Hozirgi kunda dunyoda 500 ga yaqin harakatdagi Konstitutsiya bor. Shulardan salkam 200 tasi mustaqil davlatlar Konstitutsiyalari bo'lsa, 300 tasi federatsiya sub'ektlarining Konstitutsiyalaridir.
Dunyo Konstitutsiyalarini tarixiy nuqtai nazardan uch avlodga bo'lish mumkin.
Birinchi avlod Konstitutsiyalari – bu guruhga AQSH Konstitutsiyasi va Ikkinchi jahon urushiga qadar qabul qilingan boshqa Konstitutsiyalar kiradi.
Ikkinchi avlod Konstitutsiyalari – 1946 yildan to 1990 yilgacha qabul qilingan Konstitutsiyalardan iborat.
Uchinchi avlod Konstitutsiyalari – “Berlin devori” timsolida sotsialistik tizim qulaganidan keyin qabul qilingan Konstitutsiyalar.
Dunyodagi barcha Konstitutsiyalar jahon konstitutsiyaviy xaritasini tashkil etadi. Yaponiya Konstitutsiyasi jahon konstitutsiyaviy xaritasida o'ziga xos va mos o'ringa ega.
Yaponiya Konstitutsiyasi – Yaponiyaning tashrif qog'ozidir. Konstitutsiyada Yaponiyaga konstitutsiyaviy ta'rif berilgan. Yaponiya Konstitutsiyasining o'ziga xos xususiyatlari nimalardan iborat?
Avvalo, Yaponiya Konstitutsiyasi o'z tarixiga ega. Yaponiya tarixida ko'p sonli konstitutsiyaviy hujjatlar mavjud bshlmagan. 300 yildan ko'proq davr davomida Yaponiya G'arb dunyosidan tashqarida, o'z urf-odatlari va an'analariga muvofiq turmush kechirgan.
Yaponiyada 2 marta Konstitutsiya qabul qilingan. Qolaversa, Yaponiyaga konstitutsiyaviy barqarorlik xos. Buni har ikki Konstitutsiyaga ham bironta o'zgarish kiritilmagani yaqqol tasdiqlaydi.
Meydzi Konstitutsiyasi – Yaponiyaning ilk Asosiy qonuni
Yaponiyaning birinchi Konstitutsiyasi – 1889 yilgi Meydzi Konstitutsiyasidir. Bu Osiyo qit'asidagi birinchi Konstitutsiya bo'lib, uning qabul qilinganiga 130 yil to'ldi.
Buyuk Yaponiya imperiyasining birinchi Konstitutsiyasi tarixda Meydzi inqilobi sifatida ma'lum bo'lgan voqealar tufayli davlat o'zgarishlari natijasida 1889 yilda qabul qilingan. Unga Prussiyaning 1851 yilgi Konstitutsiyasi va qisman Bel`giyaning 1831 yilgi Konstitutsiyasi namuna bo'lgan.
Demak, Yaponiya huquqiy tizimining modernizatsiya qilinishida Germaniyaning huquqiy ta'siri avvalgi Frantsiya huquqidan ustun kela boshlagan. Meydzi Konstitutsiyasi yangi Yaponiya davlatining Asosiy qonuni sifatida 1945 yilgacha, ya'ni Favqulodda choralar to'g'risidagi qonun qabul qilguniga qadar harakatda bo'lgan.
Konstitutsiya mamlakatda feodal munosabatlarga barham berilganligini va umummilliy birlik kuchayganligini mustahkamlab qo'ygan. Konstitutsiya Imperator tomonidan taqdim etilgan, u shuningdek boshqa muhim davlat qarorlarini e'lon qilgan. Meydzi Konstitutsiyasi yangi Yaponiya davlati va jamiyatining asosiy qonuniga aylangan.
Konstitutsiya bilan bir yo'la juda muhim – Imperator avlodi to'g'risidagi, Parlament to'g'risidagi, Perlar palatasi to'g'risidagi, Deputatlar palatasiga saylovlar to'g'risidagi, Moliya to'g'risidagi qonunlar e'lon qilingan. Ular 1890 yilda kuchga kirgan.
