Mamlakatimizda bugun har bir soha rivojida ulkan o'zgarishlar, yangilanishlar kuzatilmoqda. Qaysi bir yo'nalishni olmang, albatta, zamonaviylik sari qadam qo'yilmoqda.
Muhimi, xalq manfaati va ularning farovonligini ta'minlash ekan, albatta, barchamiz bunga aniq maqsad sari intilmog'imiz lozim. Ayniqsa, jadal rivojlanayotgan mamlakatimizda berilayotgan imkoniyatlarga e'tibor bilan qarab, undan samarali foydalanish fuqarolik burchimizdir.
Keng ko'lamli islohotlar markazida, shubhasiz, yoshlarning o'rni juda katta. Ularning salomatligini mustahkamlash, turli imtiyozlar asosida qo'llab-quvvatlash, imkoniyatlarni yanada kengaytirish, tadbirkorligini rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish, ta'lim tizimida ularning faolligini oshirish, bandligini ta'minlash, uyushmagan yoshlar sonini keskin kamaytirish, muhimi, ular orasida turli jinoyatchilikning oldini olishga e'tibor kuchaytirilgan.
Yoshlarning bugungi faolligini oshirishga e'tibor qaratilar ekan, 2021 yilning “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligi yili” deb e'lon qilingani ham tashabbuslar ko'lamini yanada kengaytirishga xizmat qilayotgani diqqatga molik.
Albatta, bugun yoshlarni qo'llab-quvvatlash dolzarb vazifalardan biri ekanidan kelib chiqib, islohotlarimizni kengaytirish va samaradorligini yanada oshirish masalalarida zamonaviy bilim, ko'nikmalarga ega bo'lgan g'ayratli, tashabbuskor, har tomonlama rivojlangan yoshlarni tarbiyalash ham muhim masalalardan hisoblanadi. Yil nomi bunday atalishining asosiy sababini Prezidentimiz o'z nutqida quyidagicha ifodaladi:
“Biz bunga juda ko'p tayyorgarlik ko'rdik. Muhit yana bir bor mahalliy Kengashlar, mahalliy rahbarlar yoshlarga e'tibor berishlari kerakligini ko'rsatdi. Ikkinchidan, agar bugun biz pandemiya davrida boshlangan aholi salomatligini yaxshilash ishlarini davom ettirmasak, bu masalalarni bugun hal qilmasak, ertaga kech bo'ladi. Biz, bizning odamlarimiz, pandemiya paytida, ayniqsa qishloqlarda, ushbu kamchiliklardan juda aziyat chekdik. Biz vahima qilmadik, lekin azob chekdik”.
Darhaqiqat, yoshlarning faolligini oshirish, ularning iqtidorini qo'llab-quvvatlash asosiy masala sifatida qaralar ekan, shubhasiz, har bir kelajak egasi bunga e'tibor bilan yondashib, o'z oldiga aniq maqsad qo'yishi darkor. Ularning intellektual va ijodiy salohiyatini mustahkamlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish borasida ulkan ishlar olib borilmoqda. Zero, zamonaviy bilim va ko'nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o'z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg'ayrat yoshlarni tarbiyalash bugunning eng muhim vazifalaridan biridir.
Ma'lumki, to'rt yil muqaddam O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan O'zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil qilindi hamda 30 iyun` sanasi mamlakatimizda “Yoshlar kuni” deb e'lon qilindi. Ayni shu kun yoshlarning qalbida g'urur va iftixor tuyg'usini yanada chuqurroq his etishida turtki berdi.
Shuningdek, davlat boshqaruvi sohasidagi yosh rahbar kadrlarning o'rnini belgilash, ularni tayyorlash va turli mas'uliyatli lavozimlarga tayinlash masalasiga alohida urg'u berildi. Bunday ulkan e'tibor bugun yoshlarning saviyasini, ularning intilishini yanada kuchaytirishi tabiiy.
