O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddaci hamda Saylov kodeksiga muvofiq joriy yilning 24 oktabr kunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi.
Demokratik huquqiy davlat hamda ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish xalq hokimiyatchiligi konstitutsiyaviy prinsiplarini ro‘yobga chiqarish, demokratik saylovlarni tashkil qilish va o‘tkazish uchun zarur sharoit yaratish bilan uzviy bog‘liqdir. Demokratik huquqiy davlatning shakllanish sharoitida saylov instituti xalq hokimiyatchiligini amalga oshirishning real mexanizmi hisoblanadi. Bu Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi normalarida ham o‘z ifodasini topgan. Chunonchi, mazkur muhim xalqaro hujjatning 21-moddasida xalq irodasi hukumat hokimiyatining asosi bo‘lishi, bu iroda davriy va soxtalashtirilmagan, yalpi va teng saylov huquqidan, yashirin ovoz berish yo‘li bilan yoki ovoz berish erkinligini ta’minlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida o‘tkaziladigan saylovlarda o‘z aksini topishi lozimligi belgilab qo‘yilgan. Bunday norma 1966 yilgi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda ham aks etgan.
Saylovlar zamonaviy demokratiyaning muhim instituti, xalq o‘z xohish-irodasini bildirishi hamda siyosiy jarayonlarda, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda, shu jumladan, hokimiyatning vakillik organlarini shakllantirishda ishtirok etishining asosiy vositalaridan biri hisoblanadi. Erkin saylovlar nafaqat hokimiyatni shakllantirish prinsipi, ayni paytda uning xalq oldidagi javobgarligi ifodasi hamdir. Shu bilan birga, saylov natijalari siyosiy partiyalarning ta’sir darajasini xolis baholash imkonini beradi, saylovchilar kayfiyatini, mamlakat siyosiy hayotida kechayotgan tendensiyalarni ko‘rsatadi. Erkin va halol saylovlarning muntazam o‘tkazilishi mamlakatdagi siyosiy tizim demokratiyaga monand ekanligining yorqin ko‘rsatkichlaridan sanaladi.
Davlatning jahon hamjamiyatidagi nufuzi ko‘p jihatdan ushbu mamlakatda amal qiladigan saylov tizimining demokratik prinsiplarga muvofiqligi bilan bog‘liqdir. Shu ma’noda, O‘zbekistonda saylov to‘g‘risidagi qonunchilikning izchil takomillashtirilishini demokratik islohotlarning muhim tarkibiy qismi sifatida ko‘rish mumkin. Keyingi yillarda Harakatlar strategiyasi doirasida Yangi O‘zbekistonning demokratiya yo‘lida izchil rivojlanishi, tashqi dunyoga ochiqligi va raqobatbardoshligini ta’minlash doirasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Mamlakat fuqarolarining davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash borasidagi izchil islohotlar shular jumlasidandir.
Saylov kodeksi – demokratik saylovning huquqiy asosi
O‘zbekistonda saylov qonunchiligini kodekslashtirish yo‘li tanlandi. 2019 yilda ilgari saylov qonunchiligiga doir amalda bo‘lgan 5 ta qonun o‘rniga yagona, umumlashgan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi qabul qilindi.
Saylov kodeksi mamlakatimizning barcha ijtimoiy-siyosiy kuchlari – siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida, umumxalq muhokamasi hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan saylovlarni kuzatishda ishtirok etgan xorijiy kuzatuvchilar missiyalarining tegishli xulosa va fikrlari ham hisobga olinishi negizida ishlab chiqildi. Ushbu Saylov kodeksiga asosan fuqarolarning saylash hamda saylanishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash maqsadida saylovga yuksak demokratik darajada tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishning huquqiy kafolatlari yanada mustahkamlandi.
Joriy yilgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi qonun hujjatlari talablariga to‘liq muvofiq holda, jamiyatni isloh qilish va demokratlashtirish yanada chuqurlashgan, ijtimoiy faollik o‘sgan, fuqarolarning mas’uliyati hamda siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlariga talabchanligi oshgan bir sharoitda bo‘lib o‘tmoqda.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, O‘zbekiston Saylov kodeksi xalqaro saylov standartlariga to‘liq javob beradi hamda ular bilan uyg‘un rivojlantirilib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizdagi demokratik saylov qonunchiligi tizimining asosi sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasiga ko‘ra, xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir. Saylov jarayonining demokratik prinsiplari Saylov kodeksi va boshqa qonun hujjatlarida mustahkamlab qo‘yilgan.
