Qadimiy va go‘zal Xiva shahrida Birinchi O‘zbekiston – Ozarbayjon parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tdi. “Yangi imkoniyatlar sari: muloqotdan hamkorlikdagi harakatlargacha” mavzusida o‘tkazilgan nufuzli anjuman ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan keng qamrovli muhim platforma bo‘ldi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligi arafasida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi a’zolari hamda ikki mamlakatning yoshlar parlamentlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va birodarlik tuyg‘ulari bilan mustahkamlanganini alohida qayd etdi. Ikki davlat Prezidentlari – Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning sa’y-harakatlari bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar strategik hamkorlik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.

Ozarbayjon Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova davlatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasiga asoslangan do‘stlik va birodarlikka tayangan munosabatlar parlamentlararo formatda yangi darajaga chiqqanini e’tirof etdi.
Parlamentlarimiz yangi formatda davlatlararo munosabatlarni chuqurlashtirish va har tomonlama rivojlantirishga turtki beradi.
Forumda do‘stlik guruhlari faoliyatini kengaytirish, ularni parlamentlararo komissiyalar darajasiga olib chiqish, qo‘shma qonunchilik tashabbuslari ishlab chiqish, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamli transformatsiya va ekologiya kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar keng muhokama qilindi.
Hududiy vakillik organlari o‘rtasida tajriba almashish mexanizmi joriy etiladi. Bu parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash va ijtimoiy, iqtisodiy rivojlanishdagi turli yondashuvlarning samaradorligini oshirishga zamin yaratadi. Bu tashabbus mahalliy darajadagi qonunchilik organlari orasida bilim va tajriba almashishga, muammolarni hal qilishda yangicha qarashlar va ishlash usullarini tatbiq etishga imkon beradi. Natijada har bir hududda ijobiy o‘zgarishlar yaratish uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi.
Forum doirasida o‘tkazilgan “Strategik hamkorlikni rivojlantirishda parlamentlarning roli: qonunchilik tashabbuslari, yuqori darajadagi kelishuvlar va ularning bajarilishini nazorat qilish” mavzusidagi panel sessiyasida yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning bajarilishini ta’minlash, ijro hokimiyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati va OAV bilan samarali hamkorlikni tashkil qilish kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashildi. Qonun ustuvorligi, ochiqlik, hisobdorlik, byudjet nazorati, korrupsiyaga qarshi kurashish ustidan parlament nazorati, inson huquqlari va demokratik institutlar himoyasi asosiy mavzulardan bo‘ldi.
“Iqtisodiy taraqqiyotni parlament tomonidan qo‘llab-quvvatlash: biznes va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar” mavzusidagi panel sessiyada ikki mamlakatning iqtisodiy rivoji uchun parlamentlar tomonidan qonunchilik asoslarini yaratish, investorlar uchun qulay muhit yaratish, kichik biznesni rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi. Raqamli iqtisodiyot, mobil startaplar, moliyaviy texnologiyalar, yashil texnologiyalar va ekologik loyihalarga investitsiya jalb etish bo‘yicha fikrlar bildirildi.

