Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 oktyabr kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahriga tashrif buyurdi.
Bu shaharning asosi va drayveri – Olmaliq kon-metallurgiya kombinati. Iqtisodiyot, ish o‘rinlari, uy-joylar, madaniyat va ta’lim maskanlari ushbu majmua negizida shakllangan.
Bugun izchil o‘sish, zamon bilan ildamlash kerak. Davlatimiz rahbari har bir sohani ilmga asoslanib rivojlantirish talabini qo‘yadi.
Olmaliqda ham kadrlar tayyorlash shu yo‘sinda yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, shaharda Toshkent davlat texnika universitetining hamda Moskva po‘lat va qotishmalar institutining filiallari ochilgan. Yaqinda bularga qo‘shimcha Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Muhandislik maktabi tashkil etildi.
Prezident avvalo mazkur maktab faoliyati bilan tanishdi.
Bu yerda Germaniya tajribasi asosida yiliga 480 nafar muhandis tayyorlanadi hamda ming nafar xodimning malakasi oshiriladi. Dars jarayonlari yo‘nalish va mavzulardan kelib chiqib, xorijlik professor-o‘qituvchilar ishtirokida olib boriladi.
O‘quv dasturi Germaniyaning Frayberg konchilik akademiyasi, “GP Günter Papenburg AG” va “Aurubis AG” kompaniyalarining ilg‘or ta’lim metodologiyalari asosida ishlab chiqilgan. Maktab shunga muvofiq, mexanika, metallurgiya, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, foydali qazilmalarni boyitish, energetika yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy o‘quv-amaliyot uskunalari bilan jihozlangan.
Davlatimiz rahbari mazkur xonalarda bo‘lib, ish o‘rganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.
– Zamon o‘zgarayapti, har bir sohaga innovatsiyalar kirib kelayapti. Shunga munosib malakali kadr bo‘lish uchun doim o‘z ustingizda ishlashingiz kerak. Kombinat taqdiri – raqamlashtirishda. Har bir bo‘limni, ishlab chiqarishning har bir bosqichini raqamlashtirish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasi qurilmoqda. Kelgusida unda ishlaydigan mutaxassislar hozirdan tayyorlanmoqda.
Qisqa vaqtda bu yerda 100 dan ortiq yoshlar o‘qib, tarmoq korxonalariga ishga joylashgan.
Prezidentimiz maktabning samaradorligini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun o‘quvlar muntazam tashkil etilishi, eng muhimi, amaliyot bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi kerak.
Shu yil 20 iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda birinchi bosqichda 10 ta oliy muhandislik maktabi tashkil etilishi belgilangandi. Bugungi kunda shunday maktablar tashkil etilmoqda. “Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjirini mustahkamlash maqsadida har birining sanoat hamkori belgilanadi.
Muhandislik maktablari oliy ta’lim muassasalari tarkibida yetakchi yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etiladi. Ularda matematika, fizika, kimyo, muhandislik grafikasi, informatika va xorijiy tillar bo‘yicha chuqur bilim beriladi. Bakalavriat va magistratura 4+1 shaklida yo‘lga qo‘yiladi. Talabalar ikkinchi kursdan ixtisosliklar bo‘yicha saralab olinib, sanoat hamkorlari uchun maqsadli kadrlar tayyorlanadi.
Mazkur maktablarning professor-o‘qituvchilari “El-yurt umidi” jamg‘armasi, tegishli hamkor va universitet mablag‘lari hisobidan yetakchi xorijiy muassasalarga malaka oshirishga yuboriladi. Sanoat hamkorlari soha taraqqiyotidan kelib chiqib, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etadi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliqdagi “Yoshlik-1” koni hamda uning negizida qurilayotgan 3-mis boyitish fabrikasini ko‘zdan kechirdi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rangli, nodir va qimmatbaho metallar qazib chiqarishda yetakchi. Mamlakatimiz yalpi sanoat mahsulotining 5 foizi, sanoat mahsulotlari eksportining 6 foizi uning hissasiga to‘g‘ri keladi. Kombinat tizimida 35 mingga yaqin kishi ishlaydi.
