Taraqqiyotning muhim sharti so'z va matbuot erkinligi: xalqaro huquq va milliy amaliyot

27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni

Hozirgi kunda har qanday jamiyat taraqqiyotini so'z erkinligisiz tasavvur etish mumkin emas. So'z erkinligi har bir fuqaroning shaxsiy huquqi bo'lsa, axborot erkinligi har bir insonning tabiiy huquqidir. Shu bois so'z va axborot erkinligi milliy qonunlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar tomonidan dunyo miqyosda qabul qilingan xalqaro-huquqiy hujjatlar va tan olingan universal shartnomalarda o'z aksini topgan.

Xalqaro huquqda so'z erkinligi fundamental huquqlar sifatida e'tirof etilgan bo'lsa-da, aslida u mutlaq (absolyut) huquq emas. BMT­ning 100 ga yaqin, YUNESKOning 60 dan ortiq, Yevropa Kengashining 200 dan ziyod, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 30 dan ortiq xalqaro konventsiya, deklaratsiya hamda paktlarida so'z va fikr erkinligi huquqiy tartibga solingan. Bunday keng qamrov ushbu masalaning inson huquqlari sohasidagi o'rni va aha­miyati qanchalik yuqoriligidan dalolatdir.

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Muqaddimasida xalqaro huquqning umume'tirof etilgan qoidalari ustunligi tan olinishiga urg'u berilgan. Ya'ni, ushbu konstitutsiyaviy qoida inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash hamda himoya qilish faqatgina davlatning ichki ishi emasligini anglatadi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasiga muvofiq, har bir inson e'tiqod erkinligi va uni erkin ifoda qilish huquqiga ega; bu huquq hech bir to'siqsiz o'z e'tiqodiga amal qilish erkinligini hamda axborot va g'oyalarni har qanday vosita bilan, davlat chegaralaridan qat'i nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini o'z ichiga oladi.

So'z va fikr erkinligiga doir qoida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktning 19-moddasi 2-bandida quyidagi tarzda ifodalangan: "Har bir inson o'z fikrini erkin bayon etish huquqiga ega; bu huquq davlat chegaralaridan mustaqil holda yozma ravishda yoki matbuot vositasida yoxud ifodalashning badiiy shakllari yoki o'z ixtiyoriga ko'ra boshqacha usullarda turli axborot va g'oyalarni qidirish, olish va tarqatish erkinligini qamrab oladi".

Shu ma'noda, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyun kuni qabul qilingan «Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta'minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Farmoni g'oyat muhim ahamiyatga ega. Farmon, birinchidan, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligiga erishishning yangi bosqichini boshlab bergan bo'lsa, ikkinchidan, mamlakatda axborot olish erkinligini ta'minlash orqali jamoatchilik nazoratini takomillashtirish borasida dadil qadamlar qo'yish uchun huquqiy asos vazifasini o'taydi.

Farmonga muvofiq, ochiq ma'lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo'lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma'lumotlar ro'yxati hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik darajasini yanada oshirish bo'yicha “yo'l xarita” belgilab berildi. Farmon bilan bir qator tartiblar joriy etilmoqda.

Xususan, 2021 yil 1 iyuldan boshlab davlat organlari va tashkilotlari amalga oshirgan davlat xaridlari, xarajatlari va moliyaviy ko'rsatkichlari to'g'risidagi ma'lumotlarni O'zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portaliga va o'z rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, ularni har chorakda yangilab boradi. Shuningdek, har yili 1 martga qadar davlat organlari va tashkilotlari o'z faoliyatiga oid hisobotni rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, 1 aprelga qadar mazkur hisobotni
keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun matbuot anjumanlari o'tkazishni yo'lga qo'yadi.

Boshqacha aytganda, Farmonning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida ko'rsatilgan talablarni muntazam ravishda bajarishini ta'minlovchi yaxlit tizim ishga tushiriladi. Eng muhimi, har bir insonga, qolaversa, jamiyat va davlatga ham birdek muhim natija – so'z, axborot, matbuot erkinligi bilan bog'liq huquqlarning ta'minlanishi yanada kafolatlanadi. 

Albatta, ushbu huquqlardan foydalanish alohida majburiyatlar va alohida mas'uliyat­ ham yuklaydi. Bunday majburiyatlar ayrim cheklashlar bilan bog'liq, lekin bu cheklashlar qonun bilan belgilanishi va muayyan sabablarga asosan joriy etilishi lozim.

Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktning 19-moddasi 3-bandida qayd etilishicha, bu boradagi huquqlarga boshqa shaxslarning huquqlari va obro'-e'tiborini hurmat qilish hamda davlat xavfsizligi, jamoat tartibi, aholi salomatligi yoki axloqini muhofaza etish uchun qonun asosida cheklashlar ko'zda tutilishi mumkin.

