O‘zbekistonda bolalarga g‘amxo‘rlik qilish tizimini isloh qilish bo‘yicha kelgusi rejalar muhokama qilindi

2021 yil 17 noyabr kuni Oliy Majlis Senati UNICEF tashkiloti bilan hamkorlikda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lish xavfi ostida bo‘lgan bolalarning hozirgi holati, mamlakatimizda bolalarga g‘amxo‘rlik qilish tizimini isloh qilish borasidagi kelgusi rejalarni muhokama qilish uchun davra suhbati tashkil etdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda 26532 nafar bola turli shakldagi internat muassasalarida istiqomat qilgan, ularning aksariyati nogironligi bo‘lgan bolalardir. Internat muassasalarida yashovchi bolalar soni har 100 ming bolaga 255 tani tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich mintaqaviy o‘rtacha ko‘rsatkichdan past, lekin har 100 000 bolaga 120 bola to‘g‘ri keladigan global ko‘rsatkichdan yuqori. Internat muassasalarida istiqomat qilgan bolalarning aksariyati nogironligi bo‘lgan bolalardir.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan UNICEF tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xon hukumatni O‘zbekistonda bolalarni deinstitutalizatsialash borasida olgan qat’iy majburiyati uchun qutlashini, davomiy islohotlar jarayonining samarali bo‘lishi uchun bolalar, jumladan, nogironligi bo‘lgan bolalar va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarni qamrab oladigan yirik muassasalarni tizimli va bosqichma-bosqich yopishni davom ettirish juda muhim ekanligini qayd etdi. "Zaif bolalar ularni qo‘llab-quvvatlaydigan turli xizmatlar, jumladan jamoatchilik asosidagi ijtimoiy xizmatlardan foydalana olishlari uchun imkoniyatlarni ta’minlash muhim deb hisoblayman", deya ta’kidladi u.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ta’lim vazirligi, Milliy gvardiyaning mas’ul xodimlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari deinstitutalizatsiya bo‘yicha oldinga qadam tashlash yo‘llari, jumladan muvofiqlashtirishni kuchaytirish, huquqiy me’yoriy bazani mustahkamlash, tegishli mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda zaif bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun hamjamiyatga asoslangan xizmatlarni tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.

Senatning Yoshlar ishlari, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhamedova “O‘zbekistonda deinstitutalizatsiya bo‘yicha qat’iy siyosatni shakllantirish bo‘yicha muvaffaqiyatga erishilgani va bu boradagi chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish bo‘yicha juda muhim qadamlar qo‘yilayotganini ta’kidladi. Hech kimni chetda qoldirmaslik bo‘yicha maqsadimizga erishish uchun bolalarni o‘z oilasi va hamjamiyatida qolishiga qaratilgan xizmatlarni yanada kuchaytirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Manba: O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATI

 

Powered by GSpeech