Saylov huquqining asosiy prinsiplari
Saylov kodeksida demokratik saylovlarni amalga oshirishning asosiy prinsiplari — umumiyligi, tengligi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li, saylovda qatnashishning ixtiyoriyligi, uni o‘tkazishning ochiq va oshkoraligi o‘z ifodasini topgan.
Xalqaro hujjatlarda mustahkamlab qo‘yilgan asosiy prinsiplarga saylov huquqining umumiyligi kiradi. Bu qoida O‘zbekiston Konstitutsiyasi hamda Saylov kodeksining asosiy prinsiplardan biri sifatida e’tirof etilgan. Xususan, Saylov kodeksining 3 va 27 - moddalarida keltirilishicha, O‘zbekiston Respublikasida saylov umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladi. Saylov kuniga qadar yoki saylov kunida 18 yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining familiyalari saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi belgilangan. Saylovchilar qaerda bo‘lishlaridan qat’i nazar, ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida bevosita qatnashish huquqini kafolatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida saylovchilarning ro‘yxatlari mazkur muassasalar boshliqlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida tuzib chiqiladi.
Shu bilan birga, umumiy saylov huquqi fuqarolarning saylovda ishtirok etishi hech qanday huquqiy qoidalar bilan chegaralanmaganini anglatmaydi. O‘zbekistonda boshqa demokratik mamlakatlarda bo‘lgani kabi davlat boshlig‘i sayloviga oid qonun hujjatlari qator cheklovlarga ega bo‘lib, ular aslo kamsituvchi xususiyatga ega emas. Deylik, Konstitutsiyamizning 90-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin.
Qonunchilikda belgilanishicha, qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar, shuningdek, diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi. Shuningdek, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Teng saylov huquqi prinsipiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi bir ovozga ega. Ayol va erkaklar bir xil saylov huquqiga ega, harbiy xizmatchilar boshqa fuqarolar bilan bir xil saylov huquqidan foydalanadi. Saylovda hech kim ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy hamda mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabati, mashg‘ulotining turi hamda xususiyatiga qarab ustuvorlikka ega bo‘lmaydi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi prinsipiga ko‘ra, fuqarolar saylovda o‘z xohish-irodasini bevosita ifoda etadi. Ovoz berish jarayonida saylovchilar shaxsiy qarash va fikrlaridan kelib chiqib, o‘z tanlovini amalga oshiradi. Bunda agar fuqaro saylov vaqtida xorijda bo‘lsa, u O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida tuziladigan saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin. Qolaversa, O‘zbekiston saylov qonunchiligida muddatidan oldin ovoz berish qoidasi ko‘zda tutilgan. Saylov kuni kasalligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra, o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Saylovchi sog‘lig‘i yomonligi tufayli yoki boshqa sabablarga ko‘ra, saylov uchastkasiga kela olmagan hollarda uchastka saylov komissiyasi saylovchilar turgan joyda ovoz berishni tashkil etishi mumkin. Saylovda ixtiyoriy ishtirok etish prinsipi fuqarolar ushbu siyosiy tadbirda o‘z xohishiga ko‘ra, hech qanaqa majburlovsiz qatnashishini anglatadi. Saylovchilarning xohish-iroda bildirishlarini nazorat etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekistonda saylovchi ovoz berishning maqsadga muvofiqligi hamda zarurligi masalasini o‘zi hal qiladi. Fuqaroga o‘z saylov huquqini amalga oshirishda qandaydir majburiyat yuklanmaydi. Mamlakatimizdan farqli o‘laroq bir qator davlatlarda saylovda ovoz berish fuqarolarning majburiyati sifatida ko‘riladi va undan bo‘yin tovlash nafaqat jarima tariqasidagi javobgarlikka sabab bo‘lishi, ayni paytda ozodlikdan mahrum etilishi ham mumkin.
Respublikamizda yashirin ovoz berish huquqi qonun bilan kafolatlangan bo‘lib, saylovchilarning xohish-iroda bildirishlarini har qanday davlat organi, mansabdor shaxslar, shuningdek, jamoat birlashmalari tomonidan nazorat etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Qonunchilikda ovoz berish, shu jumladan, muddatidan oldin ovoz berish hamda saylovchi turgan joyda ovoz berishning yashirinligini ta’minlash saylov komissiyalarining asosiy majburiyatlaridan biri sifatida belgilab qo‘yilgan.
