Senat yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda. Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva o‘tgan yil mamlakatimiz uchun sermahsul yil bo‘lganini qayd etdi.
Prezidentimiz boshchiligidagi tizimli islohotlar orqali jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida barqaror rivojlanish sur’atlari ta’minlanib, ulkan natijalar qo‘lga kiritildi.

– Joriy yilda ham katta marralar olganmiz, – dedi T.Norboyeva. – “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini "Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili"da amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturida joriy yildagi maqsad va vazifalarimiz aniq aks ettirilgan. 2025 yilda mamlakat rivojlanishining ustuvor yondashuvlari belgilandi. Bular – mahalla, ko‘chalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish, aholi salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish, tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash, ko‘paytirish va keyingi avlodga yetkazish. Shu bilan birga, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy qilish, iqtisodiyotni iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, respublika energobalansida qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada zamonaviy energotejamkor texnologiyalarni keng qo‘llash, ekologik barqarorlikka yo‘naltirilgan hududlar va tarmoqlararo muvofiqlashtiruvni ta’minlashga e’tibor kuchaytiriladi.

Belgilangan har bir maqsad va vazifa Global Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bilan hamohang ekanini alohida ta’kidlash lozim.
–Davlat dasturi loyihasi ikki hafta davomida keng jamoatchilik, jumladan Senat qo‘mitalarida ham muhokama qilindi. Qator muhim takliflar bildirildi. Endi Dastur imzolanishi bilan uning ijrosida barchamiz – parlament, hukumat, mahalliy kengashlar bir bo‘lib harakat qilishimiz, belgilangan har bir vazifa so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlashimiz zarur, – dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova,
Nosir Haydarov (surat),
O‘zA
- Qo'shildi: 23.01.2025
- Ko'rishlar: 627
- Chop etish