Qozog‘istonda “Alisher Navoiy va XXI asr” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Alisher Navoiy va XXI asr” xalqaro ilmiy konferensiyasi bu yil Qozog‘istonning Chimkent shahrida bo‘lib o‘tdi.

Dastlabki yetti anjuman O‘zbekistonda o‘tkazilgan bo‘lsa, keyinchalik u tom ma’noda xalqaro ahamiyat kasb etdi.  

2023 yilda ushbu konferensiya Ozarbayjonda, 2024 yilda Turkiyada bo‘lib o‘tgan edi.  

Joriy yilda esa ushbu ma’rifiy xalqaro anjuman Qozog‘istonning J.Tashenov nomidagi universitetida tashkil etildi va dunyoning turli davlatlaridan olimlar, turkologlar, adabiyotshunoslar hamda yosh tadqiqotchilarni bir joyga to‘pladi.  

Xalqaro anjumanning asosiy maqsadi buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ijodini chuqur o‘rganish, targ‘ib qilish hamda uning merosini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etishdan iborat bo‘ldi.  

Tadbir davomida Navoiy ijodining jahon madaniyatidagi o‘rni, matnshunoslik va tarjimashunoslik masalalari, shuningdek, uning asarlarini zamonaviy ta’lim tizimida o‘qitish kabi dolzarb mavzular muhokama etildi.  

Anjumanda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Eron kabi davlatlardan taniqli olimlar ishtirok etdi.  

Ular o‘z ma’ruzalarida Navoiyning adabiy, falsafiy va ilmiy merosi nainki o‘zbek xalqi, balki butun turkiy dunyo va jahon madaniyati uchun noyob manba ekanini ta’kidlashdi.  

Xalqaro anjuman doirasida o‘zbekistonlik  atoqli navoiyshunos olim, Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov qalamiga mansub “Amir Alisher” kitobining qozoq tiliga qilingan tarjimasi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.  

Ushbu muhtasham asarni J.Tashenov nomidagi universitet olimasi Sh.Naraliyeva qozoq tiliga o‘girgan.  

Mazkur asar Alisher Navoiyning hayoti, ijodi va tarixiy shaxs sifatidagi ulug‘vorligini aks ettiruvchi chuqur ilmiy-biografik tadqiqot bo‘lib, uni qozoq tilida chop etish nafaqat qozoq kitobxonlari, balki turkiy xalqlarning adabiy merosi bilan qiziquvchilar uchun ham katta ahamiyatga ega.  

Mazkur nufuzli konferensiya doirasida Navoiy ijodini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yangi ilmiy loyihalarni amalga oshirishga doir kelishuvlarga erishildi.  

Tadbir yakunida ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi uchun bir guruh olim va tadqiqotchilarga  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetining “Alisher Navoiy” medallari va faxriy yorliqlari taqdim etildi.  

An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro anjuman nafaqat o‘zbek adabiyoti va madaniyatini targ‘ib qilish, balki turkiy xalqlarning madaniy aloqalarini mustahkamlash va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga, ulug‘ shoir bobokalonimiz Alisher Navoiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga, navoiyshunos olimlarning ma’rifiy muloqotini tobora kuchaytirish va kengaytirishga muhim hissa qo‘shmoqda.  

N.Usmonova,  

O‘zA

Powered by GSpeech