Shu yil 10 avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “Erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlari kafolatlari to'g'risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasi parlament quyi palatasiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritildi.
Loyiha davlatimiz rahbarining 2019 yil 7 martda qabul qilingan “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida tayyorlangan.
Loyihani ishlab chiqishda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi va Adliya vazirligi
mutaxassislari bevosita ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Qo'mita raisi Akmal Saidovning ta'kidlashicha, ushbu qonun loyihasi jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va imkoniyatlarni ta'minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Loyihada erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta'minlashning asosiy printsiplari va bu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari belgilangan.
Loyihani ishlab chiqishda Markaziy Osiyo, MDH, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlarining gender tenglikni ta'minlash sohasidagi tajribasi o'rganilgan. Shuningdek, BMTning Ayollarga nisbatan tahqirlashning har qanday shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiyasi normalari hisobga olingan.
Istiqbolda ushbu qonunning qabul qilinishi natijasida:
birinchidan, erkaklar va ayollarning teng huquqlariga oid huquqiy munosabatlar takomillashadi;
ikkinchidan, shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlash kafolatlari mustahkamlanadi;
uchinchidan, bu boradagi munosabatlarni tartibga soluvchi turli darajadagi qonunosti hujjatlar to'g'ridan-to'g'ri amal qiladigan yagona qonunda mujassamlashadi;
to'rtinchidan, sohaga doir huquqni qo'llash amaliyotining aniq va bir xilda bo'lishi ta'minlanadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.08.2019
- Ko'rishlar: 6910
- Chop etish