1889 yilgi Konstitutsiya yetti bobga birlashtirilgan 76 moddadan iborat bo'lgan. Unga muvofiq, Yaponiyada boshqaruvning shakli dualistik monarxiya shakli belgilarini olgan. Imperator hokimiyati deyarli chegaralanmagan.
Imperator davlat boshlig'i sifatida oliy hokimiyatga, Imperiya parlamentining roziligi bilan (Yaponiya Parlamenti Osiyodagi birinchi parlament bo'lib, unga birinchi umumiy saylovlar 1890 yil 1 iyulda o'tkazilgan va parlamentning birinchi sessiyasi 1890 yil 29 noyabrda chaqirilgan) qonunchilik vakolatlarini amalga oshirish, qonunlarni tasdiqlash hamda ular ijro etilishini belgilash yoki mutlaq taqiq qo'yish huquqiga ega bo'lgan. U, shuningdek parlament quyi palatasini chaqirish va tarqatib yuborish, parlament ma'qullashi sharti bilan qonunlar kuchiga ega bo'lgan farmonlar chiqarish huquqiga ega bo'lgan.
Imperator davlat hokimiyati turli organlarini ta'sis etish, fuqaro va harbiy amaldorlarini tayinlash hamda vazifasidan bo'shatish huquqiga ega bo'lgan, armiya va flotning Oliy Bosh qo'mondoni hisoblangan.
Imperator o'zi oliy amaldorlar tarkibidan a'zolarini tayinlaydigan Maxfiy kengashga tayangan. Ushbu organ mamlakatni boshqarishning asosiy yo'nalishlari bo'yicha tavsiyalar bergan, bundan tashqari Konstitutsiyani talqin etish huquqiga ega bo'lgan. Sud hokimiyati ham muayyan darajada Imperatorga tobe bo'lgan.
Meydzi Konstitutsiyasiga muvofiq, Imperator hokimiyatini konstitutsiyaviy chegaralashga deyarli yo'l qo'yilmagan, hokimiyatning qonunchilik tarmog'i esa juda ojiz bo'lgan. Shuni ta'kidlash kerakki, ushbu Konstitutsiyada hokimiyatning taqsimlanishi shakllantirilmagan, chunki unda ustunlik yaqqol ijroiya hokimiyat tomonida bo'lgan.
Ushbu davrda (XIX asrning 80-yillari) Yaponiya huquqini yevropalashtirish jadal rivojlana boshlagan. Asosiga avval Frantsiya va keyin Germaniya huquqining printsiplari qo'yilgan bir nechta kodekslar ishlab chiqilgan.
Ushbu asosiy tarmoq kodekslari va qonunlari to'plami “Roppo” nomini olgan. Mazkur nomni umuman yapon maqom huquqi to'g'risida gap ketganda ishlatishgan.
Shuni ta'kidlash kerakki, mamlakatning amalda rivojlanishi 1930-yillarda Yaponiya urushqoq doiralarining ko'p marta davlat to'ntarishini amalga oshirishga urinishlariga olib kelgan, buning oqibatida konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar chegaralangan. 1945 yilda Favqulodda choralar to'g'risidagi qonunning qabul qilinishi 1889 yilgi Konstitutsiya amal etishini to'xtatib qo'ygan.
Osiyoda birinchi Konstitutsiya hisoblanuvchi Meydzi Konstitutsiyasi barqaror bo'lgan, unga 1947 yilgi ikkinchi Yaponiya Konstitutsiyasi qabul qilingunga qadar hech bir o'zgartirish kiritilmagan. 1889 yilgi Yaponiyaning Konstitutsiyasi “modernizatsiyalashtirilgan, biroq to'la bo'lmagan” (“nama-birake”) – Konstitutsiyadir.
Yaponiyaning mustaqil Konstitutsiyasi
Yaponiyaning ikkinchisi Konstitutsiyasi – 1947 yilgi Konstitutsiyadir. U Yaponiya yuristlari tomonidan ishlab chiqilgan mustaqil Konstitutsiya hisoblanadi. Konstitutsiyani ishlab chiqishda AQSH va Yevropa konstitutsiyaviy tajribasiga asoslanilgan. Bu konstitutsiyanavislik jarayoniga hatto SSSRning 1936 yilgi Konstitutsiyasi ham muayyan ta'sir ko'rsatgan.
