So‘z erkinligi va mas’uliyati

Milliy qonunchilikda saylov jarayonlarida so‘z, fikr va ommaviy axborot vositalari erkinliklarining suiiste’mol etilishiga yo‘l qo‘ymaslik bilan bog‘liq holatlar ham ko‘zda tutilgan. Bunda asosan xalqaro-huquqiy hujjatlarning alohida hollar va aniq o‘rinlarda insonning o‘z fikrini erkin ifoda etish huquqiga nisbatan muayyan cheklovlar belgilangan normalariga tayanilgani uchun ular haqida qisqacha to‘xtalamiz.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 29-moddasi ikkinchi bandida qayd etilishicha: «har bir inson o‘z huquqi va erkinliklaridan foydalanishda o‘zgalarning huquq va erkinliklari demokratik jamiyatda yetarli darajada bo‘lishini hamda hurmat qilinishini ta’minlash, axloq, jamoat tartibi, umum farovonligining odilona talablarini qondirish maqsadidagina qonunda belgilangan cheklanishlarga rioya etishi kerak»[1].

Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 19-moddasi uchinchi bandida ham so‘z erkinligi huquqidan foydalanish alohida majburiyatlar va alohida mas’uliyat yuklashi ko‘zda tutilgan. Ya’ni, «Bu tarzda foydalanish ayrim cheklashlar bilan bog‘liq, lekin bu cheklashlar qonun bilan belgilanishi va quyidagilar uchun zarur bo‘lishi lozim:

  1. a) boshqa shaxslarning huquqlari va sha’nini hurmat qilish uchun;
  2. b) davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligini yoki axloqini muhofaza etish uchun»[2].

Inson huquqlari bo‘yicha Vena Deklaratsiyasi va Harakat dasturining 67-bandida belgilanishicha, “Inson huquqlari bilan bog‘liq bo‘lgan muassasalar mustahkamlanishi va barpo etilishiga, plyuralistik fuqarolik jamiyati rivojlanishiga va nochor guruhlar himoya qilinishiga ko‘maklashish chora-tadbirlariga alohida e’tibor berish zarur. Bu jihatdan hukumatlarning iltimosiga ko‘ra erkin va adolatli saylovlarni o‘tkazishda berilayotgan yordam, shu jumladan saylovlarga tegishli bo‘lgan inson huquqlari va jamoatchilikni saylovlardan xabardor qilishda ko‘mak berish yo‘li bilan yordam ko‘rsatish alohida ahamiyatga egadir”[3].

Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoyalash to‘g‘risidagi Yevropa Konvensiyasi 10-moddasi birinchi bandida har kim o‘z fikrini ifodalash erkinligi huquqiga ega ekani va bu huquq o‘z fikrida sobit qolish, davlat organlari aralashuvisiz va davlat chegaralaridan qat’i nazar axborot va g‘oyalarni olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga olishi belgilangan.

Shu moddaning ikkinchi bandida: «Majburiyat va mas’uliyat yuklaydigan ushbu erkinliklarni ro‘yobga chiqarish milliy xavfsizlik, hududiy yaxlitlik yoki jamiyat osoyishtaligi manfaatlari nuqtai nazaridan qonunda ko‘zda tutilgan va demokratik jamiyat taqozosi bo‘lgan hamda tartibsizliklar va jinoyatchilikning oldini olish, sog‘liq va ma’naviyatni asrab-avaylash, boshqa shaxslarning sha’ni yoki huquqlarini himoya qilish, maxfiy suratda olingan axborotni tarqatishning oldini olish yoxud odil sudlov xolisligining nufuzini ta’minlash maqsadlaridan kelib chiqadigan muayyan rasmiyatchilik, shart-sharoit, cheklashlar va jazo choralari bilan bog‘liq holda kechishi ham mumkin»[4], deb ta’kidlangan.

