O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Namangan davlat universiteti, Termiz davlat universiteti, Nukus davlat universiteti hamda Samarqand davlat universitetlari hamkorligida “O'zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligi: holati va istiqbollari” mavzuida davra suhbati o'tkazildi.
“Zoom” onlayn platformasi shaklida tashkil etilgan ushbu tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, institut va markaz hodimlari, yuridik sohada faoliyat yurituvchi taniqli olimlar, ekspertlar hamda amaliyotchilar qatnashdi.
Ta'kidlanganidek, milliy saylov qonunchiligimizni takomillashtirish, uni umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga uyg'unlashtirish, mamlakatimizning siyosiy nufuzini yangi bosqichga ko'tarish, xalqaro reyting va indekslardagi o'rnini yanada yaxshilash asosiy vazifalardan biridir. Shuningdek, 2019 yilda bo'lib o'tgan parlament saylovlarida yuzaga kelgan bir qator kamchilik va muammolarni bartaraf etish, xalqaro tashkilotlarning ayrim maqbul tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali mamlakatimizda bu sohada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar mohiyatini xalqaro hamjamiyatga yetkazish zarurligi qayd etildi.
Anjumanda, shuningdek, O'zbekiston Respublikasining “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonuni loyihasi atroflicha muhokama qilindi.
So'z — ishtirokchilarga
Abdumannop TO'LAGANOV, yuridik fanlar doktori:
— Harakatlar strategiyasining asosiy maqsadlari doirasida umume'tirof etilgan demokratik talab va printsiplarni hisobga olgan holda davlatimiz tarixida birinchi marta Saylov kodeksi qabul qilindi, saylov tashkilotchilari va ishtirokchilarining erkin faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi, Saylovchilarning yagona elektron ro'yxatining faoliyat ko'rsatishi tartibi qonuniy tartibga solindi va sinovdan o'tkazildi.
Eng muhimi, Saylov kodeksi 5 ta ilgari mavjud bo'lgan qonunlarni o'zida birlashtirdi. Unga o'ttizdan ortiq yangi qoidalar, jumladan, xalqaro tashkilotlarning qator takliflari asosida ishlab chiqilgan normalar kiritildi.
Muhokama qilinayotgan qonun loyihasi milliy saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish, uni xalqaro standartlarga moslashtirish, mamlakatning xalqaro demokratiya indekslaridagi mavqeini izchil oshirish uchun mo'ljallangan.
Qonun loyihasini yanada takomillashtirish borasida, birinchidan, qonun loyihasining 6-moddasi uchinchi qismida “Siyosiy partiyalar saylov kampaniyasi davrida O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag'lar uchun hisobvaraq ochiladi” deb ataladigan jumlani “hamda barcha kelib tushadigan mablag'lar uchun mo'ljallangan” deb to'ldirish, ikkinchidan, saylov natijalarini e'lon qilish muddatlari asossiz cho'zilishining oldini olish maqsadida saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirish” tushunchasi 7 kun (bir hafta) etib belgilanishi maqsadga muvofiq, deb bilamiz.
Murod TURG'UNOV, yuridik fanlar nomzodi:
— Qonun loyihasi bir qator xususiyatlari bilan ajralib turadi. Shulardan biri qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga Markaziy saylov komissiyasi yoki Hukumat tomonidan emas, balki deputatlar guruhi tomonidan qonunchilik tashabbusini amalga oshirish doirasida taqdim etilgani bo'ldi.
Qolaversa, qonun loyihasi aholi ishtirokida keng muhokama etilishini hisobga olgan holda “qonunning yagona manbai va muallifi bo'lishi kerak” tamoyili asosida ishlab chiqildi. Bu deputatlarning faolligi va tashabbuskorligi oshganidan dalolat beradi. Shuningdek, milliy saylov qonunchiligini takomillashtirish, uni qabul qilingan xalqaro andozalarga muvofiq olib borish maqsadida AQSH, Shveytsariya, Ispaniya, Frantsiya, Germaniya kabi yigirmadan ortiq xorijiy davlatlarning saylov huquqi borasidagi tajribasi chuqur o'rganildi.
Milliy va xorijiy ekspertlar tavsiyalari asosida saylov komissiyalarining mustaqilligi, erkinligini ta'minlash, ularning maqomini qonun bilan mustahkamlash, mahalliy saylov komissiyalarini optimallashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o'tkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilmokda va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanmokda. “Optimizatsiya” natijasida 54 mingdan ziyod a'zodan iborat 5 ming 739 ta okrug saylov komissiyalari tugatiladi. Bu salmoqli inson resurslari tejaladi, ortiqcha va keraksiz ovoragarchilikka barham beriladi, deganidir.