Yaponiyaning amaldagi Konstitutsiyasi 1946 yil 7 oktyabrda ma'qullangan. Konstitutsiya Imperator Syova tomonidan 1946 yil 3 noyabrda imzolangan va 1947 yil 3 mayda amalga kiritilgan. Ushbu davrda, shuningdek konstitutsiyaviy ahamiyatga ega ko'p sonli qonunlar: Imperator avlodi to'g'risidagi qonun, Parlament to'g'risidagi qonun, Vazirlar Mahkamasi to'g'risidagi qonun, Sud tizimi to'g'risidagi qonun qabul qilingan.
1946 yilda Konstitutsiyaning bir nechta loyihalari ishlab chiqilgan. Agar yapon loyihasi mamlakatda amal qilib kelgan Meydzi Konstitutsiyasiga muvofiq konstitutsiyaviy tuzumni u qadar muhim bo'lmagan o'zgarishlar bilan saqlab qolishni nazarda tutgan bo'lsa, ittifoqdosh davlatlar anglo-sakson huquqi printsiplariga asoslangan o'z loyihalarini tayyorlagan.
1946 yilning aprelida urushdan keyingi birinchi parlament saylovlari bo'lib o'tgan, uning natijasida Parlamentning yangi tarkibi urushdan keyingi birinchi Hukumatni shakllantirdi. Ushbu Parlament 1946 yilning 7 oktyabrida mamlakatning yangi Konstitutsiyasini qabul qildi. Ushbu Konstitutsiyaning matni:
birinchidan, o'zlashtirilgan, chunki u Amerika va Yevropa konstitutsiyaviy huquqi qoidalariga asoslangan. AQSH Konstitutsiyasining ta'siri huquq va erkinliklarning, ayniqsa individualizm kontseptsiyasiga, konstitutsiyaviy nazorat institutining amal etishi tarkibi va tartibiga asoslangan shaxsiy huquqlarning mustahkamlab qo'yilishida ko'zga tashlanadi;
ikkinchidan, Yaponiya Konstitutsiyasining tarkibiy tuzilishida avvalgi yapon Konstitutsiyasiga nisbatan muayyan izchillikni payqash mumkin. Agar 1889 yilgi Meydzi Konstitutsiyasi faqat markaziy hokimiyat organlari tuzilishi va vakolatlarini o'rnatgan bo'lsa, 1947 yilgi Konstitutsiya davlat tuzilishining umumiy printsiplarini e'lon qilgan ko'lamli Muqaddimadan boshlanadi, shuningdek xalq huquqlari va majburiyatlarining kontseptual qadriyatlarini mustahkamlab qo'ygan.
Bunday izchillikka qaramasdan, yangi Konstitutsiyaning qator qoidalari 1889 yilgi Konstitutsiya bilan taqqoslanganda, 1947 yilgi Konstitutsiya quyidagi alohida xususiyatlari bilan farqlanadi.
Birinchi alohida xususiyat. Mamlakatda ko'p asrli an'ana tufayli boshqaruvning monarxiya shakli saqlab qolingan bo'lsa ham Konstitutsiya G'arbiy Yevropa namunasidagi liberal demokratik davlatni barpo etishga da'vat etilgan. 1947 yilgi Yaponiya Konstitutsiyasida yangi demokratik va an'anaviy huquqiy qadriyatlarning sintezi juda muvaffaqiyatli chiqqan.
Ikkinchi alohida xususiyat. Konstitutsiya xalq suverenitetini mustahkamlab qo'ydi. Bu Yaponiya uchun printsipial jihatdan yangi qoida bo'ldi. Xalq suvereniteti davlat hokimiyati asosi sifatidagi printsip avval Yaponiya konstitutsiyaviy tarixida mavjud bo'lmagan. Davlat hokimiyatining manbai Imperator emas, balki xalq ekanligi Konstitutsiyaning ko'pgina qoidalariga, jumladan Imperatorning huquqiy maqomi, shaxsning huquqlari va erkinliklari, davlat mansabdor shaxslarini saylash, Parlament palatalarini shakllantirishga tub jihatdan ta'sir ko'rsatdi.
