Shvetsiya vataniga qaytishni istagan migrantlarga ko‘rsatiladigan moliyaviy ko‘makni 35 barobarga oshiradi

Shvetsiyada 1984 yildan beri o‘z vataniga qaytishni istagan muhojirlar moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi. Ayni vaqtda ko‘rsatiladigan yordam kishi boshiga 935 dollarni, oilaga esa maksimum 3,7 ming dollarni tashkil etadi.

Shvetsiya hukumati migrantlarning o‘z vataniga qaytib ketishini rag‘batlantirish bo‘yicha moliyaviy qo‘llab-quvvatlovni 35 barobarga oshiradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hukumat budjeti loyihasida 2025 yilda migratsiya siyosati uchun 513 million krona (49,53 million dollar), 2026 yilda 2 milliard 599 million krona (247,55 million dollar), 2027 yilda esa 1 milliard 357 million krona (131,27 million dollar) ajratish ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, hukumat noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish maqsadida qochqinlarni qabul qilish va ularning qaytib ketishini yanada samarali tashkil etmoqchi. Pullar, shuningdek, chet elliklar ustidan ichki nazoratni kengaytirish va migratsiya sudlari budjetlarini oshirishga yo‘naltiriladi.

Shvetsiyada 1984 yildan beri o‘z vataniga qaytishni istagan muhojirlar moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi. Ayni vaqtda ko‘rsatiladigan yordam kishi boshiga 10 ming kronani (935 dollar), oilaga esa maksimum 40 ming kronani (3,7 ming dollar) tashkil etadi. Hukumat tomonidan keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilda ushbu yordam mablag‘larini kishi boshiga 350 ming kronagacha (34 ming dollar) oshirish taklif etilmoqda.

Avvalroq Livandan Kiprga o‘tishga urinayotgan suriyalik qochqinlar Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi ostida Livan hukumati tomonidan zo‘rlik bilan vataniga qaytarib yuborilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Aprel oyida mintaqaviy beqarorlikning kuchayishi fonida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Kipr chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan suriyalik qochqinlar sonining keskin o‘sishi qayd etilgan — bu esa o‘z navbatida Kipr hukumatining boshpana berish borasidagi arizalarni ko‘rib chiqishini to‘xtatib qo‘ygan. Bunga javoban YeI may oyida Livanga 2026 yilga qadar 1 milliard yevro moliyaviy paket ajratgan. Ushbu mablag‘lar Livan qurolli kuchlariga chegarani yaxshiroq nazorat qilishlari uchun ham yo‘naltiriladi.

Kun.uz

Powered by GSpeech