Quvonarlisi, o'sib kelayotgan barkamol avlod intilishlarini munosib rag'batlantirish maqsadida «Mard o'g'lon» davlat mukofoti, “O'zbekiston Yoshlar ittifoqi» mukofoti, «O'zbekiston belgisi» ko'krak nishoni, innovatsion va kreativ g'oyalarini namoyon etib kelayotgan yoshlarimiz uchun «Respublika yosh olimlarining innovatsion loyihalari» grant tanlovi va shunga o'xshash ko'plab tanlovlar ta'sis etilgan. Shubhasiz, bunday keng miqyosli rag'bat yoshlar faoliyati sezilarli darajada o'cib borishiga xizmat qiladi.
Prezidentimiz tomonidan yoshlarga e'tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san'at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko'nikmalarini shakllantirish, yoshlar o'rtasida kitobxonlikni targ'ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga yangi tizim asosida yondashish bo'yicha 5 ta muhim tashabbus ilgari surildi. Bu yoshlar siyosati sohasidagi muhim yo'nalishlardan biridir.
Ushbu tashabbus orqali davlatimiz rahbari yoshlarimizni ma'naviy barkamol qilib tarbiyalash, ularni turli zararli va yot g'oyalar ta'siridan asrashga alohida e'tibor qaratish lozimligiga e'tiborni qaratdi. Bu kabi ezgu ishlar yoshlar siyosati sohasida yangicha mexanizmlar sirasiga kirib, ularni san'at, musiqa va sportga jalb qilish borasida katta tarbiyaviy ahamiyatga ega.
2021 yilning o'zgacha nomlanishi yoshlarga oid davlat siyosatini bosqichma-bosqich amalga oshirish va yanada faollishtirish yo'lida muhim qadam bo'lib xizmat qiladi. Ayniqsa, belgilangan har bir vazifa yoshlarning ish bilan ta'minlanishida, turli yo'nalishlarda o'z iqtidorlarini namoyon etishida, faol va tashabbuskor bo'lishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimiz aholisining 30 foizdan ortig'ini 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar tashkil etadi. Shubhasiz, 30 foiz yoshning dunyoqarashi turlicha, fikrlashi har xil, intilishlari o'zgacha. Shunday bo'lsa-da, ularning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazishni tashkil etish dolzarb masala hisoblanadi. Bu esa nafaqat bugun, balki har kun va har daqiqa o'rganiladi, nazoratda bo'ladi. Muhimi, o'z vaqtida yechilmay qolayotgan muammolar yechiladi. Yoshlar qanchalik ma'naviy barkamol bo'lsa, turli yot illatlarga qarshi immuniteti ham shuncha kuchli bo'ladi.
Nima sababdan davlatimiz rahbari aynan yoshlar masalasiga alohida urg'u bermoqda? Nimaga davlatimiz rahbari nufuzli xalqaro tashkilotlar minbarlaridan turib, jahon hamjamiyatini yosh avlod turli buzg'unchi g'oyalar va radikal guruhlarga qo'shilib ketishining oldini olishga chaqirmoqda. Asosiy e'tiborni ma'rifatga, yoshlarning ma'naviy va axloqiy tarbiyasiga qaratish lozimligini jonkuyarlik bilan ta'kidlamoqda?
Bularning barchasi bejiz emas, albatta. «Tarbiya qancha mukammal bo'lsa, xalq shuncha baxtli yashaydi», deydi donishmandlar. Yoshlar tarbiyasi mukammal bo'lishi uchun esa bu masalada bo'shliq paydo bo'lishiga mutlaqo yo'l qo'ymaslik lozim. Shuning uchun 2021 yilning o'ziga xos nomlanashi alohida ta'kid bilan aytildi.
Insoniyat tarixida har qanday salbiy holatlarning oldini olish, oila, maktab va ta'lim muassasalarida sog'lom muhitni shakllantirish masalalariga bugun barchamiz jiddiy yondashmog'imiz lozim.
Milliy va diniy qadriyatlarimizda farzand tarbiyasidagi nozik jihatlarga, ayniqsa, uni mehnatkash, mehr-oqibatli, irodali va mard insonlar bo'lib yetishishiga alohida e'tibor qaratiladi. Afsuski, yoshlar orasida yengil-yelpi hayot kechirishga moyil, e'tiqodi sust, irodasiz bolalar ham uchrab turadi.