Uchinchi alohida xususiyat. Imperator hokimiyatining ma'budiy ekanligi printsipi istisno etildi va u faqat “davlat va millat birligining ramzi”ga aylandi hamda asosan marosim funktsiyalarini bajaradigan bo'ldi.
Konstitutsiyada Imperator davlat ishlariga taalluqli vazifalarni bajarish vakolatiga ega emasligi qayd etilgan (3-modda). Imperator avlodining barcha mulki davlat mulki hisoblanadi. Imperator avlodining barcha xarajatlari Parlament tomonidan byudjetning qismi sifatida tasdiqlanadi (88-modda).
Imperatorning maqomi suveren hokimiyat mansub bo'lgan xalqning umumiy irodasi bilan aniqlanadi. Konstitutsiyaga muvofiq, taxtni meros qoldirish tartibi 1947 yilgi “Imperator avlodi to'g'risida”gi Qonun asosida belgilanadi. Imperator faqat ushbu Konstitutsiyada ko'zda tutilgan davlat ishlariga taalluqli vazifalarni amalga oshirishi mumkin va davlat hokimiyatini amalga oshirish vakolatlariga ega emas (4-modda). Imperator taxti erkaklar - katta o'g'il tomonidan meros bo'ladi.
Yaponiya Imperatorining nufuzi Angliya Qirolining, ya'ni boshqaruvning parlament shakliga ega monarxiya mamlakati boshlig'ining maqomiga yaqin turadi.
To'rtinchi asosiy xususiyat. Konstitutsiyaning ikkinchi bobi “Urushdan voz kechish” deb nomlanadi va yagona 9-moddadan iboratdir. Unda qurolli kuchlarni tashkil etish va davlat tomonidan harbiy harakatlarni olib borishdan voz kechish printsipi shakllantirilgan. Shu sababli Yaponiyaning Konstitutsiyasi “Tinchliksevar Konstitutsiya” “Xeyva-kempo” deb ataladi. Konstitutsiya qabul qilinishining tarixiy sharoitlari unda urushdan xalqaro mojarolarni hal etishning vositasi sifatida voz kechish mustahkamlab qo'yilishini belgilagan.
Konstitutsiyada “davlat tomonidan urush olib borish huquqi tan olinmaydi” degan norma qayd etilgan. 9-modda normalarining kelib chiqishi aslo Amerikaga emas, mutlaq Yaponiyaga tegishlidir. Ushbu g'oya birinchi marta Yaponiyadagi okuppatsiya kuchlarining qo'mondoni general Makartur tomonidan emas, balki Yaponiyaning Bosh vaziri Sidexara tomonidan taklif etilgan. Makartur esa dastlab ana shunday taklifning oqibatlari AQShning Uzoq Sharqdagi manfaatlarini amalga oshirishga xalaqit berishi mumkin deb hisoblagan holda bu masalada ikkilangan.
Konstitutsiyaga 9-moddaning kiritilishi ajablanarli emas. Chunki Yaponiya xalqi atom bombar hujumi dahshatlarini o'z boshidan o'tkazishlariga to'g'ri kelgan. 1945 yilning 6 avgustida atom bombasi Xirosimaga, uch kundan so'ng esa Nagasakiga tashlangan. Ayni paytda tinchliksevarlik printsipi, ya'ni harbiy salohiyatni tiklashdan voz kechish Ikkinchi jahon urushi tugagandan so'ng Yaponiyaning iqtisodiy taraqqiyotini ta'minlagan (boshqa holatlar bilan birgalikda) omillardan biri ekanligi deb e'tirof etiladi.
Beshinchi alohida xususiyat. Konstitutsiyada huquq va majburiyatlarning sohibi sifatida xalq belgilangan. Xalq insonning asosiy huquqlaridan foydalanishda chegaralanmaydi va u insonning barcha asosiy huquqlaridan moneliksiz foydalanadi (11-modda) hamda ulardan jamiyatning tinch-totuvlik manfaatlarida foydalanish uchun doimiy mas'uldir (12-modda). Shunday qilib, Konstitutsiya asosiy huquqlardan foydalanishning faqat huquqiygina emas, shuningdek ahloqiy jihatlarini mustahkamlab qo'yadi.
