Reklama — axborot vositasi orqali ta’sir ko‘rsatish quroli. Agar u qonun talablariga zid bo‘lsa, odamlarni chalg‘itadi, ehtimoliy xatarga duchor etadi va bozorda notekis raqobatga sabab bo‘ladi.
Shu bois, reklama faoliyati aniq qonun-qoidalar asosida amalga oshirilishi talab etiladi. Afsuski, ayrim tadbirkorlar bu qoidalarga rioya etmay, noqonuniy, mantiqsiz, aldamchi yoki etikaga zid reklamalarni tarqatishga yo‘l qo‘ymoqda. Bu esa nafaqat qonunbuzarlik, balki jamoatchilik ishonchiga putur yetkazuvchi holat sifatida baholanadi.
Shu nuqtai nazardan, davlat organlarining bu boradagi nazorati va qonunbuzarlarga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llashi juda o‘rinli.
Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlari hamda tashqi reklama vositalarida joylashtirilgan reklama materiallarining reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish ishlari natijasida internet tarmoqlari hamda tashqi reklama vositalarida joylashtirilgan reklamalarning qonunchilik talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan sub’ektlarga nisbatan tegishli choralar qo‘llanildi.
Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq 17 ta sub’ektga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Qonun talablarini buzgan sub’ektlarga nisbatan jarimalar qo‘llanilishi — bu jamoatchilik manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan zarur chora. Har bir reklama beruvchi o‘z faoliyatida qonunchilikni bilishi, ularga amal qilishi, jamoatchilik oldida mas’uliyat his qilishini unutmasligi lozim.
Nigora Rahmonova,
O‘zA
- Qo'shildi: 03.07.2025
- Ko'rishlar: 132
- Chop etish