Hozirda komp`yuter, internet klublari, televidenie kabi vositalardagi yengil-yelpi, mazmunan sayoz va turli zararli odatlarni targ'ib etuvchi fil`mlar, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta'sir qiluvchi vositalar ko'paygani hech birimizga sir emas. Shu ma'noda, atrofimizda sodir bo'layotgan hodisalarga xotirjamlik va loqaydlik bilan emas, balki hushyorlik bilan qarashimiz zarur.
Yurtboshimiz ta'kidlaganidek: “qaerdaki beparvolik va loqaydlik hukm sursa, eng dolzarb masalalar o'zibo'larchilikka tashlab qo'yilsa, o'sha yerda ma'naviyat eng ojiz va zaif nuqtaga aylanadi. Va aksincha – qaerda hushyorlik va jonkuyarlik, yuksak aql-idrok va tafakkur hukmron bo'lsa, o'sha yerda ma'naviyat qudratli kuchga aylanadi”. Ushbu fikrlar bizlarni yanada chuqurroq o'ylashga, mulohaza yuritishimizda, yon atrofga nazar solib, har qanday salbiy illatlarga qarshi kurashishimizda turtki bo'lishi lozim.
Ma'lumki, 2020 yil butun dunyoda pandemiya davri bo'ldi. Inson salomatligi barcha ne'matlardan aziz ekanligi yana bir marotaba o'z isbotini topdi. Mamlakatimizda kuchli karantin tartibi joriy etildi. Talablar, qator vazifalar belgilab qo'yildi. Albatta, biz “ko'rinmas dushman” bilan kurashib, o'zimiz va atrofdagilarimiz salomatligiga bo'lgan e'tiborni oshirdik. Mas'uliyatimizni ko'rsata bildik.
Ammo belgilab berilgan vazifalarga e'tiborsizlarcha yondashganlar ham bor edi. Shunday og'ir va murakkab davrda Yurtboshimiz xalqimiz turmush tashvishlariga e'tiborni yanada kuchaytirdi. Bunday e'tiborning davomiyligi 2021 yilning o'zgacha nomlanishida yana bir bor o'z aksini topdi. Shu nomdagi Davlat dasturi esa ham yoshlar masalasiga e'tiborni kuchaytirish, ham aholi salomatligini yaxshilash uchun qo'yilgan yana bir muhim qadam bo'ldi.
Respublikamizda sog'lom turmush tarzini shakllantirish, aholi salomatligini mustahkamlash, jismoniy sog'lom va ma'naviy boy, intelektual salohiyatli yosh avlodni tarbiyalash borasida yoshlarimizni sog'lom va baquvvat kamol toptirishga muhim vazifa biri sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, tizimda o'ziga xos yangilanishlar, innovatsion o'zgarishlar kuzatilmoqda.
Mamlakatimizda inson manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar jarayonida aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishga alohida e'tibor berilmoqda. Tegishli qonun va qarorlar, davlat dasturlari asosida sog'liqni saqlash muassasalari faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yuqori malakali kadrlar bilan ta'minlash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Asosiy maqsad aholining salomatligini mustahkamlash, ularning sog'lom turmush tarzi uchun mas'uliyatini oshirishdan iboratdir.
Mamlakatimiz rahbari tomonidan aholi salomatligiga qaratilayotgan e'tibor o'zining amaliy natijalarini ko'rsatmoqda. Albatta, yil nomining o'zgacha nomlanishi ham sohada mavjud muammolarning bartaraf etilishida zamin yaratadi. Shubhasiz, tibbiyotning birinchi bo'g'inidan tortib, ixtisoslashtirilgan markazlar faoliyatini to'g'ri tashkil etish borasida aniq yo'nalish va chora-tadbirlar belgilab berilgani ham tizimda xizmat ko'rsatish mexanizmini o'zgartirishda muhim mezon bo'lib xizmat qilar ekan, soha vakillari uchun ham imkoniyatlar va yuksalishlar sari e'tibor qaratildi.