Oltinchi alohida xususiyat. Yaponiya Konstitutsiyasi XX asr o'rtalarida qabul qilingan ikkinchi avlod konstitutsiyalarida o'z ifodasini topgan ko'pgina qoidalarga ega. Shu jumladan, bu inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari to'g'risidagi moddalarga taalluqlidir. Qonun oldidagi tenglik, irqiy yoki milliy mansublik, din, jins, ijtimoiy ahvol va kelib chiqish bo'yicha kamsitishning taqiqlanishi, tabaqa va boshqa imtiyozlardan voz kechish ikkinchi avlod konstitutsiyalariga xosdir.
Shuni ta'kidlash kerakki, Yaponiya uchun bu qoidalar Imperatorning unvonlar va imtiyozlarni hadya qiluvchi mutlaq hokimiyati hamda asrlar davomida davom etgan tabaqa tengsizligidan voz kechgan Yaponiya uchun jamiyat yangi qadriyatlarining ifodasi sifatida alohida ahamiyatga ega bo'ldi.
Yettinchi alohida xususiyat. Konstitutsiya G'arbda an'anaviy anglanadigan shaxsiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy huquq va erkinliklarni mustahkamlab qo'ydi. Konstitutsiya ushbu tegishli moddalarining (13-40-moddalar) tahlili ham tabiiy huquqlarning aniq ta'siri, shuningdek ikkinchi avlod konstitutsiyalarida mavjud bo'lgan huquq va erkinliklarning an'anaviy turlari mufassal belgilab qo'yilishidan dalolat beradi.
Sakkizinchi alohida xususiyat. Konstitutsiyaga muvofiq, Yaponiya parlament monarxiyasi hisoblanadi. Davlat hokimiyati to'laligicha Parlament oldida mas'ul Vazirlar Mahkamasi rahbari qo'lidadir. Konstitutsiyaga muvofiq, Imperator Konstitutsiya, qonunlar, hukumat farmonlari va shartnomalariga tuzatishlarni e'lon qiladi, Vakillar palatasini tarqatib yuboradi, umumxalq parlament saylovlarini e'lon qiladi. U, shuningdek qonunga muvofiq, davlat vazirlari va boshqa mansabdor shaxslarning tayinlanishi va lavozimlaridan ozod qilinishini, shuningdek elchilarning vakolatlari va ishonch yorliqlarini tasdiqlaydi. Imperatorning har qanday ish ko'rishlari mas'uliyat zimmasida bo'lgan Vazirlar Mahkamasining maslahati va ma'qullashi orqali bo'ladi (7-modda).
To'qqizinchi alohida xususiyat. Konstitutsiyada Parlamentning ijroiya hokimiyatdan ustunligi printsipini tan olishdan kelib chiqadigan hokimiyatlar tasdiqlanishi misolida anglasakson modelining ta'siri ko'zga tashlanadi. Yaponiyaning siyosiy tizimi qonunchilik, ijroiya va sud hokimiyatlarining taqsimlanishi, shuningdek parlament demokratiyasi printsipiga asoslangan. Hokimiyatning taqsimlanishi printsipining xalq suvereniteti, fuqarolarning asosiy huquqlari va erkinliklarining tan olinishi, shuningdek mahalliy o'zini o'zi boshqarish asoslarining kafolatlanishi Yaponiya konstitutsiyaviy tizimining demokratik asoslarini o'rnatadi.
O'ninchi asosiy xususiyat. Davlat hokimiyati mahalliy organlarining va ular hududida yashaydigan shaxslarning muxtoriyati printsipi asosida davlat hokimiyatining mahalliy organlariga markaziy organlarning vakolatlaridan, jumladan ma'muriy masalalarga taalluqli vakolatlardan alohida mustaqil vakolatlar taqdim etilgan (92-95-moddalar). Meydzi Konstitutsiyasida mahalliy o'zini o'zi boshqarish normalari mavjud bo'lmagan (davomi bor).
Akmal Saidov,
akademik
- Qo'shildi: 15.12.2019
- Ko'rishlar: 7950
- Chop etish