O‘monning "Asdaa Oman" elektron nashri yarador ayollar va bolalardan iborat 100 nafar falastinlik hamrohlari bilan birga Rafoh shahridan O‘zbekistonga evakuatsiya qilingani to‘g‘risida maqola e’lon qildi. Bu haqda O‘zAga mamlakatimizning Qohiradagi elchisi Mansurbek Qilichev xabar bergan.
– Ushbu amaliyot Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ikki davlatning Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamkorligida amalga oshirildi, – deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, ko‘chirilganlar yurtiga qaytishga qaror qilguncha O‘zbekistonda qolishi mumkin. Ular davolanish va sog‘lig‘ini qayta tiklash uchun reabilitatsiya markazlari, shifoxonalarga joylashtiriladi.
Hukumatimiz tomonidan mamlakatimizda bo‘lish davrida falastinlik oilalarning barcha ehtiyoji qondiriladi. Jumladan, mehmonxona, maktab, oziq-ovqat bilan ta’minlanadi.
O‘zbekiston Prezidenti 2024 yil noyabr oyida Saudiya Arabistoni Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Falastin masalasiga bag‘ishlangan navbatdan tashqari Arab-Islom sammitida so‘zlagan nutqida Falastin hududlarida harbiy operatsiyalarni to‘xtatish va xavfsiz gumanitar yo‘laklarni ta’minlash muhimligini ta’kidlab, Toshkent jarohatlangan falastinlik bolalar va ayollarni davolash uchun qabul qilishga tayyorligini ma’lum qilgan edi.
– Biz Falastin xalqiga amaliy yordam ko‘rsatish masalalarini kelgusi yili Samarqandda o‘tadigan “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” sammitida ham muhokama qilish niyatidamiz, – degan o‘shanda davlatimiz rahbari.
Mazkur tashabbus doirasida amalga oshirilgan ushbu insonparvarlik missiyasi o‘zbek xalqining insonparvarligi, hamjihatligining yana bir yorqin namunasi sifatida namoyon bo‘ldi. Ko‘chirilganlar O‘zbekistonda vaqtincha boshpana topadi. Bu asl mehr-oqibat timsolidir.
Muharrama Pirmatova, O‘zA
- Qo'shildi: 03.01.2025
- Ko'rishlar: 583
- Chop etish