2018 yil 18 aprelda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonunga muvofiq, «Ommaviy axborot vositalari to'g'risida»gi qonun 3 ta yangi modda bilan to'ldirilib, 11 ta moddaga o'zgartirish kiritildi.
Xususan, Internet jahon axborot tarmog'idagi veb-saytlar ham ommaviy axborot vositasi sifatida e'tirof etildi. Veb-saytlar to'g'risidagi norma ushbu Qonunda avval ham mavjud edi-ku, degan mulohaza paydo bo'lishi tabiiy.
Gap shundaki, avvalambor, Qonunning «Ommaviy axborot vositalari» deb nomlangan 4-moddasida berilgan ta'rifda ilgari qo'llanilgan «umumfoydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlaridagi veb-saytlar» jumlasi endilikda «Internet jahon axborot tarmog'idagi veb-saytlar» deb o'zgartirildi.
Qonunning 20-moddasi esa: «Internet jahon axborot tarmog'idagi veb-sayt ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan taqdirda veb-saytning domen nomi ko'rsatiladi, bunda ushbu modda birinchi qismining oltinchi va o'ninchi xatboshilarida nazarda tutilgan ma'lumotlarni taqdim etish talab qilinmaydi», degan mazmundagi to'rtinchi qism bilan to'ldirildi.
Shu bilan birga, 27-modda matniga quyidagi mazmundagi birinchi qism kiritildi. Ya'ni: «Axborot tashuvchi jismlarga yozilgan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog'iga joylashtirilgan, elektron texnik qurilmalar yordamida foydalanishga mo'ljallangan gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar va boshqa davriy bosma nashrlar davriy bosma nashrning elektron shaklidir».
Qonun 27(1)-modda bilan to'ldirilgan bo'lib, ushbu yangi modda «Internet jahon axborot tarmog'idagi veb-sayt tarzidagi ommaviy axborot vositasi» deya nomlanadi.
Unda «Internet jahon axborot tarmog'idagi veb-sayt tarzidagi ommaviy axborot vositasi Internet tarmog'idagi tahririy-noshirlik jihatidan ishlov berilgan, o'zgartirilmagan tarzda tarqatish uchun mo'ljallangan, elektron shakldagi hujjatlar va ma'lumotlarni o'z ichiga olgan axborot resursidir», degan ta'rif bayon etilgan.
Bundan tashqari, mazkur veb-saytlar bosh sahifalarida qayd etilishi shart bo'lgan ma'lumotlar sanab o'tilgan.
Shuni ham ta'kidlash joizki, XXI asr jamiyat hayotiga axborot asri sifatida kirib keldi. Zamonaviy axborot va aloqa texnologiyalarining ijtimoiy hayotimizda keng qo'llanilishi axborotning jamiyat rivojlanishiga ta'sir o'tkazuvchi asosiy omillardan biriga aylandi.
Hozirgi axborot, kommunikatsiya va komp`yuter texnologiyalari asrida, Internet kundan-kun hayotimizning barcha jabhalariga tobora chuqur va keng kirib borayotgan bir paytda, odamlarning ongi va tafakkuri uchun kurash hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgan bir vaziyatda qonunchiligimizdagi ushbu yangiliklarning ahamiyati, ayniqsa, dolzarb ekani shubhasiz.
Misol uchun, oxirgi yillarda mamlakatimizda katta auditoriyaga ega bo'lgan qariyb 290 ta xususiy va idoraviy Internet nashrlari tashkil etildi. Ular boshqa materiallar qatorida eng muhim rasmiy axborotlar, normativ-huquqiy hujjatlarni o'zbek, rus va ingliz tillarida tarqatmoqda.
G'ulom Mirzo
foto internet tarmog`idan olindi
- Qo'shildi: 14.12.2020
- Ko'rishlar: 3854
- Chop etish