Ovoz berish maxsus ajratilgan binolarda o‘tkaziladi, yashirin ovoz berish uchun kabinalar yoki xonalar jihozlanadi. Ularda fuqaro saylov byulleteniga belgini mustaqil qo‘yadi. Yashirin ovoz berish vaqtida kabinada ovoz beruvchidan boshqa biror-bir kishining hozir bo‘lishi, saylovchiga ta’sir ko‘rsatishi taqiqlanadi. Fuqarolarning saylov vaqtida o‘z xohish-irodasini erkin ifodalanishini ta’minlashning yana bir omili – saylov kuni va ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmasligidir. Saylov byulletenlari davlat tilida, shuningdek okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan tegishli okrug aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda nashr etiladi. Bundan tashqai, saylov byulletenlarini Brayl alifbosi asosida to‘ldirish uchun trafaretlar tayyorlanishi mumkin.
Saylov kodeksiga muvofiq, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari saylovoldi uchrashuvlar o‘tkazish uchun jihozlangan xonalarni ajratish, zarur ma’lumot hamda axborot materiallarini olishda yordam ko‘rsatishi kerak.
Fuqarolarning saylov huquqi sohasidagi xalqaro standartlardan yana biri adolatli saylov prinsipidir. Bu saylovlarning davriyligini qonun bilan belgilab qo‘yish, saylovoldi kampaniyasini olib borishda nomzodlarga teng imkoniyatlar taqdim qilish, saylovlarning ochiq va oshkoraligi, saylov jarayonining barcha bosqichida kuzatuvchilar ishtirok eta olishi hamda mustaqil sud demakdir. Mustaqil sud tizimi saylov jarayonini noxolislik, firibgarlik hamda soxtalashtirishdan samarali himoya qilishda muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston saylov qonunchiligi saylov huquqlari buzilishi va saylov jarayoni sub’ektlarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyatlarini kafolatlaydi. Shunday qilib, milliy saylov qonunchiligi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining erkin tanlov huquqini to‘la ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Saylov va oshkoralik
Saylovlarning oshkoraligi saylov kampaniyasini ommaviy axborot vositalarida yoritishni ko‘zda tutadi. Butun saylov kampaniyasi tom ma’nodagi oshkoralik asosida o‘tkaziladi. Oshkoralik saylov komissiyalarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, jumladan, ovozlarni sanab chiqish, ovoz berish natijalarini aniqlash hamda saylov natijalarini belgilash tadbirlari ochiq o‘tkazilishidan dalolatdir.
Har bir fuqaro saylov jarayonida saylov okrugi va uchastkalari tuzilishi, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan yeri hamda ish vaqti, Prezidentlikka nomzodlar, ovoz berish va saylov yakunlari haqida axborot izlash, olish hamda tarqatish huquqiga ega.
Saylov kodeksi 8-moddasida belgilanishicha, saylov komissiyalari fuqarolarni o‘z ishlaridan, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan yeri va ish vaqtidan voqif etadilar, saylovchilarning, shuningdek, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning ro‘yxatlari bilan tanishtiradilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar xususidagi ma’lumotlar, ovoz berish hamda saylov yakunlaridan xabardor qiladilar. Bundan tashqari, saylov okruglari va uchastkalari, saylov komissiyalari tarkibi, nomzodlarni ro‘yxatga olish, ovoz berish hamda saylov yakunlari haqidagi axborot matbuotda e’lon qilinishi qonun bilan mustahkamlangan.
Saylov kampaniyasining oshkoraligini ommaviy axborot vositalari bilan bir qatorda yana bir institut – mahalliy va xorijlik kuzatuvchilar ta’minlaydi. Qonunga ko‘ra, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarda, har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda Prezidentlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga ega.
Ma’lumki, demokratik siyosiy tizimning samaradorligi fuqarolik jamiyati, ya’ni fuqaro hamda davlat o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaradigan ko‘ppartiyaviylik instituti yetukligiga bog‘liq. E’tiborlisi, mamlakatimizda bo‘lajak saylovga ko‘ppartiyaviylikni fuqarolik jamiyatining siyosiy standarti sifatida belgilab bergan va demokratik prinsiplarga asoslangan saylov qonunchiligiga to‘la mos holda tayyorgarlik ko‘rilmoqda hamda Prezident saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasida ro‘yxatdan o‘tgan barcha siyosiy partiyalar ishtirok etayapti.