Intellektual kapital va raqamli transformatsiya sohasidagi hamkorlik masalalari muhokamasi jarayonida zamonaviy texnologiyalar, raqamli taraqqiyot va innovatsion muhitni shakllantirish, ta’lim va ilm-fan sohalarida parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga oid fikrlar bildirildi. Yosh olimlar va tadqiqotchilar uchun grantlar ajratish, texnoparklar va ilmiy inkubatorlar faoliyatini kengaytirish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik almashinuvni faollashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.
Raqamli transformatsiya sohasida qonunchilik asoslarini mustahkamlashda masofaviy ta’lim, elektron kutubxonalar, ochiq ilmiy ma’lumotlar bazalarini yaratish, axborot xavfsizligi va mualliflik huquqlari himoyasini ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratildi. Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, intellektual mulk himoyasi, innovatsion klasterlar va ixtirolarni amaliyotga joriy etish borasida parlamentlar ishtirokini kengaytirish bo‘yicha tajriba almashildi.
Madaniyat, turizm va sog‘liqni saqlash sohalarida parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan sessiyada ishtirokchilar tomonidan madaniy almashinuvlar, ko‘rgazmalar va qo‘shma madaniy markazlar tashkil etish, tarixiy merosni asrash hamda o‘zbek va ozarbayjon tillarini o‘rganishni rag‘batlantirishda parlamentlar faol ishtirok etayotgani ta’kidlandi. Turizm sohasida viza tartiblarini soddalashtirish, tarixiy-madaniy va ekologik yo‘nalishlarni rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, qo‘shma turistik brendlar yaratish kabi tashabbuslar parlamentlararo aloqalarning yangi formati sifatida ilgari surildi.
Yashil kelajak, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini himoya qilishda parlamentlarning roli muhokamasida iqlimga moslashtirilgan qonunchilikni shakllantirish, milliy va mintaqaviy ustuvor yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda parlamentlarning o‘rni, barqaror rivojlanish uchun qonunchilik tashabbuslari, parnik gazlari chiqindilarini kamaytirish, yashil energetikani rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, chiqindilarni qayta ishlash va plastik iste’molini qisqartirish kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashildi.
Yashil iqtisodiyot va aylanma rivojlanish modellarini ilgari surishda parlamentlararo hamkorlikka oid muloqotda yashil texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, ekologik ta’lim va madaniyatni rivojlantirish, yoshlar orasida eko-tashabbuslarni targ‘ib etish, “sog‘lom shaharlik” infratuzilmasi – veloyo‘laklar, yashil zonalar, sport maydonchalari va ommaviy tadbirlar orqali shakllantirish borasidagi parlament tashabbuslari muhokama qilindi.

“Jamiyat va davlat taraqqiyotida xotin-qizlar va yoshlar ovozi: parlament istiqboli” mavzusidagi sessiyada ayollar va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish, ularni qonunchilik yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash hamda bu borada tajriba almashish haqida gap bordi. Zamonaviy iqtisodiyotda ayollar va yoshlarning faolligini oshirish uchun qonunchilik asoslarini yaratish, soliq imtiyozlari, startaplar uchun grantlar ajratish, kasbga yo‘naltirish va texnologik ta’limga keng yo‘l ochish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Yoshlar parlamentlari vakillari yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni qaror qabul qilish jarayonlariga jalb etish, ekologiya, ta’lim, sog‘liqni saqlash va raqamli texnologiyalar sohasida parlament tashabbuslarida ishtirokini kengaytirish haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Forum davomida “Yangi imkoniyatlar sari: muloqotdan birgalikdagi harakatlargacha” mavzusida ikki mamlakat parlamentlari do‘stlik guruhlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda parlamentlar o‘rtasida qabul qilingan hamkorlik hujjatlarining ijrosi, istiqboldagi rejalar muhokama qilindi. Jumladan, qo‘mitalararo qonun ijodkorligi, parlament nazorati doirasida o‘zaro tajriba almashish, hududiy vakillik organlari bilan faol muloqotlarni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yosh parlament a’zolari o‘rtasida hamkorlik loyihalarini amalga oshirish borasida fikr almashildi. Muzokaralar chog‘ida parlamentlararo guruhning samarali faoliyati alohida qayd etilib, o‘zaro aloqalarni komissiyalar darajasida yanada faollashtirishga kelishib olindi.
Ikki mamlakat parlamentlari vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda xotin-qizlar va yoshlar masalalariga e’tibor qaratildi. Tomonlar ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy sohalarda o‘zaro tajriba almashish, yoshlar o‘rtasida madaniy-gumanitar loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yakdil fikr bildirdi.
Umuman, O‘zbekiston – Ozarbayjon parlamentlararo forumi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qildi. Forum yakunlari bo‘yicha amaliy takliflarni o‘z ichiga olgan Xiva deklaratsiyasi qabul qilindi.
Norgul Abduraimova, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 02.07.2025
- Ko'rishlar: 259
- Chop etish