O‘zbekistonning gender tenglik sohasidagi yutuqlari xalqaro darajada ham eʼtirof etilmoqda. Jahon banki indeksida mamlakatimiz dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta davlat qatoriga kiritildi. Ochiq gender maʼlumotlar indeksida O‘zbekiston eng yaxshi 20 davlat qatorida qayd etildi. Parlamentlararo ittifoq tomonidan yuritiladigan “Parlamentdagi ayollar” reytingida esa mamlakatimiz 193 davlat orasida 36-o‘ringa ko‘tarildi.
Bu haqida bugun Oliy Majlis Senatida rahbar ayollar bilan o‘tgan uchrashuv davomida aytib o‘tildi.
Unda senatorlar, davlat va jamiyat boshqaruvidagi xotin-qizlar, turli vazirlik va idoralar rahbarlari, olimlar, jamoat faollari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda Prezidentimiz tashabbusi bilan oxirgi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyat va davlat boshqaruvidagi faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining 58-moddasida davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat hayotining barcha sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlashi belgilab berilgan.
Shu asosda gender tenglikni taʼminlash maqsadida yuzga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Xotin-qizlar masalasida institutsional asoslar takomillashtirilib, mamlakatimizda mahalliy darajadan respublika darajasigacha bog‘langan tizim yaratildi. Ayniqsa, “mahalla yettiligi” tizimi va “Inson” markazlari ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar bilan maqsadli ish olib bormoqda. Davlat organlarida gender tenglikni taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari tashkil etildi.
Uchrashuvda xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki sezilarli darajada oshib borayotgani qayd etildi. Xususan, so‘nggi yetti yilda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 27 foizdan 35 foizga yetdi. Qonunchilik palatasida bu ko‘rsatkich 32 foizdan 38 foizga, mahalliy Kengashlarda esa 25 foizdan 32,5 foizga oshdi.
Bugungi kunda rahbarlikka tayyorlangan ayollar zaxirasi yaratilgan bo‘lib, ularni tayyorlash maqsadida 2022-yildan “Rahbar ayollar” maktabi ish boshladi. Har yili 100 nafar ayol rahbarlik ko‘nikmalariga o‘qitilmoqda.
Oliy taʼlim muassasalarida ham xotin-qizlar ulushi ortib, bakalavriat va magistraturada taʼlim olayotgan ayollar soni sezilarli darajada ko‘paydi. Olimlar safida xotin-qizlar ulushi oshib, ular uchun doktoranturaga maxsus kvotalar ajratish tizimi joriy qilindi.
Tadbir yakunida xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini yana-da mustahkamlash, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
- Qo'shildi: 27.02.2025
- Ko'rishlar: 653
- Chop etish