Hujjatga ko‘ra, migrantlar ilova orqali ro‘yxatdan o‘tishi, geolokatsiya kuzatuvi yordamida shaxsiy ma’lumotlarning uzatilishiga rozilik berishi shart.
Rossiya Davlat Dumasi xorijiy fuqarolarni mobil ilova yordamida eksperimental ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.
Hujjatga ko‘ra, ilova orqali migrantlar ro‘yxatdan o‘tishi, geolokatsiya kuzatuvi yordamida shaxsiy ma’lumotlarning uzatilishiga rozilik berishi, shuningdek, ichki ishlar vazirligi hududiy organiga o‘zining haqiqiy manzili haqida muntazam ravishda ma’lumot berib turishi shart. Tajriba 2025 yil 1 sentabrdan Moskva va Moskva viloyatida boshlanadi va to‘rt yil davom etadi.
Yangi qonun, shuningdek, bir hududda patent olgan xorijliklarga sub’yektlar o‘rtasida kelishuv mavjud bo‘lgan taqdirda, boshqa viloyat hududida ishlash imkoniyatini ham nazarda tutadi. Bunday shartnomalar Moskva va Moskva viloyati, shuningdek, Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati hokimiyatlari tomonidan tuzilishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, ish beruvchilar, agar u Rossiya Federatsiyasining ikkita ta’sis sub’yektida ishlayotgan bo‘lsa, chet el fuqarosining ish joyidagi Ichki ishlar vazirligining hududiy organini xabardor qilishi shart.
Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ta’kidlaganidek, migrantlar uchun yashash joyi bo‘yicha majburiy ro‘yxatdan o‘tish, barmoq izlari, biometrik suratga olish va mobil qurilmalarning geolokatsiyasi monitoringi joriy etilmoqda. Bu choralar Belarus diplomatlari va fuqarolariga taalluqli emas. Agar tajriba muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, uning ta’siri Rossiyaning boshqa hududlariga ham tarqalishi mumkin.
Kun.uz
- Qo'shildi: 22.05.2025
- Ko'rishlar: 273
- Chop etish