Bu muammoga 26 fevral kuni videokonferentsaloqa tarzida bo'lib o'tgan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisida e'tibor qaratildi. Majlisni parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi.
Senat a'zolari, Vazirlar Mahkamasi mutasaddilari ishtirok etgan mazkur majlisda qonunlarning ijrosi holati, huquqni qo'llash amaliyotini o'rganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari muhokama qilindi, deyiladi senat.uz sayti xabarida.
Ta'kidlanganidek, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish, ro'yobga chiqarilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan ta'minlanishini takomillashtirish maqsadida Senat qo'mitalari tomonidan qator qonunlar ijrosining holati, huquqni qo'llash amaliyoti o'rganildi va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoring olib borildi.
Tahlillar ayrim qonunlarda aniq mexanizmlarning aks ettirilmaganligi, havolaki normalarning mavjudligi sababli sohaning asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinib kelinganligi, shuningdek qabul qilingan ayrim qonunlardagi normalarning amaliyotda qo'llanilmayotganligi sababli qonunlarni bugungi kun talablari asosida qayta ko'rib chiqish hamda takomillashtirish lozimligini ko'rsatdi.
Jumladan, “Elektron tijorat to'g'risida”gi Qonunda elektron tijorat sohasidagi qonun hujjatlari tizimlashtirilmagan, mazkur munosabatlarni to'g'ridan-to'g'ri tartibga soluvchi norma va munosabatlar yagona qonunga birlashtirilmagan. Elektron tijoratni amalga oshirishda milliy to'lov tizimlaridan tashqari, xalqaro to'lov tizimlaridan foydalanish bo'yicha normalar qonunda o'z aksini topmagan.
Qolaversa, “Homiylik to'g'risida”gi Qonunda homiylik tashkilotlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda faoliyat yuritishini muvofiqlashtirish bo'yicha normalar belgilanmagan. Homiylik faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub'ektlari va NNTga imtiyozlar hamda rag'batlantirish choralarini taqdim etishning hozirgi davr talablariga mos mexanizmlari joriy etilmagan. Yakka tartibda xayriya faoliyati bilan shug'ullanayotgan jismoniy va yuridik shaxslar faoliyati hamda ularga ajratilgan mablag'lar sarflanishi haqida ochiq va ishonchli ma'lumotga ega bo'lish imkoniyati yaratilmagan.
Bundan tashqari, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to'g'risida”gi Qonunda qaysi holatlarda axborot taqdim etishda cheklovlar o'rnatilishi aniq belgilanmaganligi sababli axborotning egasi tomonidan zarur axborotni davlat siriga tegishli degan vajlar bilan taqdim etmaslik holatlari uchramoqda. Axborot olish huquqining noqonuniy cheklanishlari yuzasidan shikoyat qilish va shikoyatlarni ko'rib chiquvchi maxsus davlat organi hamda uning vakolatlariga doir normalar belgilanmagan.
Majlisda qonunlarni ishlab chiqish jarayonida jamoatchilikni keng jalb qilish va turli tushunmovchiliklar kelib chiqmasligi uchun targ'ibot-tushuntirish ishlarini jadal olib borish zarurligi ta'kidlandi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.03.2021
- Ko'rishlar: 4155
- Chop etish