YeXHK Insoniylik mezonlari bo‘yicha konferensiyasi Kopengagen Kengashi hujjatining (7.8)–bandida ko‘rsatilishicha: «(Ishtirok etuvchi davlatlar) ommaviy axborot vositalaridan moneliksiz foydalana olish uchun saylov jarayonida ishtirok etishni xohlovchi barcha siyosiy guruhlar va alohida shaxslarga kamsitmaslik asosida qandaydir yuridik yoki ma’muriy to‘siqlar o‘rnatilmasligini ta’minlaydilar»[5].

Xalqaro-huquqiy hujjatlarning ushbu normalarida o‘z aksini topgan so‘z erkinligini xalqaro darajada cheklashga doir majburiyatlar saylov jarayonlariga ham bevosita taalluqlidir. Bu cheklovlarning mohiyatini tahlil qilish asnosida, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan sana – 1948 yildan keyingi davrda so‘z erkinligini cheklashga doir qoidalar ancha aniq shakllantirilganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Natijada, muxtasar aytganda, bu boradagi cheklovlarga nisbatan ikkita qat’iy talab o‘rnatilishiga erishilgan. Birinchi talab – har qanday cheklov qonun bilan o‘rnatilishi kerak. Ikkinchi talab – o‘rnatiladigan cheklovlar demokratik jamiyat taqozosi bo‘lishi lozim.

          Bunday muhim maqsadlarga erishish uchun xalqaro darajada 2 ta nazorat organi – BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa Sudi tuzilgan. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining qarorlari tavsiyaviy mazmunda bo‘lsa, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa Sudi chiqargan qarorlar majburiy kuchga ega hisoblanadi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida 2021 yil 1 yanvardan o‘z vazifalarini bajarishga kirishdi. An’anaga ko‘ra, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining bahorgi sessiyasi doirasida 2021 yil 22-24 fevral kunlari Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Yuqori darajadagi segment ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Kengashga a’zo davlat rahbari sifatida birinchi marta ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida xalqaro, mintaqaviy va milliy doiralarda O‘zbekistonning istiqboldagi majburiyatlari va rejalari haqida batafsil to‘xtaldi. Ushbu majburiyatlarni 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMT Global kun tartibi doirasida amalga oshirishimiz hamda inson huquqlari borasida hali ulkan yo‘lning boshida turganimiz alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti xalqaro forum ishtirokchilari e’tiborini mamlakatimizda Nodavlat notijorat tashkilotlari va Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi kodekslar ishlab chiqilayotganiga qaratdi. Bu kodekslardan biri – O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirishga, ikkinchisi esa so‘z erkinligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi lozim.

O‘z navbatida, fuqarolarning saylov jarayonlarida ishtirok etish huquqini ta’minlashga doir xalqaro huquq normalari va huquqiy andozalarga amal qilishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni hamda ahamiyati juda muhim. Binobarin, saylov jarayonlarida ishtirok etish va ovoz berish huquqi bir nechta xalqaro hujjatda kafolatlab qo‘yilgan.

Xususan, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 25-moddasida ta’kidlanganidek, har bir fuqaro “ham bevosita, ham erkin saylangan vakillar orqali davlat ishlarini boshqarishda qatnashish”, shuningdek “yalpi va teng saylov huquqi asosida, yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladigan va saylovchilarning erkin holdagi xohish-irodasini ta’minlovchi chinakam davriy saylovda ovoz berish va saylanish”[6] huquqi hamda imkoniyatlariga ega bo‘lishi kerak.

Inson saylovda ishtirok etayotgan nomzodlar yoki siyosiy partiyalar haqida aniq va xolis, bosiq-vazmin va ishonchli axborotga ega bo‘lsagina, ongli ravishda, ya’ni o‘z xohish-irodasiga muvofiq ovoz berishi mumkin bo‘ladi. Bunda turli-tuman nuqtai nazarlar bilan tanishish asnosida saylovchining har bir nomzod va partiya haqidagi o‘z fikri shakllanadi.

