O'zbekistonda koronavirus tarqalgan dastlabki davrda ushbu infektsiyaga chalingan kishilarning shaxsiy ma'lumotlariga doir axborotlar ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgani kuzatildi. Vaholanki, «Fuqarolar sog'lig'ini saqlash to'g'risida»gi qonunning 24-moddasiga muvofiq, bemor «tibbiy yordam so'rab murojaat qilganligi, sog'lig'ining holati, qo'yilgan tashxis to'g'risidagi ma'lumotlar hamda uni tekshirish va davolash chog'ida olingan boshqa ma'lumotlar sir saqlanishi» huquqiga ega.
“Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida”gi qonunga asosan, shaxsga doir ma'lumotlar davlat tomonidan himoya qilinadigan ma'lumotlar sirasiga kiradi. Shaxsga doir ma'lumotlardan tegishli organlar, xizmatlar foydalanganda uning maxfiyligiga rioya etilishi shart.
Shaxsga doir ma'lumotlardan foydalanishga ruxsat olgan boshqa shaxslar sub'ektning roziligisiz shaxsga doir ma'lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etmasligi va tarqatmasligi shart. Hamma foydalanishi mumkin bo'lgan shaxsga doir ma'lumotlar tarqatilishiga faqat shu shaxsning roziligi olingan holda yo'l qo'yilishi mumkin.
Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzish Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 46-2-moddasiga ko'ra, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – besh baravaridan o'n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Jinoyat kodeksi 141-2-moddasiga binoan, shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O'sha harakatlar:
bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo'lsa;
takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo'lsa;
g'arazli yoki boshqacha past niyatlarda sodir etilgan bo'lsa;
xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan bo'lsa;
og'ir oqibatlarga sabab bo'lsa – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Karantin davrida ommaviy axborot vositalarining asosiy e'tibori koronavirus keng tarqalishining oldin olish, unga qarshi vaktsina, davo va ehtiyot choralarining mohiyati hamda ahamiyatini keng tushuntirish va targ'ib etishga qaratildi.
Biroq ayrim shaxslar tomonidan ushbu xastalikni mardonavor yengib, yana o'z oilasi davrasiga qaytgan yoki kasallikdan tuzalgan fuqarolarni ma'naviy qo'llab-quvvatlash o'rniga ularga nisbatan hurmatsizlik qilish, kamsitish, sha'ni va obro'siga putur yetkazish yoki ularni kasallikni boshqalarga ham yuqtirishida ayblash holatlari kuzatildi (qarang: https://www.xabar.uz/koronavirus/koronavirusdan-tuzalganlarni-haqoratlash).
Shu o'rinda alohida qayd etish kerakki, milliy qonunchilikda koronovirusdan tuzalgan yoki karantinda bo'lgan shaxsni haqorat qilganlik, sha'ni va qadr-qimmatiga putr yetkazganlik, kamsitganlik, uning shaxsiy hayoti to'g'risidagi ma'lumotlarni tarqatganlik uchun 9 mln. so'mgacha ma'muriy jarima belgilangan.
Agar, ma'muriy jazo qo'llanilganidan so'ng ushbu qilmish takroran sodir etilsa, aybdorga 22,3 mln. so'mgacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yohud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari kabi jinoiy jazo qo'llaniladi.
Hammamiz ham insonmiz – elatdosh va millatdosh, vatandosh va zamondoshmiz. Birlashgan va bir-birimizni tushungan holda bu virusga qarshi kurashish orqaligina uni yengib chiqishimiz mumkin. Binobarin, COVID-19 virusi – jamiyatimizning jipsligini sinaydigan o'ziga xos imtihondir. Har birimiz koronavirusning tarqalishiga qarshi birgalikda ahillik bilan kurashish asnosida ushbu sinovdan muvaffaqiyatli o'tishni o'rganamiz va zarur ko'nikmalar hosil qilamiz.
Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi koronavirus tarqalgan dastlabki davrdayoq Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining quyidagi chaqiriqlariga keng jamoatchilik e'tiborini qaratdi:
– COVID-19 virusi tarqalishiga doir vaziyat va undan himoyalanish choralari bo'yicha ma'lumotlardan foydalanishda ishonchli axborot manbalariga tayanish;
– o'zaro g'amxo'rlik ko'rsatish va birdamlikni namoyish etish, yaqinlar va qarindosh-urug'lar bilan doimiy muloqotda bo'lish;
– pandemiyaga qarshi kurashning boshida turgan tibbiyot xodimlarining shu kunlardagi fidoyi xizmatlarini yodda tutish;
– infektsiyaga chalinganlarga nisbatan, masalan, «koronavirus qurbonlari» kabi har xil «atamalar»ni qo'llashdan tiyilish;
– insoniylikni namoyon etish: binobarin, koronavirus qandaydir millat yoki irqqa mansub kasallik emas; ushbu infektsiyaga chalinganlar sizga hech qanday yomonlikni ravo ko'rmaydi – ular madadimiz va hamdardligimizga loyiq (qarang: https://daryo.uz/k/2020/03/19/inson-huquqlari-boyicha-ozbekiston-milliy-markazi-koronavirusga-chalinganlarning-shaxsiy-malumotlarini-tarqatmaslikka-chaqirdi/).
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda hayotimizning barcha jabhalari kabi ommaviy axborot vositalarini yanada ravnaq toptirish, soha xodimlarining erkin va samarali mehnat qilishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, keyingi davrda so'z erkinligiga doir islohotlar jamiyatimiz hayotida tub burilish yasagani, xalqimizni qiynayotgan har turli muammolarni ko'rsatib berayotgan eng katta kuch – bu mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalari ekanligini unutmaslik zarur.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 25.12.2020
- Ko'rishlar: 3862
- Chop etish