O‘zbekistonda Internet jamiyati shakllandi, amalda bundan to‘g‘ri va unumli foydalanish kerak

Poytaxtimizda “Strategik kommunikatsiyalar va yangi tarmoq strategiyalari to‘g‘risida xabardor qilish” mavzusida ikki kunlik seminar boshlandi.

Tadbir Latviya Respublikasining Moliyalashtirish va shartnomalar bo‘yicha markaziy agentligi (CFLA) tomonidan, Strategik islohotlar agentligi hamkorligida va Germaniyaning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha jamiyati (GIZ) ko‘magida tashkil etildi.

Tadbir mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida jamoatchilik bilan muloqot samaradorligini oshirish, davlat organlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qiziqish bildirgan vazirliklar, idoralar va axborot xizmatlari vakillarini birlashtirdi. Seminar strategik kommunikatsiyaning umumiy standartlarini ishlab chiqishga qaratilgan.

Seminarning ochilishida Strategik islohotlar agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov, Latviyaning O‘zbekistondagi elchisi Reynis Troksha hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) direktori birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov, adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov  ishtirok etdi.

Tadbir ochilishida so‘zga chiqqan Abdulla Abduqodirov bugungi kunda islohotlarning sifati faqat ularning mazmuni bilan emas, balki aholiga ushbu o‘zgarishlarning maqsadi va kutilayotgan natijalarini qanchalik samarali yetkaza olish bilan  belgilanishini ta’kidladi. Bu esa kommunikatsiyaga tizimli yondashuv va barcha darajadagi tashkilotlar o‘rtasida muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab qiladi.

– Strategik kommunikatsiyalar juda katta ahamiyatga ega, – dedi A.Abduqodirov. – Strategik hujjatlar bo‘yicha qo‘llanma tayyorlanmoqda. Unda strategiya, yo‘l xaritasi kabilar qanday bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib beriladi. Bularni ishlab chiqish oson emas, lekin bundan ham qiyini shu hujjatlarni xalqqa to‘g‘ri yetkaza olishdir. Bu esa juda katta mahorat talab qiladi. Ko‘p hollarda davlat boshqaruvi organlarining rasmiy kanallarida qabul qilinayotgan hujjat yoki olib borilayotgan ishlar haqida quruq axborot beriladi. Buning zamirida nima yotgani, asl mohiyati esa yaxshi ochib berilmaydi. Zero, davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha zarur hujjatlar qabul qilingan. Seminardan ko‘zlangan maqsad bu borada mas’ul bo‘lgan axborot xizmatlari malakasini oshirishdan iborat.  

O‘z navbatida, Latviya elchisi R.Troksha xalqaro tajriba bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini bildirib, davlat organlarining kommunikatsiya sohasidagi institutsional salohiyatini mustahkamlash tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. U ochiqlik va ishonch samarali boshqaruvning ajralmas tarkibiy qismlari ekanini ta’kidladi.

– O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari soni 2017 yilda 14 million nafar bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib bu ko‘rsatkich 32 million nafarga yetdi, – dedi AOKA direktorining birinchi o‘rinbosari D.Saidjonov. – O‘zbekistonda Internet jamiyati shakllandi. Amalda bundan samarali foydalanish, kerakli axborotlarni xalqqa o‘z vaqtida va sifatli yetkazish juda muhim. Axborot oqimi esa chegara tanlamaydi. Shunday sharoitda axborot xizmatlari o‘z faoliyatini olib bormoqda. Bu tizim nafaqat idora va tashkilotlar haqidagi xabarlarni tarqatish, balki jamoatchilik fikriga javob berishdek mas’uliyatli vazifani ado etmoqda. 2019 yilda xalqning fikri, bildirgan e’tirozi va tanqidlarga munosabat bildirish 15 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib bu ko‘rsatkich 95 foizga yetdi. Ya’ni, davlat organlari xalqqa ochildi.  

Seminarning birinchi kunida ishtirokchilar strategik kommunikatsiyani rejalashtirishning asosiy tamoyillari,  manfaatdor tomonlar va maqsadli auditoriyalarni jalb qilish,  inqirozli vaziyatlarda axborot tarqatish vositalari va standartlari,  davlat siyosatida ochiqlik va javobgarlikni ta’minlashda huquqiy bazaning roli kabi masalalarni muhokama qildi. 

Adliya vazirligi, GIZ va AOKA vakillari ma’ruzalar va taqdimotlar orqali OAV bilan hamkorlik qilish, islohotlarga ishonchni oshirish borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Seminarning amaliy qismi interaktiv guruh ishini o‘z ichiga oldi. Unda ishtirokchilar o‘z tashkilotlarining ichki kommunikatsiya strategiyalarini takomillashtirish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Muhokamalar yakunida ishtirokchilar yagona metodologik yondashuvlarni joriy etish zarurligini ta’kidladi. Muntazam kasbiy muloqotni tashkil etish foydali ekani aytib o‘tildi. 

Seminar o‘z ishini 21 may kuni davom ettiradi. Ikkinchi kuni ishtirokchilar sohaviy strategiyalarni jamoatchilikka samarali yetkazish vositalari, raqamli kommunikatsiya formatlari va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining institutsional rivojlanish va jamoatchilik bilan muloqot tajribalari bilan tanishadi.

Norgul Abduraimova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA

Powered by GSpeech