Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi va YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda xalqaro vebinar tashkil etildi.
Mazkur hamkorlik inklyuziv boshqaruv va axborotga asoslangan siyosatni ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlaydigan, O‘zbekistonda farovon va adolatli kelajakni taʼminlashga hissa qo‘shadigan mustahkam maʼlumotlar tizimini yaratishga xizmat qiladi.
Vebinarda gender tenglikni taʼminlash masalasida O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, jamiyat va davlat boshqaruvida ularning teng ishtirok etishiga erishish kabi masalalar ishtirokchilar eʼtiborida bo‘ldi.
Shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan islohotlar, sohadagi natijalar o‘z navbatida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va chet ellik ekspertlar tomonidan ham munosib baholanayotgani taʼkidlandi.
Misol uchun, 2024 yil 5 mart kuni eʼlon qilingan Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun 2024” indeksida O‘zbekiston maksimal 100 balldan 82,5 ball to‘pladi hamda gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etildi.
Vebinarda gender maʼlumotlarni to‘plash, tahlil qilish va tarqatishda muvaffaqiyatli xalqaro amaliy tadqiqotlar va innovatsion metodologiyalardan foydalanish, O‘zbekistondagi gender maʼlumotlar bo‘yicha joriy amaliyotni takomillashtirish, xalqaro standartlarga moslashish bo‘yicha qadamlar tahlil qilindi va ularni takomillashtirish bo‘yicha qisqa va uzoq muddatli maqsadlar belgilandi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
- Qo'shildi: 01.08.2024
- Ko'rishlar: 1410
- Chop etish