Ma'ruf USMONOV, falsafa fanlari doktori:
— Qonun tashabbusi bilan chiqqan deputatlar guruhi tarkibida barcha siyosiy partiyalar vakillari mavjudligiga alohida e'tibor qaratish zarur. Ya'ni, qonun loyihasi mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlarning mamlakat saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada rivojlantirish bo'yicha konsensusi natijasidir. U 2020 yil fevraldan boshlab Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida siyosiy partiyalar, ularning elektoratlari va faollari, saylov organlari, davlat va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida keng muhokamadan o'tkazilgan.
Tegishli davra suhbatlari, uchrashuvlarda saylov komissiyalari tizimi va huquqiy maqomi, saylovga doir qonunchilik, saylovlarning kalendar rejasi va amalga oshirish muddatlari, saylov byudjeti, xalqaro hamkorlik, siyosiy partiyalarning saylovlardagi ishtiroki, deputatlikka nomzodlarni ro'yxatga olish, saylovchilarning yagona elektron ro'yxati va saylovchilarni ro'yxatga olish jarayoni, saylovlarning ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash kabi masalalar atroflicha muhokama qilinib, tegishli takliflar olingan. Ushbu takliflar qonun tashabbuskorlari tomonidan yig'ib, tahlil qilingan, tizimlangan va qonun loyihasini ishlab chiqishda inobatga olingan.
Qonun loyihasida ham fuqarolarning saylovda faol ishtirokini ta'minlash, ularning joylashgan joyi va vaqtinchalik yashash joyidan qat'i nazar, saylov huquqlarini amalga oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan. Bunga misol qilib, 2019 yilgi saylovlarda Rossiya, Koreya Respublikasi va Qozog'istonda faoliyat yuritayotgan 90 mingdan ziyod O'zbekiston fuqarosi ko'chma saylov qutilaridan foydalangan holda ovoz berdi. Loyihaga xorijiy davlatlarda bo'lgan fuqarolarni saylov ro'yxatiga kiritish va xorijiy davlatda saylovchining yashash joyida ovoz berish tartibini belgilashga bag'ishlangan ikkita alohida modda kiritilgan.
Abdullo ASLONOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo'yicha komissiyasi raisi:
— Qonun loyihasining muhokamasi yoshlar orasida nihoyatda qizg'in davom etmoqda.
Xususan, yoshlar orasida qonun loyihasiga bag'ishlangan so'rovnoma o'tkazildi. Ikkita savoldan iborat bo'lgan so'rovda bir kun davomida 911 nafar respondent ishtirok etib, “Qonun loyihasi haqida xabaringiz bormi?” savoliga aksariyati, ya'ni 637 nafar respondent ijobiy javob bergan. “Qonun loyihasiga munosabatingiz” savoliga 719 nafar respondent ijobiy javob bergan bo'lsa, 71 nafari salbiy hamda 121 nafari javob berishga qiynalaman, mazmunida javob aytgan.
Umuman olganda, milliy saylov qonunchiligini umume'tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga yanada muvofiqlashtirish hamda saylov jarayonida yoshlarning qiziqishini oshirish — pirovard maqsadimiz.
Jo'raboy TOSHQULOV, yuridik fanlar doktori:
— Mamlakatimiz hududida saylovlar azaldan amalga oshirib kelingan. Bu, kechagi yoki yaqin tariximizdagi voqelik emas. Xalqaro hamjamiyatda Buyuk Britaniya parlamentarizmning vatani, deb tan olinsa-da, o'tkazilgan tadqiqotlar o'lkamizda qadimgi zamondan boshlab kengashlar, qurultoylar faoliyat yuritganini, ushbu organlarga munosib vakillar saylanganligi, ular jamiyat hayotiga katta ta'sir ko'rsatganligini, umuman olganda, demokratik saylovlar tizimi mavjud bo'lganligini isbotlaydi.
O'zbekiston davlati va huquqi tarixida saylovlar bilan bog'liq boy tajribalar bisyor. Masalan, Davan davlati, O'rta asrlarda mavjud mamlakatlar, Temuriylar saltanati va boshqalar tarixiga nazar solsak, davlat boshliqlarining saylovlar asosida hokimiyat tepasiga kelishi, o'ziga xos parlamentlar faoliyat yuritganini, ularning javobgarlikka tortilishi masalalari, ularga nisbatan ishonchsizlik (impichment) e'lon qilinishining mumkinligi bilan bog'liq qoidalar mavjud bo'lganligining guvohi bo'lamiz.
Ko'pgina davlatlarda mavjud bo'lgan Oqsoqollar kengashi esa katta mavqega ega bo'lib, mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotiga juda katta ta'sir ko'rsatganligini, davlat boshliqlarini javobgarlikka torta olganini, ularning hatto, hokimiyatdan chetlashtirilishi bilan bog'liq tajribalarni kuzatish mumkin.
Feruza HAMDAMOVA, yuridik fanlar bo'yicha falsafa doktori:
— Amaldagi qonunchilikni takomillashtirishda umumiy tendentsiyalarni inobatga olish lozim. Birinchidan, bugungi kunda qonunchilikni takomillashtirishda inobatga olinadigan va ta'sir ko'rsatuvchi eng asosiy omillardan biri — raqamlashtirish jarayonlaridir. Shu bois, saylov jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy qilish masalasini o'rganib chiqish kerak. Bu borada xorijiy tajribaga nazar solish maqsadga muvofiq.
Masalan, Rossiyada bugungi kunda davlat “Mobil saylovchi” mexanizmi joriy qilingan, raqamli saylov uchastkalarini tashkillashtirish bo'yicha choralar ko'rilmoqda, jurnalistlar uchun raqamli guvohnomalar joriy etish masalasi o'rganilmoqda.
Jahon tajribasida “elektron ovoz berish”, “saylov jarayonlarini avtomatizatsiya qilish va raqamlashtirish”, “elektron referendum” tushunchalari qonunchilikka tatbiq etilyapti.
Ikkinchidan, inson huquqlari nuqtai nazaridan tahlil qilsak, asosiy tendentsiyalardan biri — aholining barcha qatlamlarini ijtimoiy-siyosiy jalb qilish hisoblanadi. Volontyorlar, yoshlar, ayollar va nogironlarning saylovda ishtirokini ta'minlash zarur.
Shulardan kelib chiqib, saylov qonunchiligiga “elektron ovoz berish”, “saylov jarayonlarini avtomatizatsiya qilish va raqamlashtirish”, “elektron referendum” tushunchalarini qonunchilikka joriy qilish hamda inklyuziv saylov jarayonini ta'minlash choralariga oid normalar kiritishni taklif qilaman.
Laviza ISXAKOVA, yuridik fanlar nomzodi:
— Qonun tashabbuskorlari partiyalarni saylovlarda moliyalashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratgan. Bu naqadar ahamiyatliligini AQSH tajribasi ham ko'rsatib turibdi. AQShda saylovlarga oid qonunchilikda partiyalarni moliyalashtirishga boshqa masalalarga nisbatan ustuvor e'tibor qaratiladi.
Xorijiy ekspertlarning fikricha, siyosiy partiyalarning saylovdagi faoliyati moliyalashtirish va hisobot berish jarayonlari orqali tartibga solinishi lozim.
Loyihada siyosiy partiyalarni moliyalashtirishni tartibga solish masalalari batafsil yoritib berilgan:
moliyalashtirish miqdori Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va davlat byudjetidan ajratilgan mablag'lar uchun ochilgan hisobvarag'iga belgilangan tartibda o'tkaziladi;
moliyalashtiriladigan tadbirlar aniq belgilangan (saylovoldi tashviqoti, ishonchli vakillarning ishtiroki, saylov kampaniyalari uchun umumiy partiya tadbirlari);
hisobot organlari va hisobot shaklini belgilaydigan organlar aniq belgilangan;
siyosiy partiyaning hisobotlari uning rasmiy veb-saytida va bosma nashrida e'lon qilinadi;
shaffoflikka erishish uchun Hisob palatasining siyosiy partiyalar moliyaviy faoliyatini tekshirish natijalari ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi.
Qonun loyihasida “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to'g'risida”gi qonunning 6, 8, 10, 16, 18-moddalariga taklif qilinayotgan o'zgartirishlarda chet el tajribasidan foydalanishga alohida e'tibor qaratish lozim.
Yelizaveta Kuttibaeva, yuridik fanlar doktori, Qoraqalpoq davlat universiteti yuridik fakul`teti dekani:
— Demokratik huquqiy davlatni shakllantirish sharoitida saylovlar instituti demokratiyani amalga oshirishning haqiqiy mexanizmiga aylanmoqda. Bu Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari bilan ham tasdiqlangan.
Ko'p partiyaviylik tizimini mustahkamlash, siyosiy partiyalar faolligini oshirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish samarali fuqarolik jamiyatini shakllantirishning muhim shartlaridan biridir. Saylovlarni moliyalashtirishning ko'zda tutilgan yangi tartibi saylov kampaniyasi davomida ular faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlashga yordam beradi.
Milliy saylov qonunchiligini bosqichma-bosqich takomillashtirish, uni xalqaro standartlarga tobora to'liq moslashtirish va milliy saylov tizimini yanada mustahkamlash O'zbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning chuqurlashuvi bilan bevosita bog'liqdir.
Jumanazar XOLMO'MINOV, yuridik fanlar doktori, Termiz davlat universiteti yuridik fakul`teti dekani:
— Saylov qonunchiligini takomillashtirish masalasi nafaqat markazda, balki joylarda ham muhokama qilinayotir. Qizg'in muhokamalar bo'lib o'tmoqda.
Respublikamizning saylov qonunchiligi va amaliyoti bo'yicha fakul`tetimiz professor-o'qituvchilari va talabalari ham o'z fikrlarini bildirayotganligi e'tiborga loyiq.
Asosiy maqsad — yuridik sohadagi ilm-fan natijalarini amaliyotga, qonun ijodkorligi faoliyatiga tatbiq etishdir.
Bahriddin TALAPOV, tarix fanlari nomzodi, Namangan davlat universiteti yuridik fakul`teti dekani:
— Avvalgi saylov haqidagi qonunlarimizning yaxlit tamoyil asosida kodifikatsiyalashtirilgani mamlakatimiz qonunchiligidagi muhim qadamdir.
Saylov kodeksida saylovchilarga oldingi qonunchiligimizda mavjud bo'lmagan qulayliklar va erkinliklar yaratilgan. Chunonchi, Saylov kodeksining 10-moddasida qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari tuzilishi mumkinligi va ijtimoiy xavfi katta bo'lmagan jinoyat sodir etganlarga saylov huquqining berilishi alohida e'tiborga molik holat hisoblanadi.
Saylov o'tkazish bo'yicha xalqaro amaliyotda to'plangan tajribalarning samarali implementatsiya qilinganligi Saylov kodeksida yorqin ifodasini topgan, rivojlangan mamlakatlarning amaliy tajribalaridan keng foydalanilgan. Ayniqsa, mamlakatimiz iqlim sharoitini hisobga olgan holda saylov muddati yilning oktyabr` oyiga o'tkazilishi saylov jarayonlariga tayyorgarlik ko'rish va bu jarayonda saylovchilarning emin-erkin ishtirok etishlari uchun qulay sharoit yaratadi.
Rahmatjon MIRZAEV, yuridik fanlar nomzodi, Samarqand davlat universiteti yuridik fakul`teti dekani:
— Qonun loyihasi milliy saylov qonunchiligimiz asosiy xalqaro-huquqiy hujjatlardagi umume'tirof etilgan saylov printsiplari va standartlari talablariga muvofiq kelishi, fuqarolarning davlat organlariga saylash va saylanishi bilan bog'liq konstitutsiyaviy huquqlari amalga oshirilishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, bugungi raqobat jarayoni tobora shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir pallada fuqarolarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini ta'minlashga ko'maklashadi.
***
Ishtirokchilar, shuningdek, mamlakatimizda “yuridik sotsiologiya” fanini yanada rivojlantirish, jamiyatda saylov madaniyatini oshirish kabi masalalarga ham e'tibor qaratdilar. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko'rib chiqilayotgan qonun loyihasi umume'tirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish, saylov jarayonlarining ochiq va oshkora o'tishini ta'minlashga xizmat qiladi.
Bir paytning o'zida O'zbekistonning jahon mamlakatlari demokratiya indeksidagi o'rni yaxshilanishi ta'minlanadi, saylovlardan keyin oliy davlat organlarini o'z vaqtida shakllantirish va muhim siyosiy qarorlarni qabul qilish uchun zamin yaratiladi, fuqarolarning saylovlardagi ishtiroki bo'yicha salbiy holatlarning oldi olinadi hamda kuzatuvchilar va saylovchilar uchun qulay sharoit vujudga keladi.
Rahim SHERQULOV
(“Xalq so'zi” gazetasi, 2021 yil 29 yanvar)
- Qo'shildi: 29.01.2021
- Ko'rishlar: 3780
- Chop etish