Markaziy saylov komissiyasining qaroriga ko‘ra, bu yil bo‘lib o‘tadigan saylovning eng muhim bosqichi — deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti 2024 yil 22 sentyabrdan boshlandi. Endilikda saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolguniga qadar siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari, ishonchli vakillar tomonidan saylovoldi tashviqoti olib boriladi.
Xo‘sh, saylovoldi tashviqotini olib borishda nimalarga e’tibor qaratish lozim? Qonunchiligimizda ushbu jarayonni amalga oshirish mobaynida mumkin bo‘lgan va taqiqlangan qanday holatlar bor? Kimlar saylovoldi tashviqotini olib bora olmaydi?
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 9-bobi saylovoldi tashviqotiga bag‘ishlangan bo‘lib, tashviqotni olib borish tartibi, usul va shakllari haqidagi normalar mustahkamlangan.
Avvalo, saylovoldi tashviqotining o‘zi nima? Saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyatdir. Nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, siyosiy partiyalar va ularning vakillari saylovoldi tashviqotini qonunda belgilangan shakllarda va usullarda amalga oshirish huquqiga ega hisoblanadi.
Saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida esa tashviqotga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tashviqot omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin. Jumladan, ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, Internet tarmog‘i orqali, shuningdek, bosma, ko‘rgazmali, audiovizual, plakatlar, varaqalar va boshqa tashviqot materiallarni chiqarish hamda tarqatish orqali, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish asosida amalga oshiriladi.
Shuni alohida e’tirof etish lozimki, tashviqot olib borilayotganda siyosiy partiyalarga davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqti va nashr maydoni bepul beriladi. Bu orqali barcha partiyalarga teng sharoitlar ta’minlanadi. Bundan tashqari, davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkinligi qonunchiligimizda mustahkamlangan.
Bu galgi saylovlarning muhim yangiliklaridan biri — sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlash va tarqatish mumkin. Bunda ham belgilangan qoidalar bor, albatta. Ya’ni, materialning sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib tayyorlangani haqida ma’lumotlar ko‘rsatilishi, biror-bir shaxsning tasviri, ovozi va boshqa ma’lumotlaridan foydalanilganda, uning roziligi olinishi lozim.
Saylovoldi tashviqotini olib borishda bir qator holatlar taqiqlangan. Xususan, tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi. Noto‘g‘ri axborotni tarqatish, shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligini buzish, shuningdek, nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlangan vakillar ham bor. Xususan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, sudyalar, saylov komissiyalari a’zolari, diniy tashkilotlar professional xizmatchilari saylovoldi tashviqotini olib borishi mumkin emas.
Shu bilan birga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o‘z mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi ham taqiqlanadi.
Tashviqot davri saylovning eng muhim pallasi sanalar ekan, bu vaqtda siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari qonunchilikda belgilangan tartib-qoidalardan kelib chiqib, faollik ko‘rsatishi, saylovchilar bilan keng ko‘lamda ishlashi, o‘zlarining saylovoldi dasturlari haqida fuqarolarga batafsil ma’lumot yetkazishlari lozim.
Zero, xalq ichiga chuqurroq kirib borgan, o‘z siyosiy g‘oya va tashabbuslariga saylovchilarni ishontira olgan partiya va nomzodgina saylovchilar tanlovida munosib natijaga erishishi mumkin.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 24.09.2024
- Ko'rishlar: 792
- Chop etish