Bugungi kunda mamlakatimizning tashqi siyosat yo‘nalishidagi, shuningdek inson huquqini ta’minlash borasidagi islohotolari xalqaro hamjamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Masalan, joriy yil O‘zbekiston tarixda ilk bor Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Ma’muriy kengashi a’zosi o‘rinbosarligiga eng ko‘p ovoz bilan 3 yil muddatga saylandi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimining ixtisoslashtirilgan muassacasi – Xalqaro mehnat tashkiloti faoliyati ijtimoiy adolat tamoyili, xalqaro tan olingan inson huquqi va mehnat sohasidagi huquqni ilgari surishga qaratilgan. 1919 yil tashkil etilgan, mehnat munosabatlarini tartibga solish bilan shug‘ullanadigan mazkur tuzilma 1946 yil dastlabki ixtisoslashtirilgan muassasa sifatida BMT tizimiga kirgan.
XMT Ma’muriy kengashi vazifasi asosan qaror qabul qilish va ijrosini nazorat qilish, masalan Bosh direktorni saylash, Xalqaro mehnat konferensiyasida belgilangan strategik maqsadlarni hal qilishga qaratilgan siyosat bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni Bosh direktor va Xalqaro mehnat byurosiga yo‘naltirish, Konferensiya kun tartibini shakllantirish, Tashkilot Dasturi va Byudjeti loyihalarini tasdiqlash, ratifikatsiya qilingan konvensiyalarni qo‘llash bilan bog‘liq qonuniy tartib-qoidaga oid masalalarni hal qilish, mintaqaviy va yo‘nalishlar bo‘yicha ekspertlar yig‘ilishlarida kun tartibi va shunga muvofiq holda ishtirokchilarni tasdiqladan iborat.
Ma’muriy kengash uch yil muddatga saylanadigan 56 nafar a’zo va ularning 66 nafar o‘rinbosaridan tashkil topgan.
O‘zbekiston mustaqillikning ilk yillaridayoq BMT va tashkilotning ixtisoslashtirilgan muassacasalari qatori Xalqaro mehnat tashkiloti a’zoligiga qabul qilingan.
Respublikamiz XMTning uyushmalar erkinligi va jamoaviy muzokara o‘tkazish huquqini tan olish, majburiy mehnatning barcha shakllarini bekor qilish, bolalar mehnatini taqiqlash, ish va kasb sohasida kamsitmaslik kabi asosiy prinsiplarini qonun bilan mustahkamladi va amaliyotga joriy qildi.
Yangilangan tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-46, 52 –moddalarida mehnat munosabatiga oid huquq ta’minlanishi qayd etilgan. Ushbu me’yorga ko‘ra, “Har kim ..... mehnati uchun hech qanday kamsitishsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega”.
Shuningdek, “Sud qarori bilan tayinlangan jazoni ijro etish tartibidan yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaydi. Mehnatning bola sog‘lig‘i, xavfsizligi, axloqi, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakli taqiqlanadi”.
Yaqindagina mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber Ungbon O‘zbekistonning mehnatkashlar huquqini ta’minlash, ish o‘rinlari yaratish va xalqaro konvensiyalarni implementatsiya qilish borasidagi yutuqlariga yuqori baho berib, o‘z tashrifini davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan samarali islohotlarni qo‘llab-quvvatlash ifodasi, deb atadi.
Ishonchimiz komilki, mamlakatimizning inson huquqi ta’minlanishi sohasidagi islohotlari bundan keyin ham xalqaro hamjamiyat doirasida o‘z samarasini namoyon etaveradi.
Mahinnora Mirhamidova,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya
universiteti dotsenti
O‘zA
- Qo'shildi: 15.07.2024
- Ko'rishlar: 1244
- Chop etish