Samarqand davlat universiteti necha yoshda?

Shu yil 16-17 iyul kunlari Samarqandda "Samarqand Davlat universiteti - Ulug'bek madrasai oliyasining vorisi" mavzuida xalqaro ilmiy konferentsiya bo'lib o'tdi. Onlayn-anjumanni Samarqand davlat universiteti rektori professor R.Xolmurodov boshqardi.

Konferentsiyaning yalpi majlisida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori R.Qosimov, Islom tarixi, san'ati va madaniyati tadqiqot markazi bosh direktori Xalit Eren, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, akademik A.Saidov va boshqalarning tabrik so'zlari eshitildi, deb xabar berdi O'zA.

Xalqaro anjumanda O'zbekistonda ta'lim va ilm-fan sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar Samarqand davlat universiteti taqdirida ham g'oyat muhim hayotbaxsh o'zgarishlarni vujudga keltirganiga e'tibor qaratildi. Dunyo ta'lim tizimining ilg'or texnologiyalarini o'quv-tarbiya jarayoniga tatbiq etish bilan birga, bu qutlug' maskanda shonli an'analar davom ettirilmoqda va ular Samarqandda zamonaviy universitet modelining yaratilishiga xizmat qilmoqda.

Tarixiy manbalar va ilmiy tadqiqotlar Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug'bek oliy madrasasining bevosita vorisi ekanini, uning ta'sis etilish tarixi ham 1420 yilga, ya'ni Mirzo Ulug'bek oliy madrasasining ta'sis etilish sanasiga borib taqalishini yaqqol namoyon qilib turibdi.

Ushbu masala ancha vaqt davomida yurtimiz ilmiy jamoatchiligi, dunyodagi nufuzli universitetlar, ilm-ma'rifat markazlari vakillari o'rtasida atroflicha muhokama etildi va chuqur tahlil qilindi. Bu boradagi tarixiy manbalar o'rganildi hamda tarixiy haqiqat qaror topdi.

Shu asosda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi joriy yilning sentyabr` oyida Samarqand davlat universiteti tashkil etilganligining 600 yilligini nishonlash to'g'risida qaror qabul qildi. Mazkur ilmiy anjuman ana shu yubiley tadbirlari doirasida o'tkazilgani bilan ahamiyatlidir.

Xalqaro ilmiy konferentsiyada, shuningdek, Markaziy Osiyo, xususan, bugungi O'zbekiston hududi tarixda ilm-fan, madaniyat va san'atning qadimiy beshigi bo'lganligi e'tirof etildi. Zaminimizdan yetishib chiqqan va dunyo sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo'shgan buyuk allomalarning ilmiy-falsafiy qarashlari hamda bebaho ilmiy meroslarida madrasa ta'limi muhim o'rin tutgani ta'kidlandi.

Tarixiy manbalarga ko'ra, X asrning oxiriga kelib Samarqandda 17 ta madrasa faoliyat yuritgan. Bular orasida oliy madrasa maqomiga ega madrasalar ham bo'lgan. Amir Temur va temuriylar renessansi davrida Movarounnahr va Xurosonda, xususan, poytaxt Samarqandda fan va madaniyatning misli ko'rilmagan tarzda yuksalishi bu davrda mamlakatning yirik shaharlarida oliy madrasalar qurilgani, bu ta'lim maskanlarida yetuk allomalar va mudarrislar faoliyat ko'rsatgani bilan bog'liq.

Akademik A.Saidov qayd etganidek, Amir Temur o'z davrida ilmga, ma'rifatga asoslangan davlat qurgan. Asrlar davomida ilm o'chog'i bo'lsin, deb madrasalar qurdirgan. Bu madrasalarda diniy va dunyoviy ilmlar hamohang ravishda o'rganilgan.

Sohibqiron bobomiz avlodlari, xususan, Mirzo Ulug'bek ul zotning ma'rifatparvarlik va bunyodkorlik ishlarini izchil davom ettirgan. Ulug' shoh va olim ajdodimiz mintaqa shaharlarini, ayniqsa, Samarqand va Buxoroni ilmu ma'rifat dargohiga aylantirishga intilgan.

Mirzo Ulug'bek bunyod ettirgan Samarqanddagi 2 ta, Buxoro va G'ijduvondagi bittadan - jami 4 ta madrasa orasida Registon ansambli tarkibidagi madrasa nufuzi jihatidan Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng oliy ta'lim maskani hisoblangan. Mirzo Ulug'bek qurdirgan oliy madrasa va uning qoshida barpo etilgan rasadxona me'moriy betakrorligi va nodirligi, devorida va peshtoqida aks etgan yetti iqlim xaritasi va yulduzli osmon chizilgan, ilm haqidagi hadisu hikmatlar bitilgan bu inshootlar haqli ravishda O'rta asrlardagi Samarqand madrasalarining ramziga aylandi.

Mashhur tarixchi va shoir Zayniddin Vosifiyning “Badoe' ul-vaqoe'” asarida keltirilishicha, Mirzo Ulug'bek madrasasida Klavdiy Ptolomeyning astronomiya fani yutuqlariga bag'ishlangan “Al-Majastiy” (“Al`magest”) asari bo'yicha ilk darsni 1420 yil 21 sentyabrda mashhur olim Shamsiddin Muhammad Xavofiy o'tgan. Xuddi shu kunni, madrasai oliyada madrasa faoliyatining boshlanish sanasi, deb hisoblash o'rinlidir.

Shu ma'noda, xalqaro ilmiy anjuman ishtirokchilarining yakuniy fikricha, Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug'bek oliy madrasasining bevosita vorisi bo'lib, uning ta'sis etilish tarixi ham 1420 yilga Mirzo Ulug'bek oliy madrasasining ta'sis etilish sanasiga borib taqaladi. Bu, o'z navbatida, Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug'bek asos solgan madrasai oliyaning bevosita davomchisi, deb xulosa chiqarishga va haqli ravishda Universitetning 600 yilligini keng nishonlashga asos bo'ladi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech