Har yili 12 iyun — Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanadi. Bundan maqsad — bolalar mehnati muammosiga va uni bartaraf etish bo'yicha choralar ko'rish zarurligiga butun dunyo e'tiborini qaratishdir.
Zero, bugungi kunga kelib jahonda har o'n boladan biri bolalar mehnatiga duchor qilinadi, bolalar mehnatidan jabr ko'rganlarning soni 152 mlndan oshgan. Buning ustiga, COVID-19 pandemiyasi va uning oqibatida kelib chiqqan iqtisodiy inqiroz sharoitida milionlab bolalar majburiy mehnat domiga tortilish xavfi ostida qoldi.
BMT Bosh Assambleyasi 2021 yilni Bola mehnatiga qarshi kurashish yili deb e'lon qildi. Shuningdek, mamlakatlar bolalar mehnatini taqiqlash va bartaraf etish bo'yicha kechiktirib bo'lmaydigan va amaliy qadamlarni qo'yish majburiyatini o'z bo'yniga oldi. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida 2030 yilga qadar butun jahonda bola mehnatining barcha shakllariga barham berish bo'yicha vazifalar belgilandi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishganining ilk yillaridan boshlab bola huquqlarini ta'minlash diqqat markazda turdi. O'zbekiston Respublikasi ratifikatsiya qilgan dastlabki konventsiyalardan biri — bu Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya edi. Mazkur konventsiya insoniyat tarixida bolalar huquqlari sohasidagi ilk majburiy xalqaro huquqiy shartnoma bo'lib, Bola huquqlari bo'yicha umumjahon konstitutsiyasi nomi bilan e'tirof etiladi. Konventsiya bolalarga nisbatan har qanday shakldagi shafqatsiz muomalani, ekpluatatsiyani va kamsitishni taqiqlaydi. O'zbekiston mazkur konventsiya bilan belgilangan barcha xalqaro standartlarni o'z milliy qonunchiligiga joriy qildi, bolalar mehnatini bartaraf etish bo'yicha barcha xalqaro shartnomalarga qo'shildi. 2008 yilda “Bola huquqlari kafolatlari to'g'risida”gi Qonun qabul qilindi. Eng kichik yosh to'g'risidagi va Bolalar mehnatining eng yomon shakllariga barham berish va taqiqlashga doir shoshilinch choralar to'g'risidagi xalqaro shartnomalar ratifikatsiya qilindi. Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi qarori bilan Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya qabul qilinganligining 30 yilligi mamlakatimizda keng nishonlandi.
Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Prezidenti lavozimiga saylangandan keyin majburiy va bolalar mehnatining har qanday shakllariga qarshi kurashish davlatning eng ustuvor vazifalaridan biriga aylandi.
Aholisining 40 foizini bolalar tashkil qilgan O'zbekiston uchun bu vazifa printsipial ahamiyatga ega edi. Prezidentimiz 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi minbaridan turib O'zbekistonda majburiy va bolalar mehnatining har qanday shakllariga barham berish choralari ko'rilishi to'g'risida gapirdi. Shuningdek, 2021 yilda BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida majburiy va bolalar mehnatiga barham berish ustuvorligini yana bir bor ta'kidladi.
Oxirgi yillarda O'zbekistonda bolalar mehnatiga qarshi kurashishdagi muvaffaqiyatlarni bir necha omillar ta'minlamoqda:
Birinchidan. Davlat rahbarining kuchli siyosiy irodasi, puxta rejalar asosida amalga oshirilayotgan ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar majburiy va bola mehnatiga barham berishning asosiy sharti bo'lib xizmat qilmoqda.
Ikkinchidan. O'zbekistonda majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashishning tashkiliy mexanizmlari yaratildi. Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyatini muvofiqlashtirib bormoqda.
Uchinchidan. Mamlakatda majburiy va bolalar mehnatiga yo'l qo'ymaslik uchun samarali parlament va jamoatchilik nazorati o'rnatildi. Xususan, senatorlar, deputatlar, jurnalislar va blogerlardan iborat ishchi guruhlar tashkil etilib, Respublikaning barcha hududlarida mahallalar, fermer xo'jaliklari, korxona va tashkilotlarda o'rganish ishlari olib borilmoqda.
To'rtinchidan. Mamlakatda xalqaro mehnat standartlarini tatbiq etish, bu borada xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda “Munosib mehnat bo'yicha 2021-2025 yillarga mo'ljallangan mamlakat dasturi” ishlab chiqildi.
Beshinchidan. Majburiy va bolalar mehnatiga barham berishning qonunchilik asoslari kuchaytirib borilmoqda. Jumladan, 2018-2021 yillarda tegishli kodeks va qonunlarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilib, bolalar mehnatidan foydalanishga yo'l qo'yilmaslik to'g'risidagi talablarni buzish hamda mehnatga ma'muriy tarzda majburlash kabi hatti-qarakatlar uchun ma'muriy va jinoyat javobgarlik kuchaytirildi.
Oltinchidan. 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashish yo'nalishidagi islohotlarning izchilligi va tizimliligini ta'minlamoqda. «Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining qator bandlari, jumladan, Bolalarni qo'llab-quvvatlash fondini tashkil etish, Bolalar Ombudsmani to'g'risidagi qonunni qabul qilish tadbirlari bolalar mehnatiga qarshi kurashish mexanizmini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Ko'rilayotgan choralar mamlakatimizda bolalar mehnatining har qanday shakllariga barham berishda o'z samarasini bermoqda. Buni nufuzli xalqaro va xorijiy ekspertlar hamjamiyati ma'lumotlari ham tasdiqlaydi.
Jumladan, 2018 yil AQSH O'zbekistonning paxta mahsulotlarini bolalar mehnati orqali yetishtiriladigan mahsulotlar ro'yxatidan chiqardi. 2020 yil 30 sentyabrda AQSH Mehnat vazirligi O'zbekistonda bolalar mehnatining eng yomon shakllariga barham berishga qaratilgan sa'y-harakatlar muvaffaqiyatga erishganligini e'tirof etdi.
2021 yil 27 yanvarda “Kotton Kompeyn” xalqaro kaolitsiyasi o'z rasmiy veb-saytida “O'zbek paxtachiligida o'zgarayotgan manzara” sarlavhasida O'zbekistonda 2020 yilgi paxta yig'im terimi mavsumi davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish bo'yicha ko'rilayotgan choralar o'z samarasini berganini e'tirof etdi.
2020 yilda Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan mustaqil jamoatchilik tashkilotlari bilan birgalikda “Uchinchi tomon monitoringi” o'tkazildi. Uning natijalariga ko'ra, xalqaro ekspertlar 2019-2020 yillardagi paxta yig'im-terimi davomida bolalar mehnatidan umuman foydalanmaganligi to'g'risidagi qat'iy xulosalarini e'lon qildi.
Bolalar mehnatiga qarshi kurashish sohasida erishilgan yutuqlar, shubhasiz, O'zbekistondagi islohotlar muvaffaqiyatining muhim ko'rsatkichi bo'lib, mamlakatning xalqaro nufuzi va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti sur'atlari o'sishiga o'zining ijobiy ta'sirini o'tkazmoqda.
O'tkir Ochilov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi Xalqaro shartnomalarni
implementatsiya qilish bo'lim boshlig'i
- Qo'shildi: 09.06.2021
- Ko'rishlar: 4374
- Chop etish