O‘tgan yili 148 ming tonna mis, 17 tonnadan ziyod oltin, 162 tonna kumush ishlab chiqarilgan. 1 milliard 100 million dollar investitsiya o‘zlashtirilib, 662 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.
Keyingi yillarda geologik qidiruvlar va investitsiyalar miqdori oshgani natijasida ishlab chiqarishning yangi imkoniyatlari topilmoqda. Shulardan biri – “Yoshlik-1” koni. Bu yerda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 martdagi qaroriga muvofiq istiqbolli investitsiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda.
Kon hududi 11 ming gektar. Zaxirasi ham salmoqli – yiliga 65 million tonna ma’dan. Bu konda oltin, mis, kumush, molibden, selen kabi 13 turdagi qimmatli va nodir metallar bor.
Davlatimiz rahbari mazkur konda bo‘lib, qazish ishlarini ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar bilan muloqot qildi.
“Yoshlik-1” koni ma’danlaridan yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi barpo etilmoqda. Uning qurilishiga 2021 yil 29 iyulda tamal toshi qo‘yilgan edi.
Bu yirik loyihaning qiymati 4,6 milliard dollar bo‘lib, konni qazish, fabrika va uning infratuzilmasini qurishni o‘z ichiga oladi. Hozirgi kunda 200 million kub metr kon yuzasi ochilgan, 41 kilometr temir yo‘l yotqizilgan, 650 megavattli podstansiya qo‘yilgan. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Rossiya va boshqa Yevropa davlatlaridan uskunalar keltirilgan. Fabrika va boshqa infratuzilmalar qurilishi jadal ketmoqda.
Prezidentimiz bu yerdagi ulkan bunyodkorlik ishlari bilan atroflicha tanishdi. Bo‘lajak zavodning iqtisodiy samaradorligi, unda qo‘llaniladigan ilg‘or texnologiyalar, ish jarayonidagi qulayliklar haqida axborot berildi.
Mazkur fabrika birinchi bosqichda yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. Bu orqali yilliga 917 ming tonna mis va 2,5 ming tonna molibden konsentratlari ishlab chiqariladi. 5 ming 600 kishining bandligi ta’minlanadi.
Bu yirik loyiha turdosh sanoat tarmoqlarining rivojlanishiga ham turtki berdi. Masalan, fabrika qurilishiga metall konstruksiyalar yetkazib berish uchun 6 ta zavod ishga tushirildi. Muhandislik, dasturiy ta’minot va kasb-hunar ta’limi yangi darajaga chiqmoqda. Yangi turar joylar va xizmatlarga talab paydo bo‘lmoqda.
Fabrikada logistika jarayoni ham qulaylashtiriladi. Uning barcha korpuslari orasida konveyerlar bo‘ladi. Bu yuk ortish va tashishni bartaraf etib, xarajatlarni qisqartiradi.
Ikkinchi bosqichda quvvat 160 million tonnaga yetadi yoki bugungi ko‘rsatkichdan 3 barobarga ko‘payadi. Ushbu ikki bosqich amalga oshirilishi natijasida korxona 2028 yilga borib yiliga 400 ming tonna mis, 50 tonna oltin va 270 tonna kumush ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Shu tariqa Olmaliq kombinati tog‘-kon metallurgiyasi sohasida dunyodagi eng yirik sanoat majmualaridan biriga aylanadi.
Xalqaro baholash mezonlariga ko‘ra, Olmaliqda misning yalpi zaxirasi 45 million tonnani, oltin zaxirasi esa 5 ming tonnadan ziyodni tashkil etishi aniqlangan. Bu dunyo miqyosida ham eng yirik va noyob ko‘rsatkichlardir.
Yana bir muhim tomoni, bugun dunyoda “yashil iqtisodiyot”, elektr texnikasi, elektromobillar sanoati jadal rivojlanmoqda. Buning natijasida 2030 yilga borib mis mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj 40 foizga ortishi kutilmoqda.
