Joriy yilning 27 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi tomonidan mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag'ishlangan “Mustaqillik yillarida milliy parlamentimizning shakllanishi va rivojlanishi” mazusida konferentsiya o'tkazildi.
Konferentsiyani Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari A.Saidov kirish so'zi bilan ochar ekan, yig'ilganlarni mamlakatimiz bo'ylab ko'tarinki kayfiyatda kutib olinayotgan eng ulug', eng aziz ayyom — mustaqilligimizning o'ttiz yillik bayrami bilan tabriklab, istiqlol yillarida parlamentarizm rivoji haqida to'xtaldi.
Ta'kidlanganidek, mustaqillik – mamlakatimizda haqiqiy demokratik parlamentning shakllanishiga siyosiy-huquqiy zamin yaratdi. Istiqlolning ilk kunlaridanoq davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O'zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan, o'zimizga xos va mos taraqqiyot yo'li belgilab olindi. Inson manfaatlari ustuvorligi yo'lida qonun ijodkorligi bilan shug'ullanadigan demokratik milliy parlament shakllandi, davlat hokimiyati organlari tizimida uning roli va ta'siri kuchaytirildi.
Dastlab bir palatali parlament yosh mustaqil davlatning demokratik siyosiy tizimi, adolatli fuqarolik jamiyati, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalarning huquqiy negizini yaratishga, davlat mustaqilligini mustahkamlashga, milliy davlatchilik poydevorini barpo etishga o'z hissasini qo'shdi. Bu davrda Konstitutsiyamiz qabul qilindi, xalqimizning xohish-irodasini erkin ifoda etishini ta'minlovchi saylov tizimiga huquqiy zamin yaratildi.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi Konstitutsiyamizga kiritilgan tuzatishlar Oliy Majlisning, siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraktsiyalari vakolatlarini yanada kengaytirdi.
Xususan, Oliy Majlis vakolatlariga Bosh vazirning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini eshitish va muhokama qilish, parlament nazoratini amalga oshirish kiritildi. Muhokama etilayotgan har bir qonun loyihasi yoki Qonunchilik palatasi qarori loyihasi siyosiy partiya fraktsiyalarining yig'ilishlarida dastlabki tarzda ko'rib chiqilmoqda.
Konferentsiyada parlamentda siyosiy partiyalarning roli va ahamiyati xususida so'z yuritilar ekan, “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to'g'risida”gi konstitutsiyaviy qonun aholining ijtimoiy, siyosiy faolligini kuchaytirishda, ko'ppartiyaviylikni rivojlantirishda, demokratik islohotlarni chuqurlashtirishda g'oyat muhim rol` o'ynagani aytib o'tildi.
Shuningdek, milliy parlament rivojlanishi, ko'p partiyaviylik tizimining samarali faoliyati mamlakatimizda fuqarolarning davlat va jamiyatni boshqarishdagi ishtirokini jonlantirish, O'zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim sanalgan masalalarni hal qilishda qonun ustuvorligi tamoyilining so'zsiz amalga oshirilishini ta'minlashda yangi imkoniyatlar ochishi qayd etildi.
Ekspertlar ishtirokida o'tkazilgan konferentsiya istiqbolda parlamentni yanada rivojlantirishning muhim masalalarini aniqlash imkonini berdi.
Manba: parliament.gov.uz
- Qo'shildi: 27.08.2021
- Ko'rishlar: 5814
- Chop etish