2032 yil Yerga urilishi ehtimoli mavjud 2024 YR4 asteroididan sayyoraviy mudofaalanish uchun Xitoyning Mudofaa fan, texnologiya va sanoat davlat boshqarmasi yetuk mutaxassislardan iborat maxsus jamoa tuzishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq NASA agentligi yaqinda aniqlangan 2024 YR4 asteroidining 2032 yil Yer bilan to‘qnashishi ehtimoli 2,3 foizga ko‘tarilganini e’lon qilgandi. Mazkur samoviy jism 2024 yil dekabrda aniqlangan bo‘lib, hozircha zaminimizga urilishi ehtimoli bir foizdan yuqori yagona, aylanasi 90 metrga yaqin asteroid ekani ma’lum.
Topilma aniqlangandan bir necha hafta o‘tgach, XXR Mudofaa bo‘yicha maxsus loyihalar markazi sayyoraviy mudofaa tizimida uch bo‘sh ish o‘rni mavjudligini e’lon qildi. Bu haqda “South China Morning Post” yozgan.
Gazeta ta’kidlashicha, aerokosmik muhandislik tadqiqotlari va Yerni kuzatish uchun mas’ul markaz mutaxassislarni asteroid monitoringini o‘rganish va erta ogohlantirish usullarini yaratishga jalb qilmoqchi.
Yaqinda Xitoy Fanlar akademiyasi Milliy fazoviy fanlar markazi tadqiqotchisi Li Mingtao “China Science Daily” gazetasiga intervyu berib, 2024 YR4 Yer bilan to‘qnashishi ehtimoli orbital kuzatuv ma’lumoti to‘planishi bilan o‘zgarishini aytdi.
– Olimlar joriy yil apreligacha asteroidni kuzatadi, – deydi olim. – Keyingi taxminlar 2028 yil, asteroid Yerga yanada yaqinlashganda yuzaga chiqadi. Shundan so‘ng asteroidning Yerga urilish ehtimolini aniqroq baholay olamiz. Agar zamin bilan to‘qnashsa, asteroidning okeanga qulashi ehtimoli yuqori. Bu hodisa ochiq dengizda sodir bo‘lsa, odamlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Sohilga yaqin tushsa, qirg‘oq bo‘yi manzillariga ziyon yetkazuvchi sunamini keltirib chiqaradi. Mabodo samoviy jism quruqlikka qulasa, havoda parchalanishi natijasida kelib chiqadigan zarba to‘lqini, issiqlik va yorug‘lik o‘rtacha kattalikdagi shahar hududini vayron qilishi mumkin.
Himoya usullari haqida gapirarkan, olim hozirgi eng ilg‘or texnik vosita sifatida, asteroidga yuqori tezlikda urilib, orbitasini o‘zgartirish va Yer yonidan uchib o‘tishga majbur qiladigan kosmik kema shaylash kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, Li Mingtao bugungi kunda gravitatsiya yordamida asteroidni jalb qilish yoki lazer singari texnik usullar yordamida jismni zararsizlantirish ham o‘rganilayotganini qo‘shimcha qilgan.
2024 yil 27 dekabr kuni Chilidagi ATLAS rasadxonasida aniqlangan 2024 YR4 asteroidining diametri dastlabki taxminlarga ko‘ra, 70 metr atrofida, ya’ni Chelyabinsk meteoritidan 3-4 barobar katta. 2013 yil 15 fevralda Uralga qulagan ushbu ob’ekt aylanasi 19,8 metr edi.
S.Rahimov, O‘zA
- Qo'shildi: 28.02.2025
- Ko'rishlar: 693
- Chop etish