasdan, yig‘ib yurgan nafaqa pulidan ayrildi. Pulni yo‘qotish – og‘ir, ammo o‘zini himoyasiz va farzandlar oldida aybdordek his qilish undan ham og‘irroq...

Xosiyat xola kasalxonaning jonlantirish bo‘limida ko‘zini ochdi.

Xosiyat hola va uning farzandlari hech qayerdan himoya topa olmadi. Umuman, bugun ko‘plab mamlakatlarda shu kabi onlayn firibgarlik holatlari tobora ortib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. AQSHda ushbu holat aks etgan “Pchelavod” nomli film ham suratga olingan. Qo‘shni mamlakatlar tomonidan fishing bilan shug‘ullanuvchi guruhlar qo‘lga olinayotgani haqida xabarlar tarqala boshladi. O‘zbekistonda ham Ichki ishlar vazirligi, kiberbulling markazlari tomonidan odamlarning aldanib qolmasligi borasida targ‘ibot roliklari tobora keng tarqatildi.

Biroq hozir onlayn jinoyatni kamaytirish uchun yetarli darajada huquqiy mexanizm va platforma egalariga nisbatan mas’uliyat aniq belgilanmagani asosiy muammolardan biriligicha qolmoqda. 2024 yil ma’lumotlariga nazar tashlansa, 38 mln. aholiga ega O‘zbekistonning 93,3 foiz fuqarolari allaqachon jahonda sodir bo‘layotgan barcha voqea-hodisalar haqidagi ma’lumotni aynan axborot maydonidan mustahkam o‘rin egallagan YouTube, Odnaklassniki, TikTok, Instagram va Telegram sahifalari orqali olmoqda. Virtual olamda firibgarlik qurboniga aylanib qolmaslik uchun har birimizdan kuchli mas’uliyat, davlatdan esa O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunida keltirilgan barcha majburiyatlarga rioya etilishini ta’minlash, shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligini, maxfiylik buzilganda esa foydalanuvchini darhol xabardor qilish mexanizmining qonuniy asoslarini ishlab chiquvchi vakolatli organ belgilash vazifasi dolzarbligicha qolmoqda.

Xalqaro tajribaga ko‘ra, “The Times” nashrining yozishicha, Buyuk Britaniyada “Kommunikatsiya to‘g‘risida”gi qonun va “Zararli xabarlar to‘g‘risida”gi qonun jinoiy mazmundagi onlayn faoliyat uchun aniq javobgarlikni belgilaydi. 2023 yili Britaniyada fishing bilan bog‘liq jinoyatlar soni 17 foizga kamaydi – bu esa jinoyatning jazosiz qolmasligini belgilash orqali ijobiy samaraga erishilganini ko‘rsatadi.

Kanadadagi Personal Information Protection and Electronic Documents Act (PIPEDA) va Yevropadagi GDPR (General Data Protection Regulation) qonunlari orqali fuqarolar o‘z ma’lumotlari ustidan to‘liq nazoratga ega. Ular ma’lumotini kim, qachon, qay maqsadda ishlatayotganini bilish va roziligini qaytarib olish huquqiga ega. Ushbu himoya tizimi orqali Yevropa Ittifoqi davlatlarida 2022-2023 yillar oralig‘ida ma’lumotlar tarqalishiga doir jinoyatlar 12 foizga qisqargan.

O‘zbekistonda ham bu kabi qonunchilikni takomillashtirish davri yetib keldi. Onlayn platforma foydalanuvchilari ustidan monitoring olib boruvchi mustaqil tashkilotlar, mas’ul davlat organlarining nazorati, javobgarlik mexanizmlari joriy etilishi zarur. Bolalar va yoshlarimiz axborot makonida komil shaxs sifatida shakllanishi uchun davlat – himoyachi va kafolatchi rolini to‘laqonli ado etishi shart.

Xosiyat ona bugun davlatdan javob kutayotgan fuqaro. Uning fojiasi – statistika emas, balki har bir foydalanuvchining ehtimoliy taqdiri. Internet erkinlik maydoni bo‘lishi mumkin, ammo erkinlik mas’uliyatsizlik degani emas. Xulosa o‘zingizdan.

O‘zA

Powered by GSpeech