Ayni chog‘da, fikrni ifoda etish va axborot erkinligi, mustaqil va fikrlar xilma-xilligiga asoslangan ommaviy axborot vositalari hamda ochiq va foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lgan internet tarmog‘i erkin va adolatli saylovlar o‘tkazishni ta’minlashda, xususan, jamoatchilikni partiyalar, nomzodlar va ularning siyosiy platformalari bilan tanishtirib borishda tayanch ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, 2020 yil 30 aprelda Raqamli texnologiyalar davrida fikrni ifoda etish va saylovlar erkinligi to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya qabul qilingani juda muhimdir.

Bu xalqaro-huquqiy hujjatning nomida “Qo‘shma deklaratsiya” iborasi qo‘llanilgani bejiz emas. Chunki u uch tomon – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Fikr erkinligi va ularning erkin ifoda etilishi huquqini rag‘batlantirish hamda himoya qilish to‘g‘risidagi masalalar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Ommaviy axborot vositalari erkinligi masalalari bo‘yicha vakili hamda Amerika davlatlari tashkilotining Fikrni ifoda etish erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi tashabbusi bilan qabul qilingan.

Qo‘shma deklaratsiyaning “Davlatlarga tavsiyalar” deb atalgan birinchi bo‘limi 3-bandida quyidagi qoidalar belgilangan:

Davlatlar saylov davrida fikrni ifoda etish erkinligiga nisbatan qo‘llaniladigan har qanday cheklovlar inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro qonunchilikning uchta mezoni – ko‘zlangan maqsadning qonuniyligi, haqqoniyligi va zaruriyligi talablariga javob berishi hamda quyidagilarni nazarda tutishini ta’minlashlari taqozo etiladi:

1) Ommaviy axborot vositalarini oldindan senzura qilishga, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarining veb-saytlarini ma’muriy tarzda yopib qo‘yish yoki internetni o‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 2) Saylovoldi tashviqoti huquqining har qanday tarzdagi cheklanishi xalqaro standartlar, jumladan oddiy fuqarolardan farqli ravishda, ommaga taniqli insonlar o‘z shaxsiyatiga qaratilgan tanqid va o‘z faoliyatiga bo‘lgan sinchkov e’tiborga nisbatan bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishlarini talab etadigan andozalarga mos kelishi zarur.

3) Noto‘g‘ri axborotga doir qonunlar umumiy mazmunda yoki noaniq bo‘lishi, masalan, "soxta yangiliklar" yoxud "noxolis axborot" taqiqiga doir normalarni ko‘zda tutishi mumkin emas.

 4) Saylov davrida ijtimoiy fikr so‘rovi natijalarini yoritadigan ommaviy axborot vositalariga nisbatan kiritiladigan har qanday cheklovlar ham yuqorida tilga olingan uchta mezonga qat’iyan mos kelishi shart”[7].

Xalqaro va xorijiy amaliyotda siyosiy debatlar, shu jumladan, saylovlar jarayonida oshkora bildiriladigan axborot va g‘oyalarning himoya darajasi nisbatan ancha yuqori hisoblanadi. Boshqacha aytganda, ijtimoiy so‘z (ya’ni, butun jamiyat manfaatlarini ifoda etuvchi masalalar bo‘yicha axborot) uchun himoyaning yuqori darajasi qo‘llanadi.

Bu tushunarli va adolatli mezondir. Zotan, saylaydigan kishilar saylanadigan har bir shaxsga taalluqli bo‘lgan narsalar va voqealardan imkon qadar to‘liq xabardor bo‘lmog‘i lozim. Shu ma’noda, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa Sudi va Yevropa Komissiyasi tomonidan ta’kidlanganidek, fikrni ifodalash erkinligi demokratik jamiyatning negizini tashkil qiladi.

 

G‘.Mirzoning

“So‘z erkinligi va saylov huquqi – xalqaro andozalar o‘lchamida” maqolasidan;

 “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali,

2021 yil 3-son.

 

 

Powered by GSpeech