Bundan tashqari urushni targ'ib etish qonun orqali taqiqlanadi. Kamsitish, adovat yoki zo'ravonlikka undovchi milliy, diniy yoki irqiy nafrat ruhidagi har qanaqa ha­rakat ham qonun yo'li bilan taqiqlangan bo'lishi lozim. Ya'ni, agar so'z va fikr erkinligi nafrat, insonni kamsitishga undash, qasd olish yoki zo'ravonlik targ'iboti uchun qo'llanilsa, u qonuniylik mezonlari asosida qat'iy cheklanishi mumkin.

Ayni chog'da fikrni ifoda etish va axborot erkinligi, erkin, mustaqil va fikrlar xilma-xilligiga asoslangan ommaviy axborot vositalari hamda ochiq va foydalanish imkoniyati mavjud bo'lgan internetning erkin va adolatli saylovlar, jumladan, referendumlar o'tkazishni ta'minlashda, xususan, jamoatchilikni partiyalar, nomzodlar va ularning siyosiy platformalari bilan tanishtirib borishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan, 2020 yil 30 aprelda BMTning Raqamli texnologiyalar davrida fikrni ifoda etish va saylovlar erkinligi to'g'risidagi qo'shma dek­laratsiya­si qabul qilingani e'tiborga molik.

Bu xalqaro-huquqiy hujjatning nomida "qo'shma deklaratsiya" iborasi qo'l­lanilgani bejiz emas. Chunki ushbu hujjat Birlashgan Millatlar Tashkilotining Fikr erkinligi va ularning erkin ifoda etilishi huquqini rag'batlantirish hamda himoya qilish to'g'risidagi masalalar bo'yicha maxsus ma'ruzachisi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Ommaviy axborot vositalari erkinligi masalalari bo'yicha vakili hamda Amerika davlatlari tashkilotining Fikrni ifoda etish erkinligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi tashabbusi bilan qabul qilingan.

Ommaviy axborot vositalarining tinchlik va xalqaro hamjihatlikni mus­tahkamlash, inson huquq­larini rivojlantirish va irqchilik hamda aparteid va urushga gijgijlashga qarshi kurashdagi hissasiga oid asosiy printsiplar to'g'risidagi deklaratsiya­ning muqaddimasida qayd etilganidek, "axborot erkinligi" insonning asosiy huquqi hisoblanadi va erkinlikning Birlashgan Millatlar Tashkiloti o'z himoyasiga olgan barcha turlari uchun mezon sanaladi. Mazkur Deklaratsiyaning 2-moddasiga ko'ra, inson huquqlari va asosiy erkinliklarining tarkibiy qismi sifatida e'tirof etiladigan fikr, uni ifodalash va axborot erkinligini amalga oshirish tinch­lik va xalqaro hamjihatlikni mustahkamlashning muhim omilidir.

1991 yil 3 mayda Namibiyada Mustaqil va plyuralistik Afrika matbuotini qo'llab-quvvatlash to'g'risidagi Vindxuk deklaratsiyasi qa­bul qilindi. Bu sana endilikda Jahon matbuoti erkinligi kuni sifatida nishonlanmoqda. Ushbu sanani nishonlashdan ko'zlangan asosiy maqsad axborot erkinligi tamoyillarini ilgari surish, dunyoning barcha mintaqalarida axborot olish va tarqatish erkinligi holatiga baho berish, jurnalistlar erkinligi va mustaqilligiga tajovuzlarning oldini olish, kasbiy burchini bajarayotganda halok bo'lgan jurnalistlarni yod etish, ularning oilalarini qo'llab-quvvatlashdan iborat.

Vindxuk deklaratsiyasining 1-bandida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasiga muvofiq mustaqil, plyuralistik va erkin matbuotni ta'sis etish, qo'llab-quvvatlash va kuchaytirish millat demokratiyasini va iqtisodiy taraqqiyotini rivojlantirish hamda rag'batlantirishda alohida ahamiyat kasb etishi alohida ta'kidlangan.

Mamlakatimizda so'z va matbuot erkinligi davlatimiz siyosatining ustuvor yo'nalishi hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, "Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi ko'plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap. Lekin oshkoralik va so'z erkinligi bu — davr talabi, bu — O'z­bekistondagi islohotlarning talabi".

Vindxuk deklaratsiyasining 2-bandiga ko'ra, matbuot davlat, siyosiy va iqtisodiy nazoratdan, gazetalar, jurnallar, davriy nashrlar ishlab chiqarish va tarqatish uchun zarur materiallar hamda infratuzilmalar ustidan nazorat o'rnatilishidan mustaqil bo'lishi shart.