Ya’ni, Olmaliq kombinati mahsulotlariga talab uzoq yillar davomida xalqaro darajada bo‘ladi. Kelgusida kombinat ishlab chiqaradigan mahsulotlar hajmi 3 martadan ziyod ko‘payib, uning qiymati qariyb 8 milliard dollarga yetadi. 11 mingta yangi, yuqori texnologik ish o‘rinlari yaratiladi.
Davlatimiz rahbari “Enter Steel” mexanika ta’mirlash korxonasi ustaxonalarida ham bo‘lib, yangi uskunalar va ish jarayoni bilan tanishdi.
Bugun 350 kishi mehnat qilayotgan bu korxona tomonidan yengil va og‘ir sanoat, xususan, tog‘-kon, gaz-kimyo yo‘nalishidagi ishlab chiqarish ob’ektlariga asbob-uskuna, ehtiyot qismlar yetkazib beriladi. Ishlab chiqarilayotgan balka, ustun, estakada, elektr toki uzatish tayanchlari, suv minoralari, yoritish ustunlari, GSM antenna machtalari kabi metallkonstruksiya mahsulotlari, yuqori bosimga chidamli rezervuarlar, burg‘ilash uskunalari, elektr qutilarga talab yuqori.
Bu yerga Xitoy, Italiya, Germaniya kabi davlatlardan eng zamonaviy uskunalar keltirilgani mahsulotlar sifati va ish unumdorligi yuqori bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda mazkur korxona 3-mis boyitish fabrikasi uchun ham zarur bo‘lgan uskunalarga ehtiyot qismlar yetkazib bermoqda.
Davlatimiz rahbari zavoddagi ishlab chiqarish jarayoni va tayyorlanayotgan mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Ishchi-xodimlar bilan muloqot qildi. Sanoat rivojlanayotgan hududlarda bu kabi loyihalarni rag‘batlantirish muhimligi ta’kidlandi.
So‘ng Olmaliq shahrida Toshkent viloyati rivojining hozirgi holati va kelgusi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev hududdagi iqtisodiy-ijtimoiy natijalarni atroflicha tahlil qilib, qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.
So‘nggi yetti yilda Toshkent viloyatida ham katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Hudud iqtisodiyoti 1,5 barobarga o‘sib, o‘tgan yili 119 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratildi, tadbirkorlar 16 mingtaga ko‘payib, 170 ming doimiy ish o‘rni ochildi. 6 milliard dollarlik 826 ta yangi sanoat korxonasi ishga tushdi, 5 milliard dollarlik eksport bo‘ldi. Bularning natijasida o‘tgan to‘rt yilda 70 ming, bu yilning o‘zida 19 ming oila kambag‘allikdan chiqarildi.
Toshkent viloyati tuman va shaharlar soni bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinda turadi. Hududdagi davlat idoralarida salkam 10 ming xodim ishlaydi. 1 ming 25 ta mahallada 6 ming 123 nafar “mahalla yettiligi” bor. Bu ichki imkoniyatlarni ishga solib, shaharu qishloqlarni rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish uchun yetarli kuch ekani ta’kidlandi.
Shunday manzilli o‘rganishlar natijasida qo‘shimcha 13 milliard dollar investitsiya, 500 ming ish o‘rni, byudjetga 3,5 trillion so‘m tushum qilish imkoniyatlari aniqlangan. Bu imkoniyatlarni natijaga aylantirish uchun 22 ta tuman-shaharning har biri bo‘yicha hukumatning alohida qarorlari chiqishi aytildi.
Viloyatda tadbirkorlik qilishga ishtiyoq kundan-kun oshayapti. Poytaxtdagi korxonalar ham infratuzilma yaqinligi, yer, mulk solig‘i, ishchi kuchi arzonligi uchun Toshkent viloyatidan joy qidirayapti. Shu bois Toshkent, Qibray, Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq tumanlari, Chirchiq va Nurafshon shaharlari poytaxt tumanlari bilan hamohang rivojlanishi kerakligi ta’kidlandi.
