Sharq matbuoti shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi bilan bog‘liq voqealarni keng yoritmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi Iroda Imomovaning shu mavzudagi maqolasida o‘zaro munosabatning joriy holati tahlil qilingan.
– O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi zamonaviy munosabatlar mustahkam tarixiy poydevor, ma’naviy yaqinlik, har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan o‘zaro siyosiy irodaga asoslangan, jadal rivojlanayotgan strategik sheriklik namunasidir, – deb yozadi muallif. – Asrlar davomida ikki xalq tarixiy-madaniy rishta, umumiy ildiz, o‘xshash an’ana, til, urf-odat va qadriyatlar bilan bir-biriga chambarchas bog‘lagan. Ayni omillar ikki davlat o‘rtasida barqaror muloqot, har tomonlama o‘zaro anglashuv uchun asos bo‘lib, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini tobora mustahkamlamoqda.
Joriy yil ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanyapti. 2024 yil Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi bilan hamkorligimiz eng yuqori darajasiga ko‘tarildi. Izchil jarayonning mantiqiy davomi sifatida uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklik uchun mustahkam poydevor yaratdi.
Hozirgacha hukumatlar va vazirliklar darajasida 200 dan ziyod shartnoma tasdiqlangan. Bu ikki tomonlama hamkorlikni yil sayin yuksaltirib borayotgan davlat rahbarlarining qat’iyati va siyosiy irodasi natijasidir.
Muntazam tus olgan oliy darajadagi samimiy muloqot ko‘p qirrali aloqalarni jadal va bosqichma-bosqich rivojlantiradigan harakatlantiruvchi kuch vazifasini o‘tamoqda.
2017 yildan buyon davlat rahbarlari 12 bor uchrashdi. Yuqori darajadagi tashriflar soni 150 dan oshdi. Muvofiqlashtirilgan muloqot turli yo‘nalishlarda birgalikdagi ishlash uchun haqiqiy turtki beradi, hamkorlikning barcha asosiy yo‘nalishlarida ilg‘or natijaga erishish imkoniyatini kengaytiradi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Ozarbayjon barqaror o‘sish sur’atini aks ettiruvchi iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashda davom etmoqda. So‘nggi o‘n yil ichida tovar ayirboshlash sakkiz barobar oshib, 32 million dollardan 253 million dollarga ko‘tarildi. Navbatdagi marra – 1 milliard dollar. Ushbu maqsadga erishish uchun o‘zaro savdo va sarmoya ko‘lamini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish maqsadida faol ish olib borilmoqda.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA
- Qo'shildi: 04.07.2025
- Ko'rishlar: 201
- Chop etish