Ushbu qoida Prezidentimizning "Xolis va adolatli jurnalist va blogerlarning tanqidiy chiqishlari eskicha qolipda ishlaydigan rahbarlarning faoliyatidagi xato-kamchiliklarni ko'rsatib, ularni ish uslubini o'zgartirish va mas'uliyatini oshirishga majbur qilmoqda. Bundan buyon har bir davlat organi o'z kundalik faoliyatida ommaviy axborot vositalari bilan yaqin muloqot va hamkorlikni yo'lga qo'yishi zarur va shart", degan fikrlariga mantiqan hamohangdir.

Bundan tashqari Vindxuk Deklara­siya­sining 3-bandida plyuralistik matbuot deganda barcha turdagi yakkahokimliklarning barham topishini va jamiyatdagi barcha rang-barang fikrlar ifodasini o'zida aks ettiruvchi gazetalar, jurnallar va davriy nashrlar imkon qadar ko'p­roq bo'lishi tushunilishi qayd etilgan.

Bugungi kunda Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining bosh­qa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi shu maqsad yo'lida izchil faoliyat yuritmoqda. Jamoat fondi mablag'larini boshqarish bo'yicha Parlament komissiyasi ochiq tanlovlar e'lon qilish orqali nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalarini muntazam rag'batlantirib kelmoqda.

Bundan tashqari Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash jam­g'ar­masi o'z mablag'larini, jumladan, davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishni rag'batlantirish va ularning faoliyatini qo'llab-quvvatlash, shuningdek tarmoq korxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo'naltirmoqda.

Keyingi yillarda mamlakatimizda katta auditoriyaga ega bo'lgan qariyb 290 ta xususiy va idoraviy internet-nashrlar tashkil etilgani ana shunday islohotlar samarasidir. Ular boshqa materiallar qatorida eng muhim rasmiy axborotlar, me'yoriy-huquqiy hujjatlarni o'zbek, rus va ing­liz tillarida tarqatmoqda.

Vindxuk deklaratsiyasining 4-bandida "mustaqil hamda plyuralistik matbuot paydo bo'lishi uchun tegishli muhit" yaratish bilan bog'liq o'zgarishlar e'tirof etilgan. Deklaratsiya­ning 5-bandida qayd etilishicha, "Demokratiyaga va axborot hamda fikrni ifodalash erkinligiga dunyo miqyosida intilish insoniyat orzu-niyatlarining ijobati yo'lida muhim ulush hisoblanadi".

Bu haqda so'z borganda Vindxuk deklaratsiyasida tilga olingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari mamlakatimiz Kons­titutsiyasi va bir qancha qonunlarida o'z aksini to'liq topganini ta'kidlash lozim. Hozirgi vaqtda so'z erkinligini ta'minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yanada kuchaytirilmoqda.

Xususan, Jinoyat kodeksining ommaviy axborot vositalari orqali "tuhmat" va "haqorat qilish" kabi moddalari bo'yicha ozodlikdan mahrum qilish shaklidagi jazo choralari bekor qilindi. Bu ayni sohadagi mavjud qonunchilikni liberallashtirish yo'lida tashlangan dadil qadamdir.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta'minlashning yangi tizimi joriy etildi. Natijada keyingi davrda ko'plab vazirlik va idoralarda axborot xizmatlari zamon talablari asosida qaytadan, 201 ta tuman va shahar hokimliklarida esa birinchi marta tashkil etildi. Bu tizim davlat or­ganlari va tashkilotlari faoliyatiga doir axborotlarni olish borasida ommaviy axborot vositalarining ishini tubdan yengillashtirishi barobarida ijtimoiy jarayonlar haqida ishonchli axborot berish orqali jamiyatdagi muammo va hodisalarga tezkor munosabat bildirmoqda.

Shu yil 1 maydan boshlab bir qator moliyaviy ma'lumotlarni OAV va internetda e'lon qilish amaliyotining joriy etilgani ham davlatimizning ochiqlik va oshkoralikni, so'z va matbuot erkinligini rag'batlantirish borasidagi izchil siyosati namunasidir.

Ayni vaqtda mamlakatimizning tobora mustahkamlanib borgan so'z erkinligi reytingidagi o'rnini yanada yaxshilash bo'yicha amaliy yechimlar izlanmoqda. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, biz o'tgan to'rt yil davomida jamiyatimizda oshkoralik va ochiqlik, so'z erkinligi muhitida yashash va ishlashga asta-sekin o'rganib boryapmiz. Bir haqiqat hammamizga ayon bo'lishi kerak: barcha sohalarda amalga oshirayotgan islohotlarimiz qatori jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik, o'zini o'zi tanqid va demokratik yangilanish jarayonlari endi hech qachon ortga qaytmaydi va biz bu yo'lni qat'iy davom ettiramiz.

G'ulom MIRZO,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist

Powered by GSpeech