24 oktyabr kuni Nurafshon shahrida “Saylov qonunchiligi targ'ibotida ommaviy axborot vositalarining o'rni va mas'uliyati” mavzusida seminar bo'lib o'tdi. Xalqaro matbuot markazi Toshkent viloyati bo'limi binosida tashkil etilgan ushbu tadbirda tuman, shahar gazetalari bosh muharrirlari, hokimliklarning axborot xizmatlari rahbarlari ishtirok etdi.
Joriy yil 22 dekabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo'lib o'tadigan saylovlar tobora yaqinlashmoqda. “Yangi O'zbekiston — yangi saylovlar!” umumshiori ostida o'tadigan muhim siyosiy kampaniyaga tayyorgarlik ayni avjida.
Bu jarayonda aholining huquqiy madaniyati, xususan, saylov qonunchiligidan habardorligini oshirish nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Shu bois Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarori bilan mamlakatimizda 20 oktyabrdan – 20 noyabrga qadar “Saylov qonunchiligi targ'iboti oyligi” o'tkazilmoqda.
Saylovlarda ochiqlik va oshkoralik printsiplarining to'laqonli amalda bo'lishida ommaviy axborot vositalarining o'rni va ahamiyati beqiyos. Shu sababli tadbirda tegishli saylov komissiyalari o'z faoliyatlarida ommaviy axborot vositalari xizmati va ko'magiga katta umid va ishonch bildirishi ta'kidlandi.
Seminarda so'zga chiqqan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devonining yetakchi mutaxassisi M. Abidov, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakili M. Usmonov, Toshkent davlat yuridik universiteti professori H.Muhammedov va boshqalar Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, saylovoldi targ'iboti jarayonini tenglik va oshkoralik tamoyillari asosida olib borish, bunda jurnalistlarning mas'uliyati masalalari bo'yicha tushunchalar berishdi.
Seminar yakunida yig'ilganlar o'zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishdi.
Ma'lumot uchun: Xalqaro matbuot markazi Toshkent viloyati bo'limi xabariga qaraganda, saylovga doir materiallar “Toshkent” telekanali va radiosida, “Toshkent haqiqati” va “Tashkentskaya pravda” gazetalari, shuningdek, tarmoq nashrlari, shahar, tuman hokimliklari muassisligidagi nashrlar, O'zbekiston milliy axborot agentligi Toshkent viloyati muxbirlik bo'limi, mahalliy internet saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlarda muntazam yoritib borilmoqda.
Xususan, ayni kungacha bosma nashrlarda – 84 ta, “Toshkent” telekanalida 12 ta, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda 200 dan ortiq materiallar e'lon qilingan. Saylov jarayonini yanada keng yoritish bo'yicha OAV vakillari va blogerlar bilan faol ish olib borilmoqda.
Yana bir muhim ma'lumot: Toshkent viloyati ommaviy axborot vositalari va markaziy nashrlarning hududiy muxbirlik bo'limlarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlarni viloyat saylov komissiyasida akkreditatsiyadan o'tkazish boshlangan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.10.2019
- Ko'rishlar: 5531
- Chop etish