Pandemiya va saylov
Insoniyat pandemiya sharoitida yashashga va unga qarshi kurashishga asta-sekin moslashib bormoqda. Koronavirus pandemiyasida ham dunyoning ko‘plab mamlakatlarida prezidentlikka, parlamentga va mahalliy vakillik organlariga saylovlar, shuningdek referendumlar o‘tkazilib kelinmoqda. Shuni e’tiborliki, ushbu xatarli sharoitda o‘tayotgan saylovlarda talay mamlakatlarning aholisi odatdagidan ko‘ra faolroq ishtirok etgani xalqaro kuzatuvchilar e’tirof etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan pandemiya sharoitida saylov jarayonlarini tashkil etish, ovoz berishda xavfsizlik choralarini ko‘rish bo‘yicha alohida rejalar ishlab chiqilgan. Xususan, saylov arafasida epidemiologik vaziyatga qarab maxsus yo‘riqnoma asosida ish tutish rejalashtirilgan.
Yo‘riqnoma 6 bob 39 banddan iborat bo‘lib, saylov jarayonida profilaktik tadbirlarni amalga oshirish, ovoz berish jarayonini tashkil qilish, koronavirus infeksiyasidan uy sharoitida davolanayotgan saylovchining turgan (yashash) joyida ovoz berishini tashkil qilish, Saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish va saylov okrugida saylov natijalarini aniqlash hamda yakuniy qoidalardan iborat.
Koronavirus bilan xastalanib, kasalxonada davolanayotganlar yoki uyida karantin sharoitida yotgan bemorlarning saylov bo‘yicha huquqlarini ta’minlash borasida aniq choralar ko‘riladi. Jumladan, tegishli saylov uchastkalarining 2 nafar a’zosi maxsus kiyimlarda kasalxonaga borib, karantin qoidalariga amal qilgan holda bemorlarning ovoz berishini tashkil etadi. Buning uchun alohida ko‘chma saylov qutisi tashkil etiladi. Shuningdek, uy sharoitida koronavirusga qarshi davolanayotgan bemorlarning ham ovoz berish huquqlari to‘liq ta’minlanadi.
Yo‘riqnomaga muvofiq saylov okruglari va uchastkalarida, ovoz berish xonalarida saylov komissiyasi a’zolari, saylovchilar, kuzatuvchilar va OAV vakillari: haroratni o‘lchash uchun termometr, pirometr; himoya niqobi; bir martalik tibbiy qo‘lqop; antiseptik kabi himoya va profilaktika vositalaridan foydalanishlari talab etilishi belgilanmoqda. Shuningdek, saylov jarayoni ishtirokchilari himoya niqoblaridan foydalanishi, qo‘l berib salomlashish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontaktga kirishishning boshqa shakllaridan saqlanishi hamda ijtimoiy masofaga rioya qilishlari belgilangan.
Saylov kuni tibbiyot xodimi saylov komissiyalari binolarining kirish qismida saylovchilarning tana haroratini o‘lchaydi, antiseptik vosita bilan qo‘llarini dezinfeksiya qiladi va himoya niqobida bo‘lishini nazorat qiladi, himoya niqobi beradi. Uchastka saylov komissiyalari a’zolari esa himoya vositalaridan foydalanishi shart. Binolar va xonalarning dezinfeksiya qilinishi, shuningdek ularda epidemiyaga qarshi kurash tadbirlarini amalga oshirish esa sog‘liqni saqlash organlari hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining xodimlari tomonidan ta’minlanadi.
Darhaqiqat, bu kabi choralarning ko‘rilishi fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash, saylov jarayonlarining ochiq, oshkora, shaffof holda o‘tishini tashkil etish hamda karantin qoidalariga amal qilinishiga xizmat qiladi.
Shunisi ayonki, joriy yilning 24 oktabr kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yurtimizning har bir fuqarosi hayotiga daxldor bo‘lib, bu muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirga hech kim befarq qaray olmaydi. Binobarin, fuqarolar saylovda ishtirok etish va o‘z xohish-irodasini bildirish orqali O‘zbekistonning huquqiy demokratik davlatni yanada mustahkamlash hamda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lidan izchil borishini ta’minlashga o‘z ulushini qo‘shadilar.
Mirzatillo TILLABAEV,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktorining
birinchi o‘rinbosari,
yuridik fanlar doktori
- Qo'shildi: 04.10.2021
- Ko'rishlar: 5611
- Chop etish