Keksalarimiz duoga qo'l ochganida: “Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, tani-jonimiz sog' bo'lsin”, deydi. Binobarin, eng muhimi, aholining tinchligi va sog'lig'i ekan, tibbiyot xodimlari oldiga qo'yilayotgan talablar nihoyatda dolzarb. Ana shu dolzarblik ular uchun mas'uliyat hissini oshiradi. Talablarni ko'paytiradi. Talabga yarasha esa vazifalarning natijadorligi oshadi.
Bugun xalqimizning tibbiy madaniyati yuksalib bormoqda, yurtdoshlarimiz o'zlariga eng ilg'or tibbiy xizmatlar ko'rsatilishini istaydi. Shuning uchun yilning o'ziga xos nomlanashida katta ma'no mujassam. Zero, inson manfaatlari deganda, avvalo, uning salomatligi, zamonaviy tibbiy xizmatdan to'laqonli foydalanishi ko'z oldimizda gavdalanadi.
Lekin sohada kamchiliklar juda ko'p, bugun mavjud muammolarning yechimi topilmasa, ertaga kech bo'lishi tabiiy. Davlat rahbari har bir nutqida sog'lom turmush tarzini shakllantirishga e'tibor qaratish, tibbiyotda mavjud muammolarning oldini olishga hissa qo'shish, muhimi, kasallanganlar sonining tobora kamayib borishiga ko'maklashish zarurligini ta'kidlaydi. Har qanday holatda yangi tashabbuslar bilan chiqadi va muammolarga aniq yechimlarni talab qiladi.
Bugun mamlakatimizda yoshlar va tibbiyot masalalari har qachongidan ham dolzarbdir. Mamlakat rahbari tomonidan bu sohalarga qaratilyotgan e'tibor ham o'z natijalarini ko'rsatmoqda. Yoshlar rivoji uchun keng yo'llar ochilmoqda, tibbiyotda esa aniq vazifalar belgilanib, samaralar allaqachon bo'y ko'rsatmoqda.
Tibbiyotning aniq amaliy yechimlarini hal etish avvalo joylardagi oilaviy poliklinikalar orqali amalga oshiriladi. Bu bo'yicha tegishli tartibda olib borilayotgan vazifalar fuqarolarning salomatligini mustahkamlash, boshqa bir qator kasalliklarning oldi olinishiga xizmat qiladi.
Prezidentimiz yil nomiga alohida urg'u bilan e'tibor qaratar ekan, shubhasiz, sanitariya-epidemiologiya xizmati sifatini oshirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etishga 200 mln dollar yo'naltirilishi, keyingi yildan boshlab 15 yoshgacha bo'lgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatilishi, bu jarayon bilan 2021 yilda 11 mln nafar, 2022 yilda 17 mln nafar aholi qamrab olinishi va bu ishlarga 100 mlrd so'm mablag' yo'naltirilishini alohida ta'kidladi. Bu kabi ulkan maqsadlar jamiyat rivoji va kelajagi uchun muhim bosqichlardan hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, yoshlar tarbiyasiga barchamiz mas'ullikni his qilib, jamiyatimizga xos bo'lmagan illatlarga qarshi birgalikda kurashishimiz lozim. Yoshlar – har qanday jamiyatning ertasi. Ularning ongi uchun vayronkor hamda ma'rifatparvar g'oyalar o'rtasida kurash davom etaveradi. Ushbu g'oyaviy kurashda esa o'zining ezgu amaliy harakatlari bilan yoshlarning ishonchini oqlay olgan tomon g'olib bo'ladi.
Zero, barkamol avlod va yuksak axloqli vatanparvar yoshlar bugunimiz, ertamizning haqiqiy davomchilaridir. Muhimi, har tomonlama rivojlanib borayotgan mamlakatimizga munosib barkamol avlodlarni tarbiyalashimiz shart.
Sevara Ishmuratova,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali tahririyati mas'ul kotibi
- Qo'shildi: 26.02.2021
- Ko'rishlar: 6226
- Chop etish