Masalan, Toshkent tumanida 97 gektarda industrial texnopark tashkil qilinadi. Unda tadbirkorlar va banklar ishtirokida 350 million dollarlik yuqori qo‘shilgan qiymatli loyihalar joylashtiriladi. Shuningdek, tumanda ko‘p qavatli uylar, yangi sanatoriylar, sport va ko‘ngilochar maskanlar qurish imkoniyati bor.
Angren, Olmaliq, Ohangaron shaharlari, Piskent va Ohangaron tumanlarining viloyat sanoatidagi ulushi 50 foizni tashkil qiladi. Ular yonma-yon joylashgan bo‘lib, xomashyo zaxirasiga juda boy. Shu bois bu shahar va tumanlarda ishlab chiqarishni kooperatsiya va klaster asosida tashkil etish uchun mutlaqo yangi tizim – “sanoat uchburchagi” dasturi amalga oshirilishi aytildi.
Ushbu hududda 1 ming 100 ta korxona ishlayapti. Yangi loyihalar hisobiga 2-3 yilda ular 1,5 mingga yetadi. Bu kooperatsiya natijasida transport xarajati ham, tannarxi ham kamayadi.
Masalan, Olmaliq kombinati yiliga 9 trillion so‘mlik mahsulot xarid qilayapti. Bu – atrofda joylashgan 5 ta shahar va tuman uchun katta imkoniyat ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Umuman, yil yakunigacha xorijiy investitsiyalar hajmini 2 milliard dollarga va eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish, 661 ta loyihani yakunlab, 30 ming yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi qayd etildi.
Mashinasozlik sohasidagi talabni to‘liq tahlil qilib, mahalliylashtirishni kengaytirish hamda yirik korxonalar bilan kooperatsiyasini kuchaytirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Toshkent viloyatida yer va suv mo‘l. Lekin 1 gektardan o‘rtacha daromad boshqa viloyatlarga nisbatan kam. So‘nggi uch yilda viloyatdagi 21 ming gektar yer dehqonchilik uchun 57 ming aholiga berilgan.
Meva-sabzavot eksporti ham o‘tgan yilgicha bo‘lmagan. 2 ming 200 gektar samarasiz bog‘ va tokzor hisobiga yiliga 10 million dollar eksport yo‘qotilayapti. Suv tejovchi texnologiya bo‘yicha Toshkent viloyati eng oxirgi o‘rinlarda.
Shu kabi kamchiliklar sababli viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari vazifasidan ozod etildi.
Bog‘dorchilik bo‘yicha yangi tizim asosida Ohangaron va Bo‘stonliqdagi tog‘oldi yerlarda malina va golubika plantatsiyasi, Parkent va Ohangaronda uzum va gilos bog‘lari tashkil qilinishi aytildi. Angrenda anor sharbati ishlab chiqarish, Ohangaron tumanida olxo‘rini qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Bu yil ham Toshkent viloyatidagi oilalarga dehqonchilik va bog‘dorchilik uchun qo‘shimcha 5 ming gektar yer beriladi.
Umuman, viloyatni bog‘dorchilikda namunali hudud qilib, eksportni 300 million dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish masalalari ham tahlil qilindi.
Bugungi kunda Toshkent viloyatida 63 mingta kambag‘al oila qolgan bo‘lib, ularning 190 ming nafar a’zolari mehnatga layoqatli. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida kelasi yili viloyatda 116 ming aholini kambag‘allikdan olib chiqish rejalashtirilgan.
Lekin bu yetarli emas. Masalan, Toshkent viloyati kichik biznes orqali aholini ishli qilish bo‘yicha respublikada eng oxirgi o‘rinda. Viloyat sanoatining atigi 25 foizi kichik biznesga to‘g‘ri keladi. Shu bois tadbirkorlikni rivojlantirib, aholiga daromad manbai yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Buning uchun bir yil ichida “Sayxunobod” tajribasi asosida 27 ming, “Zarbdor” tajribasi asosida 8,5 ming, “Uychi” tajribasi asosida 39 ming, “G‘ijduvon” tajribasi asosida 10 ming kambag‘al aholini band qilish vazifasi belgilandi.
Kichik tadbirkorlik loyihalari uchun ajratiladigan 1 trillion so‘m imtiyozli kredit va 32 milliard so‘m subsidiyalar natijasida 30 ming aholi tadbirkorlikka jalb qilinadi.
Keyingi paytlarda Toshkent viloyatidan xorijga arzon ishlarga ketuvchilar 30 mingga kamaygan. Lekin hali 158 ming kishi chet elda mehnat qilayotgani qayd etildi.
Endi Migratsiya agentligi faoliyati takomillashtirilib, aholini xavfsiz va yuqori daromadli ish bilan ta’minlash bo‘yicha yangi yondashuvlar joriy etiladi. Chet elda mavsumiy ishlab qaytgan va yana ketish istagida bo‘lgan kishilarga yuqori daromadli kasblar o‘rgatiladi. Kasb-hunari borlar xorijiy tillarga o‘qitiladi.
Go‘zal tabiati, qulay infratuzilmasi bor Toshkent viloyatida turizm salohiyati yuqori. Lekin taklifga nisbatan talab ko‘p bo‘lgani sababli narxlar qimmat. Turizm maskanlarini ko‘paytirib, xizmatlar hajmini 2 karra oshirish, 10 million sayyohni jalb qilish imkoniyati borligi qayd etildi. Mutasaddilarga kelgusi yil uchun 1,5 milliard dollarlik loyihalarni shakllantirish topshirildi.
Yig‘ilishda qish mavsumiga tayyorgarlik, energiya iste’moli masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Yirik korxonalarda energiya sarfi yuqori uskunalarni tejamkoriga almashtirish, mahallalarni issiqlik bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Toshkent viloyati, shahar va tuman hokimlari, tarmoq rahbarlari yig‘ilishdan xulosalari va kelgusi rejalari yuzasidan axborot berdi. Davlatimiz rahbari aholi vakillari bilan samimiy muloqot qildi.
Shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faoliyati va yangi investitsiya loyihalari bilan ham tanishdi.
Iqtisodiy islohotlar barcha tarmoqlarda o‘z natijasini ko‘rsatmoqda. So‘nggi olti yilda Olmaliq kombinatida sanoat mahsuloti 1,8 baravar, mahalliylashtirish 7,7 baravar, investitsiya 13 baravar oshgan. “Raqamli OKMK – 2030” strategiyasi doirasida 70 dan ortiq loyihalar amalga oshirilgan.
Ayni paytda yangi majmualar qurilib, mavjud quvvatlar oshirilayotir. Kombinatning 75 yillik tarixi davomida 2 ta fabrika barpo etilgan bo‘lsa, endilikda yangi quvvatlarni barpo etish jarayoni tezlashdi. 2021 yilda “Yoshlik-1” koni negizida 3-mis boyitish fabrikasi qurilishi boshlangan edi. Endi bu loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida 4-mis boyitish fabrikasi hayotga ko‘chmoqda.
Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, ushbu yangi zavod qurilishini boshlab berdi.
Qiymati 5,3 milliard dollarlik bu loyiha orqali yiliga 146 ming tonna katodli mis, 13 tonna oltin va 73 tonna kumush olish quvvatlari yaratiladi. Yillik ishlab chiqarish hajmi 1,9 milliard dollarga yetadi. Fabrika va uning infratuzilmalarida 3 mingdan ortiq kishi ishlaydi.
Loyihaga Italiyaning “Wood” hamda Buyuk Britaniyaning “Worley Parsons” kompaniyalari jalb qilingan. Ishlab chiqarishda yuqori texnologik, ekologik xavfsiz va tejamkor texnologiyalar qo‘llanishi belgilangan.
Aytish joizki, hozirgi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 5-mis boyitish fabrikasi ham loyihalashtirilmoqda.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 16.10.2024
- Ko'rishlar: 637
- Chop etish